Daryo

Ovozini eshitasiz, o‘zini ko‘rmaysiz: Afrikada yangi maymun turi aniqlandi

Tabiat himoyachilari uni ilk bor 2008-yilda ko‘rgan va xira suratga olgan. Oradan o‘n yil o‘tib, maymun yana ko‘zga tashlangach, xalqaro tadqiqotchilar uni o‘rganishga kirishgan.

2 daqiqa o‘qish7 188 ko‘rishlar0 izoh8

Kongo Demokratik Respublikasi (Kongo DR) o‘rmonlarida fanga noma’lum yangi maymun turi aniqlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Maymun Lomami milliy bog‘ining zich tropik o‘rmonlarida, daraxtlarning baland shox-shabbalari orasida yashiringan holda ko‘zga tashlangan. Mahalliy tabiat himoyachilari bu jonivorni ilk bor 2008-yilda uchratgan. Biroq o‘shanda ular maymunni faqat bir marta va xira suratga olishga muvaffaq bo‘lgan.

Oradan o‘n yil o‘tib, maymun yana bir bor ko‘zga tashlangach, xalqaro tadqiqotchilar guruhi uni izlash va o‘rganishga kirishdi. Natijada bu fanga ilgari noma’lum bo‘lgan mutlaqo yangi tur ekani aniqlandi. Ushbu kashfiyot so‘nggi 75 yil ichida Afrikada aniqlangan beshinchi maymun turi bo‘ldi.

Yangi turni aniqlashda Florida Atlantika universiteti doktoranti Junior Amboko yetakchilik qildi. Izlanishlar doirasida audioyozuvlar tahlil qilinib, fotosuratlar o‘rganildi va batafsil genetik tadqiqotlar olib borildi.

Ayrim mahalliy aholi vakillari bu maymunning borligini avvaldan bilgan va uni “Likveli” deb atagan. Ambokoning so‘zlariga ko‘ra, bu jonivorlar “ancha tortinchoq” bo‘lib, odatda daraxtlarning eng baland qismiga yashirinishni afzal ko‘radi.

“Qidiruvlarimiz doirasida biz hayvonlar yashaydigan hududga yaqin joylashgan 52 ta qishloq aholisi bilan suhbatlashdik. Faqat sakkizta qishloq aholisi maymunni ilgari ko‘rgan ekan”, dedi tadqiqotchi.

Kongo DR, AQSH va Germaniya olimlaridan tarkib topgan jamoa mamlakatdagi tabiiy xilma-xillikni e’tirof etgan holda, maymunga Colobus congoensis degan lotincha nom berdi. U kolobus maymunlarining yirik guruhiga kiradi.

“Bular bosh barmog‘i bo‘lmagan, haqiqatan ham muhim ahamiyatga ega Afrika maymunlaridir. Ular daraxt shox-shabbalarida yashovchi o‘txo‘r jonivorlar bo‘lib, ekotizimning o‘ta muhim qismidir. Bizning fikrimizcha, ular o‘rmonda urug‘larning tarqalishi va unib chiqishida katta rol o‘ynaydi”, deb tushuntirdi Florida Atlantika universiteti professori Keyt Detviler.

Professor Detvilerning taxminiga ko‘ra, ushbu maymunlarning yuzidagi g‘ayrioddiy va yorqin belgilar juftini o‘ziga jalb qilishi yoki bir-birlarini tanib olishiga xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, ular o‘ziga xos “bo‘kiruvchi” ovozi bilan ajralib turadi.

“Ularning ovozini tez-tez eshitasiz, ammo o‘zini deyarli ko‘rmaysiz”, deya qo‘shimcha qildi Amboko.

Olimlarning fikricha, bu jonivorlar juda kamyob bo‘lib, o‘rmonning faqat o‘zlariga kerakli ozuqa va yashash muhitini bera oladigan muayyan hududlaridagina hayot kechiradi. Hududda bunday maymunlar go‘shti uchun ovlanadi. Shu bois tadqiqotchilar Colobus congoensis alohida tur sifatida tasniflanganidan keyin uni rasman muhofaza ostiga olishni ko‘zlamoqda. Hozirda mutaxassislar maymunlar sonini aniqlash va ularning xulq-atvorini o‘rganish uchun yanada batafsilroq monitoring ishlarini rejalashtirmoqda.

Avvalroq Braziliyada qalam uchidek keladigan qurbaqa turi aniqlangandi. U yer yuzidagi eng kichik to‘rt oyoqli hayvonlar sirasiga kiritilgan. Shuningdek, Avstraliyada fanga noma’lum hasharot turi aniqlangan. 40 santimetr uzunlikka ega va og‘irligi golf koptogidek bo‘lgan bu hasharot Avstraliyada aniqlangan eng og‘ir hasharot sanalgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar