Saudiya Arabistonining sharqidagi Ras Tanura shahrida davlat neft kompaniyasi Saudi Aramco’ga tegishli vertolyot halokatga uchradi. Oqibatda bortdagi 14 kishining barchasi halok bo‘ldi. Bu haqda “TASS” mamlakat energetika vazirligiga tayanib xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, vertolyot 28-iyun, yakshanba kuni Ras Tanura hududida qulagan. Halok bo‘lganlarning barchasi Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lgan.
“Saudi Aramco kompaniyasiga tegishli vertolyot Ras Tanurada halokatga uchradi. Hodisa oqibatida bortdagi 14 kishining barchasi halok bo‘ldi”, deyiladi Energetika vazirligi bayonotida.
Qayd etilishicha, vakolatli idoralar aviahalokat sabablarini aniqlash bo‘yicha tergovni boshlagan.
Ras Tanura Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan muhim sanoat shahri hisoblanadi. Bu yerda Saudi Aramco kompaniyasining yirik neftni qayta ishlash majmuasi hamda dunyodagi eng yirik dengiz orqali neft yuklash terminali joylashgan.
Avvalroq Pokiston armiyasining harbiy vertolyoti mamlakat nazoratidagi Kashmir hududida halokatga uchragan edi. Halokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Vertolyot bortidagilarning hech biri omon qolmagandi.








