Daryo

Ruminiyada Moldova bilan birlashish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullandi

Prezident Mayya Sandu ikki davlatning birlashishi tarafdori hisoblanadi. Qonun loyihasi endilikda Senat tomonidan ma’qullanishi zarur.

1 daqiqa o‘qish6 779 ko‘rishlar2 izoh7

Ruminiyani Moldova bilan birlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik tashabbusi Ruminiya Deputatlar palatasida ma’qullandi. Bu haqda “Yevropeyskaya pravda” xabar berdi.

Hujjatni ko‘rib chiqish muddati o‘tgani sababli jarayon ovoz berishsiz amalga oshirilgan. “S.O.S. Romania” partiyasi tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus palataga 14-aprel kuni kiritilgan edi. Amaldagi tartibga ko‘ra, 45 kunlik muddat tugagach, loyiha avtomatik ravishda ma’qullangan hisoblanadi.

Endilikda Moldova bilan birlashish loyihasi yakuniy qaror qabul qilinishi uchun Ruminiya Senatiga yuboriladi. Agar u yerda ham ma’qullansa, hujjat Ruminiya hukumatiga ikki davlatni birlashtirish bo‘yicha Moldova rasmiylari bilan zudlik bilan muzokaralar boshlash vakolatini beradi.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi Ruminiya hukumati, shuningdek, Deputatlar palatasining Yuridik qo‘mitasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan salbiy xulosa olgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning yanvar oyida Moldova prezidenti Mayya Sandu mamlakatining Ruminiyaga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Iyun oyi boshida esa Moldova tashqi ishlar vaziri va bosh vazir o‘rinbosari Mixay Popshoy ham mamlakatni Ruminiya bilan birlashtirish tarafdori ekanini aytdi. Aprel oyida u mamlakat 2027-yil 8-aprelda MDH tarkibidan rasman chiqishini ham ta’kidladi.

Ukraina bilan ham chegaradosh bo‘lgan Moldova ikki jahon urushi oralig‘idagi davrda Ruminiya tarkibida bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida Sovet Ittifoqi tomonidan anneksiya qilingan va 1940-yildan Ittifoq respublikasiga aylantirilgan. Mamlakat 1991-yilda, SSSR parchalanishi ortidan o‘z mustaqilligiga erishgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar