Daryo

“Isroil AQSH talab qilsa ham, Livandan chiqib ketmaydi” — Kats

Vashingtonda Livan bilan qo‘shinlarni olib chiqish bo‘yicha muzokaralar ketayotgan bir paytda, Tel Aviv bosib olingan hududlardagi harbiy nazoratni saqlab qolishini bildirdi.

2 daqiqa o‘qish5 224 ko‘rishlar0 izoh1

Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats 24-iyun kuni bayonot berib, AQSH hukumatidan chiqib ketish haqida talab bo‘lgan taqdirda ham, Isroil armiyasi Livan janubidagi bosib olingan hududlarni tark etmasligini aytdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

“Isroil Livandagi xavfsizlik zonasini tashlab chiqmaydi, hattoki AQSH chekinishni talab qilsa ham”, dedi Kats Tel Avivdagi tadbirda.

Hozircha Vashington bu bayonotga munosabat bildirmadi. AQSH va Eron o‘rtasida yaqinda o‘zaro anglashuvga erishilgan edi. Unda Livanning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatlari ko‘zda tutilgan. Shunga qaramay, Isroil yuqori martabali rasmiylari Livandagi bosib olingan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishni talab qilmoqda.

Shu hafta boshida bosh vazir Binyamin Netanyaxu, mudofaa vaziri Kats va Isroil bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir ham Livandagi “xavfsizlik zonasi” ustidan nazoratni saqlab qolishga va’da bergan edi.

Livandagi vaziyat va yo‘qotishlar

Isroil Livan janubida bir qancha hududlarni bosib olgan. Ularning ayrimlari o‘n yillardan beri, qolganlari esa 2023—2024-yillardagi urush paytida egallangan. Hozirgi harbiy kampaniya davomida Isroil kuchlari Livan hududiga 10 kilometrdan ko‘proq ichkariga kirib bordi.

Livan rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2-martdan buyon Isroilning Livandagi hujumlari oqibatida 4192 kishi halok bo‘ldi, 12 171 kishi yaralandi. Shuningdek, 1 milliondan ortiq aholi o‘z uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.

Aholining qaytishiga ruxsat berilmaydi

Kats, shuningdek, Isroil 200 mingga yaqin livanlikning Livandagi o‘z uylariga qaytishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Uning da’vo qilishicha, tinch aholining qaytishi Isroil askarlarini xavf ostiga qoʻyishi mumkin.

“O‘tmishda tinch aholi yashaydigan xavfsizlik zonalarida portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan va askarlarga hujumlar bo‘lgan. Endi askarlar ichkarida, aholi esa tashqarida qoladi, infratuzilmalar va uylar vayron qilingan. Biz chekinmaymiz”, dedi vazir.

Ikki davlatdagi okkupatsiya

Kats Isroil ham, Suriya ham Livan hududlarini egallab turishda davom etishini ta’kidladi. U xavfsizlik doktrinasiga tayanib Isroil jamoalarini himoya qilish uchun askarlar dushman hududida bo‘lishi shartligini iddao qildi.

Bu bayonotlar Livan va Isroil delegatsiyalari 23-iyundan 25-iyungacha Vashingtonda muzokaralarning beshinchi raundini o‘tkazayotgan bir paytda yangradi. Isroil ommaviy axborot vositalarining yozishicha, uchrashuvda Isroil qo‘shinlari chiqib ketishi va ularning o‘rnini Livan armiyasi egallashi mumkin bo‘lgan hududlar muhokama qilinmoqda.

Isroil Livandan tashqari Falastin yerlarini va Suriya ichidagi hududlarni ham bosib olishda davom etmoqda. Shu bilan birga, mamlakat xalqaro hamjamiyatning qo‘shinlarni olib chiqib ketish va BMT rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tuzish haqidagi chaqiriqlarini rad etib kelmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar