Daryo

Janubiy Koreya Ukrainaga asir tushgan KXDR askarlarini qabul qilmoqchi

Mamlakat Rossiya tomonida urushda qatnashib, asirga olingan harbiylarni o‘z xohishiga qarshi ravishda Moskva yoki Pxenyanga qaytarilishiga e’tiroz bildirdi.

1 daqiqa o‘qish8 882 ko‘rishlar0 izoh9

Janubiy Koreya, agar o‘zlari xohlasa, Rossiya tomonida urishgan barcha shimoliy koreyalik harbiy asirlarni qabul qilishga tayyor. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga tayanib “Ukrainskaya pravda” xabar berdi.

Ukraina va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari 30-iyun kuni Seul shahrida muzokaralar o‘tkazadi. Unda Rossiya tomonida turib urishgan shimoliy koreyalik harbiy asirlar masalasi muhokama qilinadi. Reuters agentligining Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, rasmiy Seul asirlarni majburan qaytarishga qarshi.

“Janubiy Koreya shimoliy koreyalik harbiy asirlarning o‘z xohishiga qarshi ravishda Rossiya yoki Shimoliy Koreyaga qaytarilishiga qat’iyan qarshilik ko‘rsatadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Li Chje Von avvalroq ushbu holatning huquqiy tomonini tushuntirgan edi. Unga ko‘ra, Janubiy Koreya konstitutsiyasida butun Koreya yarimoroli mamlakat hududi deb belgilangan. Bu esa yarimorolning barcha aholisi qonunan Janubiy Koreya fuqarosi sifatida tan olinishini anglatadi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yilning dekabr oyida Ukrainada asirga olingan ikki nafar shimoliy koreyalik askar xat yozgan. Ular Rossiya tomonida turib urishgan va o‘z maktubida Janubiy Koreyaga ketish istagini bildirgan edi.

Janubiy Koreya KXDR bilan chegaradagi xavfsizlik rejimini yumshatadi

Janubiy Koreya milliy mudofaa vaziri An Gyu Bak mamlakat hukumati KXDR bilan chegaradosh hududlarda yashovchi aholi uchun cheklovlarni yumshatishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Seul hozirda fuqarolar kirishi cheklangan hududlar maydonini qisqartirmoqchi. KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi Harbiy demarkatsiya chizig‘idan taxminan 10 kilometr janubda joylashgan nazorat qilinuvchi hudud liniyasi o‘rtacha 6 kilometr shimolga surilishi rejalashtirilgan. Natijada fuqarolar tashrifi uchun qariyb 270 kilometr kvadrat hudud ochiladi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi unga tutash qo‘riqlanadigan hududning yana, taxminan, 450 kilometr kvadrat qismida cheklovlarni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu esa mazkur hududlarda xususiy qurilishga ruxsat berish imkoniyatini taqdim etadi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar