Daryo

Putin va Lukashenko karikaturalarini chizgan rossiyalik rassom Polshada otib ketildi

Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, u shahardagi turar joy majmualaridan biridagi avtoturargohda otib o‘ldirilgan. Qotil rassomga yaqin masofadan bir necha marta o‘q uzgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.

1 daqiqa o‘qish11 660 ko‘rishlar0 izoh4

Rossiyalik rassom va aksionist Semyon Skrepetskiy Polshaning Biała Podlaska shahrida otib o‘ldirildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Skrepetskiyning do‘sti Astra nashriga rassomning Polshada o‘ldirilganini tasdiqlagan. Politsiya marhumning shaxsini rasman oshkor qilmagan, biroq qurbon 44 yoshli Rossiya fuqarosi ekanini ma’lum qilgan.

Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, u shahardagi turar joy majmualaridan biridagi avtoturargohda otib ketilgan. Qotil rassomga yaqin masofadan bir necha marta o‘q uzgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.

Qotillikdan so‘ng politsiya shahar ko‘chalari va chiqish yo‘llarini yopgan, shuningdek, marhumning farzandlari bo‘lishi mumkinligi sababli maktab va bolalar bog‘chalarini qo‘riqlashga olgan.

Qotillikni ikki kishi sodir etgan bo‘lishi mumkin. Gumondorlardan biri Belarus konsulligi yaqinida qo‘lga olingan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u Belarus fuqarosi hisoblanadi.

Qotillarni voqea joyiga Belarusdan bo‘lgan taksi haydovchisi olib kelgan. Unga to‘pponcha bilan tahdid qilingach, haydovchi qo‘rqib ketgan va Belarus konsulligi hududiga qochishga uringan.

Semyon Skrepetskiy (haqiqiy ismi — Robert Kuzovkov) Rossiyaning Oltoy o‘lkasida tug‘ilgan bo‘lib, siyosiy karikaturalari bilan tanilgan edi. U Vladimir Putin, Aleksandr Lukashenko, Ramzan Qodirov va Aleksey Navalniyning kinoyali portretlarini chizgan.

Shuningdek, u Ukraina hukumatini ham tanqid qilgan va shu sababli Ukrainaning “Mirotvorets” bazasiga kiritilgan. Semyon Skrepetskiy 2021-yildan buyon Polshada yashab kelayotgandi.

Rassomning so‘nggi aksiyalaridan biri 12-iyun kuni bo‘lib o‘tgan. Rossiya kuni munosabati bilan u Berlinga borib, Iosif Stalin va Vladimir Putin tasvirlangan ikona uslubidagi karikatura bilan piket o‘tkazgan.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar