Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rus tilini ozchilik tili sifatida himoya qilinadigan tillar ro‘yxatidan chiqarib tashlash to‘g‘risida yangi qonun imzoladi. Unga ko‘ra, rus tili Ukraina hududiy yoki ozchilik tillari bo‘yicha Yevropa xartiyasi qoidalarini qo‘llaydigan tillar ro‘yxatidan olib tashlandi. Bu haqda Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchukka tayanib, Meduza xabar berdi.
Yevropada davlatlar ichidagi kam sonli millat va elatlarning tillarini himoya qiladigan maxsus xalqaro hujjat (qoida) bor. Ukraina ilgari bu qoidaga rus tilini ham kiritgan edi (ya’ni rus tilini himoya qilishni o‘z bo‘yniga olgandi). Zelenskiy imzolagan yangi qonun bilan rus tili ana shu himoya qilinadigan tillar ro‘yxatidan olib tashlandi. Endi Ukraina davlati rus tilini himoya qilish majburiyatidan voz kechdi.
Stefanchuk buni “Ukraina til makonini himoya qilish” va Kiyevning “Yevropa oldidagi majburiyatlarini” bajarishi yo‘lidagi muhim qaror deb atadi.
“Agressor davlatning tili tub joy xalqlari va milliy jamoalar tillarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan himoya mexanizmlaridan foydalana olmaydi”, dedi u.
“Yevropeyskaya pravda” nashrining tushuntirishicha, Tillarni himoya qilish bo‘yicha Yevropa xartiyasiga qo‘shilgan davlatlar uni ratifikatsiya qilish (tasdiqlash) paytida tillar ro‘yxatini o‘zlari belgilashi kerak edi. Dastlab Ukraina ushbu ro‘yxatga rus tilini ham kiritgan edi.
2024-yilning dekabr oyida Oliy Radaga xartiya tarjimasiga aniqlik kiritish va ro‘yxatga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritilgandi. Bu qonun bir yildan so‘ng qabul qilindi. Yangi qonunga asosan, ro‘yxatdan rus tili hamda moldovan tili chiqarib tashlandi.
Bundan oldin Ukraina prezidenti Roman Abramovichdan “Chelsi” sotuvidan tushgan mablag‘ni so‘ragani haqida xabar berilgandi.








