Daryo

Rossiyani tark etgan fuqarolar mol-mulkidan ayrilishi mumkin: Putin yangi qonunni imzoladi

Yangi qonunga ko‘ra, xorijiy agentlar faoliyati qoidalarini buzish, armiyani obro‘sizlantirish, feyk axborotlar tarqatish yoki Sovet Ittifoqi va fashistlar Germaniyasi rahbariyati harakatlarini tenglashtirish kabi huquqbuzarliklarda ayblangan shaxslarning mol-mulki sud qarorisiz ham musodara qilinishi mumkin.

1 daqiqa o‘qish5 081 ko‘rishlar0 izoh4

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatni tark etgan fuqarolarning mol-mulkini musodara qilish imkonini beruvchi qonunni imzoladi. Hujjat 10-iyun kuni rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

Qonunga ko‘ra, Rossiya manfaatlariga qarshi qaratilgan deb baholangan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlikka tortilayotgan shaxslarning mol-mulkiga taqiq qo‘yilishi mumkin. Yangi tartib 2026-yil 1-sentyabrdan kuchga kiradi.

Gap Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning o‘ndan ortiq moddasi haqida ketmoqda. Ular orasida xorijiy agent faoliyati qoidalarini buzish, ekstremistik materiallarni tayyorlash va tarqatish, feyk axborotlar yoyish, nomaqbul tashkilotlar faoliyatida qatnashish, Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish, shuningdek, Sovet Ittifoqi rahbariyati harakatlarini fashistlar Germaniyasi bilan ommaviy ravishda tenglashtirish kabi bandlar mavjud.

Qonunga ko‘ra, mol-mulkka taqiq qo‘yish ma’muriy jarima ijrosini ta’minlash chorasi sifatida qo‘llanadi. Bunda jismoniy shaxsga tegishli musodara qilingan mol-mulk qiymati jarima miqdori bilan cheklanmaydi.

Mol-mulkni musodara qilinishi uning sotilishi, hadya qilinishi yoki boshqa tarzda tasarruf etilishini taqiqlashni anglatadi.

Shuningdek, aktivlar bo‘yicha taqiq sudning yakuniy qarori chiqishidan oldin ham qo‘llanishi mumkin. Ya’ni mol-mulk kelajakda tayinlanishi mumkin bo‘lgan jarimani undirishni kafolatlash maqsadida oldindan taqiq qo‘yiladi.

Qonunga muvofiq, sudya bunday iltimosnomani ro‘yxatga olinganidan keyin bir kundan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak. Bunda mol-mulk egasini oldindan xabardor qilish talab etilmaydi.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar