Daryo

Bibisora Assaubayeva moliyaviy muammolar sabab Qozog‘iston prezidentiga videomurojaat yo‘lladi

Dunyo reytingida 5-o‘rinni egallab turgan sportchi o‘z faoliyatidagi jiddiy moliyaviy muammolar hamda Sport vazirligi bilan bog‘liq tushunmovchiliklar haqida so‘z ochgan.

1 daqiqa o‘qish42 932 ko‘rishlar1 izoh70

Shaxmat bo‘yicha xalqaro grossmeyster Bibisora Assaubayeva Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga videomurojaat yo‘lladi. Dunyo reytingida 5-o‘rinni egallab turgan sportchi o‘z faoliyatidagi jiddiy moliyaviy muammolar hamda Sport vazirligi bilan bog‘liq tushunmovchiliklar haqida so‘z ochdi.

Assaubayeva yaqinda yakunlangan nufuzli Norway Chess-2026 turnirida g‘alaba qozonganiga qaramay, musobaqaga tayyorgarlik jarayonida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, yig‘inlar va turnirdagi ishtirok uchun xarajatlar asosan shaxsiy jamg‘armalari hamda ota-onasining mablag‘lari hisobidan qoplangan.

“Turnirda birinchi o‘rinni egalladim, ammo sekundantlar va tahlilchilarga xizmati uchun hali ham haq to‘lay olmadik. Fonddan so‘ralgan mablag‘larning faqat bir qismi ajratilgani sababli, murabbiylarim ishni masofadan turib bajarishga majbur bo‘ldi”, dedi shaxmatchi.

Sportchi Qozog‘iston Sport vazirligi tomonidan ajratiladigan mukofot pullari va oylik maoshlar borasidagi nomutanosiblikka e’tibor qaratdi. Assaubayevaning so‘zlariga ko‘ra, jahon chempionligi uchun beriladigan mukofot (2 000 dollar) Olimpiada medali uchun ajratilgan mukofotdan (250 000 dollar) keskin farq qiladi.

Bundan tashqari, shaxmatchi yangi vazir kelganidan so‘ng, 2025-yildan boshlab uning oylik maoshi uch barobarga qisqartirilganini ta’kidladi. “Qozog‘istonda mendan boshqa shaxmat bo‘yicha jahon chempioni yo‘q. Shunga qaramay, vazirlikdan olinadigan moliyaviy ko‘mak yetarli darajada emas”, deya qo‘shimcha qildi Bibisora.

Murojaatda davlat mukofotlarini topshirishdagi kechikishlar ham tilga olindi. 2025-yilning 30-dekabrida prezident farmoni bilan Assaubayevaga II darajali “Barys” ordeni berilishi e’lon qilingan edi. Sportchi mazkur mukofotni olish uchun uch marta Ostonaga uchib borgan, biroq har safar vazirlik tashabbusi bilan marosim qoldirilgan.

“Prezident nomiga bir necha bor xat yozdik, vazirga ham holatni tushuntirdik, biroq javob bo‘lmayapti. Oldinda yirik musobaqalar turibdi, men nima qilishim kerak?”, deydi sportchi.

Eslatib o‘tamiz, Bibisora Assaubayeva Norway Chess-2026 turnirida ukrainalik Anna Muzichuk bilan kechgan bahsdan so‘ng muddatidan avval chempionlikni rasmiylashtirgan edi. 

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar