Isroilning markaziy qismida joylashgan Sharon okrugida sodir bo‘lgan qurolli hujumlar oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi yaralandi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar bir nechta hududda — Koxav Yair aholi punktidagi yonilg‘i quyish shoxobchasida, shuningdek, Tsur Itsxak va Tsur Natan hududlarida sodir etilgan.
Halok bo‘lgan erkakning yoshi taxminan 35 da bo‘lgan. Yaralanganlardan ikki nafari og‘ir ahvolda, yana uch kishi o‘rta darajadagi tan jarohatlari olgan.
Hujum ortidan Tsur Itsxak aholi punktida terrorchi kirib kelishi mumkinligi sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Mahalliy aholiga uylaridan chiqmaslik tavsiya etilgan.
Ma’lum qilinishicha, hujumchilardan biri keyinchalik G‘arbiy Sohildagi Salit posyolkasi tomon yo‘l olgan va u yerda mahalliy tezkor harakat guruhi rahbariga qarata o‘q uzgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Hujumchi xavfsizlik kuchlari tomonidan zararsizlantirilgan. Isroil OAV xabariga ko‘ra, u Arab aholisi yashaydigan Tayba shahrining fuqarosi bo‘lib, avval ham qurolli mojarolar va boshqa jinoyatlar sabab politsiyaga ma’lum bo‘lgan.
Xavfsizlik xizmatlari hujumchining qochib ketgan ehtimoliy sherigini qidirishda davom etmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu vaziyat rivoji va tergov jarayonini shaxsan kuzatib borayotganini ma’lum qildi.








