NATO davlatlari Ukrainaga 70 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratish tashabbusini muhokama qilmoqda. Taklif iyul oyida Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida taqdim etilishi mumkin. Bu haqda Politico nashri alyansning to‘rtta diplomatiga tayanib xabar berdi.
Tashabbusni mayt oyida Germaniya ilgari surgan edi.
U Ukrainaga beriladigan mablag‘ning shaffofligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni o‘z ichiga oladi.
Xabarda aytilishicha, bunga bir qancha davlatlarning noroziligi sabab bo‘lgan. Ular ittifoqchilar o‘rtasida Kiyevni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari teng taqsimlanmaganidan norozi.
“Anqara sammitining asosiy maqsadi — Ukrainani barqaror va adolatli asosda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish bo‘yicha qat’iy majburiyat olishdir”, dedi nashrning beshinchi manbasi.
Manbalarga ko‘ra, muhokama qilinayotgan summa butunlay yangi mablag‘dan iborat bo‘lmaydi. Taxminan 30 milliard yevro Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga allaqachon kelishilgan ikki yillik 90 milliard yevrolik kredit hisobidan ajratilishi mumkin. Qolgan 40 milliard yevro esa ittifoqchi davlatlarning ikki tomonlama majburiyatlari orqali qoplanadi.
Hozircha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q. Diplomatlarning aniqlik kiritishicha, muzokaralar hali boshlang‘ich bosqichda turibdi. Tashabbus mezonlarini kelishib olish imkoniyati iyun oyi oxirida, NATO mudofaa vazirlarining yig‘ilishida paydo bo‘lishi mumkin.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on NATO yetakchilarining bo‘lajak sammitini hal qiluvchi uchrashuv deb atadi. U Anqarada alyans kelajagi va global xavfsizlik tizimining tuzilishi bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishiga umid bildirdi.
Sammit asosiy mavzusi va Ukraina talablari
Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasi 7–8-iyul kunlari o‘tadigan NATO sammitining bosh mavzusi bo‘ladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq Yevropa davlatlarini havo mudofaa tizimlari, xususan, Patriot majmualarini yetkazib berishni ko‘paytirishga chaqirgan edi.
Ukrainaning NATOdagi elchisi Alyona Getmanchuk Politico nashriga yangi majburiyatlar Kiyevning ustuvor ehtiyojlarini hisobga olishi kerakligini aytdi. Bu ehtiyojlarga havo mudofaasi, dron va raketa ishlab chiqarish hamda uzoq masofali o‘q-dorilar kiradi.
Rossiya tomoni esa Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish Ukraina mojarosining yakunlanishini faqat orqaga surishini bir necha bor ta’kidlagan va bunga qarshi chiqib kelmoqda.








