Tugayotgan haftada Kanada terma jamoasiga qarshi oʻynadik. Yangi haftani Niderlandiya bilan boshlaymiz. Bir qaraganda, sparring-raqiblar juda toʻgʻri tanlanganiga amin boʻldim – Kanada tarkibi va uslubi bilan Kolumbiyaga juda yaqin boʻlsa, “Everton”ning ikki sobiq murabbiyi boshqaradigan Niderlandiya va Portugaliyaning bugungi terma jamoalari bir-biriga juda oʻxshash. Asosiy oʻyinlar uchun yaxshi tajriba boʻlsa kerak.
Meni hayron qoldirgan jihat esa boshqa. Kanadaga qarshi oʻyindagi magʻlubiyatni aksariyat futbol muxlislarimiz, yurtdoshlarimiz juda ogʻir qabul qilishdi. Qandaydir negativ kayfiyat izgʻib yuribdi, futbolchilarimiz atrofidagi fikrlar yana oʻsha eski davrlarni eslatayotgandek, ishqilib mundialda sharmanda boʻlmaylik-da...
Bunday fikrlar shamoli asosan ikki yoʻnalishdan esyapti. Birinchisi, menimcha, koʻpchilikni tashkil qiladigan toifa – futbolga unchalik qiziqmaydiganlar. Ular deyarli futboldan uzoq, asosan choyxonadagi gap-soʻzlar yoki Jahon chempionati finali kabi katta oʻyinlar orqali bogʻlanishgan. Terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqqani, mana shu voqea atrofidagi juda koʻp yangiliklar beixtiyor ularni ham tomoshabinga aylantirdi va bu tabiiy. Jahon futbolidagi kuchlar muvozanati, oʻzbek futbolining u yerdagi oʻrni haqida yetarlicha maʼlumotlar boʻlmagach, albatta, turli yuzaki fikrlar, terma jamoamizga ishonch bildirilgan, gʻalaba tilangan balandparvoz gaplar orqali vaziyatga baho berishadi. Kanada esa ular uchun ekzotika, faqat xokkey oʻynashni biladigan mamlakat – ularni yutish shart. Qisqasi, oʻzbeklar ham jahon futboliga kirib boryapti, degan fikrda ertalab vaqtli turib televizorni qoʻygan oʻrtacha oʻzbek kishisi yengil shokka tushdi – Kanada bizni 2:0 hisobida yutyapti. Tasodifan emas, oʻyin borasida ham.
Shu paytgacha faqat nomini va juda zoʻr oʻyinchi ekani qulogʻiga chalingan Eldor Shomurodov esa juda qulay vaziyatda gol ura olmayapti. Tabiiyki, futboldan uzoq insonga xulosa uchun yetarli manzara – bugungi negativ fonda ularning ham ulushi katta. “Bizning futbol haliyam odam boʻlmabdi-ku, haliyam shu, Kanadaga ham yutqazadimi” va hokazo.
Ikkinchi toifa, terma jamoamizga haddan tashqari ishonch bildirib yuborgan futbol muxlislari. Bilmadim, kim hammani Kolumbiya bilan durang oʻynash, Kongoni yutish hech gap emasligiga ishontirib qoʻydi, hayronman. Qaytaraman, Oʻzbekiston — “K” guruhining autsayder jamoasi. Bu fakt. Xoʻsh, bu degani, futbol koʻrmaslik kerakmi? Yoʻq, albatta. Umid qilish mumkinmi? Ha.
Qaysidir Yevropa chempionati paytida Florian Maluda ismli fransuzning bir gapi ham esimdan chiqmaydi. Adashmasam, Frank Riberi jarohat olgach, oʻsha paytlarda “Chelsi” safida ishonchli oʻynay boshlagan Maludaga umid bogʻlashadi:
“Men terma jamoada shuncha payt oʻynagan boʻlsam ham, atigi uchta gol urganman. Yaʼni men Platini yoki Zidan emasman”
Ha, kim uchundir ortiqcha ishonch ham oʻzini noqulay his qilish uchun yetarli sabab.
Andrey Arshavinning mashhur gapi bor – “sizlarning kutilmalaringiz bu sizning muammo”. Rossiya terma jamoasi Yevro-2008 turniridagi “furor”dan keyin, Jahon chempionati saralash oʻyinlarida muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Oʻsha kunlarning birida terma jamoa bazasiga kirib borgan, kayfi oshgan bir muxlisga Arshavinning aytgan shu soʻzlari rosa mavzu boʻlgandi. Oʻz darajasidan bir pogʻona yuqori oʻyin koʻrsatgan Rossiyadan keyingi musobaqada bir pogʻona past oʻyin koʻrsatishini ham kutish mumkin, lekin muxlislar buni qabul qila olmagan. Ha, Arshavinning soʻzlari qoʻpol chiqqan, bir noadekvat muxlisga emas, butun xalqqa qaratilgandek tuyulgan, inkor etmayman, lekin bu soʻzlar ostidagi haqiqatni ham rad etib boʻlmaydi. Inson avvalo oʻz kutilmalaridan aziyat chekadi, nafaqat futbolda, butun hayoti davomida ham. Vaziyatni real baholamasdan, koʻprogʻini xohlash, amalga oshmagan paytda esa oʻzini baxtsiz his qilish juda koʻpchilikda odatga aylangan. Bu esa atrofini baholash, hodisalarga qiymat berishda halaqit qiladi.
Endi biroz faktlar haqida gaplashamiz. Yaqinda Abduqodir Husanov soʻnggi mavsumda oʻz narxini oshirgan futbolchilar qatoriga kirgani, endi uning qiymati 50 millionga chiqqani haqidagi xabarni oʻqigan boʻlsangiz kerak. Goʻyoki bu xabar bizning guruhdan chiqishimiz uchun kifoyadek, toʻgʻrimi? Endi davom etamiz, Oʻzbekiston terma jamoasining Transfermarkt portali maʼlumotlari boʻyicha umumiy narxi 85.3 million yevroni tashkil qiladi. Biz goʻyo yutishimiz shart boʻlgan Kanada terma jamoasining umumiy narxi esa qariyb 2,3 barobar koʻp — 196.6 million yevro.
Bu hammasi emas. Jamoa narxini bir-ikki yulduz, jumladan, Abduqodir Husanovning narxi ham keskin oshirib yuborishi mumkin, ammo bu toʻliq kartinani bermaydi. Tarkibdagi muvozanat, kuchli futbolchilarning koʻproq ekani ham ahamiyat kasb etadi. Xullas, Oʻzbekiston terma jamoasida narxi 2 million yevro yoki balandroq boʻlgan futbolchi atigi 5 nafarni tashkil qiladi. 1 million yevrodan ortiq boʻlganlar 14 nafar.
Endi Kanadani koʻrib chiqamiz. Ushbu terma jamoa tarkibida 18 nafar 2 million yevrodan qimmat narxdagi futbolchilar bor ekan. 5 nafar futbolchi, yaʼni asosiy tarkibning yarmi 10 milliondan ortiq baholangan, bizda bunday futbolchi bir nafar, oʻsha Abduqodir Husanov.
Guruhdoshimiz Portugaliya terma jamoasining umumiy narxi 1.01 milliard yevro, Kolumbiyaniki 302 million yevro. Ularni qoʻying, keling, guruhimiz autsayderi, yutishimiz shart boʻlgan Kongo bilan solishtiramiz. Kongo Kanadaga nisbatan biroz arzon, lekin bizdan qimmat – 143.9 million yevro. Tarkibida 16 nafar 2 million yevrodan qimmat futbolchisi bor. Eslatib oʻtamiz, bizda bunday futbolchilar 5 nafar. Kongoda narxi 10 million yevrodan yuqori boʻlgan 6 nafar futbolchi bor.
Narx koʻp narsani anglatmasligi mumkin, qoʻshilaman. Boshqacha solishtirish ham mumkin. Quyida ikki terma jamoa futbolchilarining qayerda, qaysi chempionatlarda oʻynashi keltirilgan:

Xoʻsh, bu raqamlar bizga nimani anglatadi? Har bir futbolchi qayerlik, qaysi terma jamoaga mansub ekani bilan emas, aynan qaysi chempionatda oʻynashi bilan baholanadi. Sababi, har bir chempionatning oʻz saviyasi, tempi, qarshilik darajasi bor va futbolchi aynan oʻsha oʻlchovlarda shakllanadi. Bir mavsumda 40-50 oʻyinda aynan oʻsha chempionatdagi yuklamalar ostida maydonga tushadi, mashgʻulotlar aynan oʻsha tempga mos ravishda tashkil qilinadi. Yaʼni, futbolchining tanasi, jismoniy koʻrsatkichlari, normativlari oʻzi ishtirok etadigan chempionatga mos boʻladi. Futbolchi har qancha mahoratli va malakali boʻlmasin, Oʻzbekiston Superligasi yuklamalari asosida shugʻullanib, APL tempiga dosh bera olmaydi, shunchaki, u yerda oʻttiz daqiqa oʻynay olmaydi. Baʼzida aytaylik, “Byornli” “Manchester Siti”ni yutib qoʻyishi mumkinligini koʻramiz, ha, toʻp dumaloq, maydonda hamma narsa boʻladi, bu sport, lekin eʼtibor berish kerak boʻlgan asosiy jihat – har ikki jamoaning bir ligada toʻp surishidir. Saviya va mahorat borasida “Byornli” va “Manchester Siti”ning tarkibi yer bilan osmon, Transfermarkt’da ham farq 10 barobar boʻlishi mumkin, ammo baʼzida “Byornli” qarshilik qila oladi, chunki yuqoridagi koʻrsatkichlar, yuklamalar boʻyicha ayni turnirning ishtirokchilaridir. Agar jismoniy holat, normativlar yaqin boʻlsa, ha, toʻp dumaloq, maydonda har kim har kimni yutib qoʻyishi mumkin. Ammo Oʻzbekiston Superligasining 10 nafar ishtirokchisi 10 nafar kuchli beshlik vakilini yuta oladimi? Tasavvur qilish mumkinmi? Ha, bu ham mumkin, juda kuchli taktika, oʻz imkoniyatidan baland sakrash, biroz omad yordamida. Lekin juda koʻp shartlar toʻgʻri kelishi kerakki, mabodo aksi boʻlsa, bu uchun kayfiyatni buzish, kimlarnidir haqorat qilish reallikdan uzoqlikni anglatadi.
Saudiya Arabistoni oʻtgan mundialda Argentina ustidan gʻalaba qozongan. Undan ham zoʻr misol bor, mana shu arablar JCH-94 musobaqasida Belgiya va Marokashni yutib, pley-offga ham chiqqan. Boʻlib turadi. Biz ham terma jamoamizdan mana shunday natijalarni umid qilishimiz mumkin. Ammo mana shu bir nechta misol ichida yana oʻnlab oʻyinlar borki, hammasi oʻz qoidasi boʻyicha, kuchli kuchsizni yengishi bilan tugagan. Buni ham unutmaslik kerak.
Biz oʻzi mundialga loyiqmizmi? Albatta, u yerda natija qanday boʻlishidan qatʼi nazar. Yoʻllanmalar koʻpaygani, farqi yoʻq, biz oʻzimiz uchun qoʻyilgan vazifani muddatidan avval bajarib, koʻpchilikka nasib qilmagan chiptani qoʻldan kiritdik. Esingizda boʻlsa, Yevro-2016 final bosqichi uchun jamoalar soni oshirilgach, koʻpchilikda eʼtirozlar boʻlgan, lekin bilasizmi, oʻsha musobaqa saralashida syurprizlar ham koʻp kuzatilgan. Nega? Yoʻllanmalar sonining oshishi baʼzi kuchliroq terma jamoalar uchun ishtirokni kafolatlamaydimi? Yoʻq, bilasizmi, yoʻllanmalar soni oshib, imkoniyatlar paydo boʻlgach, odatda guruhlarda oʻrtamiyona boʻlib, koʻp narsaga daʼvo qilmagan jamoalarni ham qoʻzgʻatib yuborgandi. Albaniya, Islandiya, Gruziya, Vengriya, Uels kabi odatda yoʻllanma uchun kurashmaydiganlar ham saralashni aniq maqsad va yuqoriroq oʻrinni olish strategiyasi bilan boshlagan. Bu esa odatda osonlik bilan oʻyinlarni yutib, bir-ikki raqiblar bilan chipta masalasini hal qiladigan baʼzi terma jamoalar uchun qoʻshimcha noqulaylik tugʻdirgan. Aytmoqchimanki, Osiyo uchun yoʻllanmalar sonining oshgani bizning vazifamizni osonlashtirish bilan bir qatorda, Qatar, Suriya, Iroq, Iordaniya kabilarni ham xavfli raqibga aylantirdi, ishonavering.
Biz hech qachon kuchli boʻla olmaymizmi? Yoʻq, albatta, iloji bor. Angliya chempionatida ham futbolni odamlar oʻynaydi va oʻzbek ham oʻynay olishini Husanov isbotlayapti. Demak, qachondir bunday futbolchilarimiz koʻproq boʻlishini, bu yoʻlda ham tizimli harakatlar boʻlishidan umid qilishimiz, shunga harakat qilishimiz kerak. Hozir esa reallik biroz boshqacha.
Goʻyoki, futbolning mantigʻiga ters ravishda notoʻgʻri targʻibot qilayotgandek tuyulgandirman, inkor etmayman. Mavzuni chuqurroq tushuntirishga soʻzlarim yetmayotgandir. Hamma oʻz fikrida qolsin, mayli. Lekin unutmang, futbol boʻyicha Jahon chempionati bu – bir bayram. Futbol festivali. U yerda aniq natijaga erishish, chempion boʻlish uchun boradigan terma jamoalar sanoqli. Qolganlar oʻzini dunyoga koʻrsatish, balkim toʻp tomon ilk qadamlarini tashlagan paytlaridan beri orzusi boʻlgan muhitda oʻynash, oʻzini dunyoga namoyon qilib, “bizda ham futbol bor, biz ham shu oʻyinni oʻynaymiz, biz ham mana shu bepoyon olamning bir boʻlagimiz” deyish uchun boradi. U yerda Oʻzbekiston bayrogʻi xilpiraydi, madhiyasi yangraydi, xuddi biz bir paytlar Togo degan davlat borligini oʻsha yerda eshitib qolganimiz singari, bizni ham kimdir tanib oladi.
Futbolchilarimiz necha yillik, biz esa bir umrlik orzumizga allaqachon yetib boʻlganmiz, mana shuning mevasini yeyish boʻsagʻasida turibmiz. Tabriklayman. Uyogʻiga kiritilgan har bir gol, har bir ochko biz uchun shunchaki mukofot. Bu bilan ham tabriklash nasib qilsin, ilohim.








