Angliyaning “Manchester Siti” futbol klubi Madridning “Real” klubi prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ygan Enrike Rikelmega nisbatan sudga da’vo arizasi kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq Rikelme o‘zining saylovoldi kampaniyasi doirasida Erling Holand va Rodrini “Real”ga olib kelmoqchi ekanligini aytgan hamda taqdimot marosimida norvegiyalik hujumchining familiyasi tushirilgan Madrid klubi formasini namoyish etgan edi.
“Ispaniyada Erling Holandning kelajagi haqida tarqalayotgan mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu imkonsiz narsa, qolaversa, shartnomada buni amalga oshirishga imkon beradigan bandning o‘zi yo‘q. Biz futbolchimizning ismidan bunday foydalanilgani uchun sudga da’vo ariza kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz”, deyiladi “Manchester Siti” klubi bayonotida.
Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan Holandning otasi Alfi hamda futbolchining agenti Rafaela Pimenta ham munosabat bildirdi.
“Bularning barchasi juda qiziq, ammo haqiqatdan yiroq. Madridda o‘tayotgan saylovlarda har ikki nomzodga ham omad tilaymiz”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot o‘rnida, 25 yoshli Holand ortda qolgan mavsumda barcha turnirlar doirasida 52 ta o‘yinda maydonga tushib, 38 ta gol urishga erishdi. U 27 ta gol bilan faoliyatida uchinchi bor Angliya chempionatining eng yaxshi to‘purari deb topildi.








