Daryo

AQSH Eronga ketayotgan tanker va Qeshm oroliga hujum qildi, Eron bunga javoban AQSH bazasini o‘qqa tutdi (video)

Kuvaytga ikkita va Bahraynga uchta raketa uchirilgani aytilmoqda, Eron xavfsizlikni buzish tajovuzkor AQSH harbiylari uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.

2 daqiqa o‘qish10 970 ko‘rishlar0 izoh4

AQSH harbiylari 2-iyun kuni Eron tomon suzib ketayotgan tankerga qarata Hellfire raketasidan o‘t ochdi va Qeshm oroliga zarba berdi. Eron bunga javoban Fors ko‘rfazi davlatlaridan biridagi AQSH aviabazasi, Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti qarorgohi va AQSHga aloqador Panaya kemasiga dron va raketalar bilan hujum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) maʼlumotlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozidagi Qeshm oroliga berilgan zarbalar “Eronning Yaqin Sharq bo‘ylab hujum qilishga urinishlariga javoban” amalga oshirilgan. Bu hujum Eronning harbiy yerusti boshqaruv stansiyasiga qaratilgani aytilmoqda.

Eron javob tariqasida raketa va dronlar yordamida mintaqadagi mamlakatda joylashgan AQSH bazasi hamda vertolyotlariga zarba berganini taʼkidladi. CENTCOM Eron tomonidan Kuvaytga ikkita va Bahraynga uchta raketa uchirilgani, biroq ularning barchasi havoda parchalanib ketgani yoki yo‘q qilinganini ta’kidladi. Shuningdek, Eronning “mintaqa suvlaridan qonuniy ravishda o‘tayotgan tinch dengizchilarga” qarshi uchirilgan uchta hujumchi droni ham urib tushirilganini bildirdi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi “Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligini buzish tajovuzkor AQSH harbiylari uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi”dan ogohlantirdi. AQSH 2-iyun kuni Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz blokadasi doirasida Eron tomon suzib ketayotgan Lexie yuksiz neft tankeriga ham zarba berib, uni ishdan chiqargan.

“AQSH samolyoti Botsvana bayrog‘i ostidagi M/T Lexie kemasining ekipaji takroriy ogohlantirishlarni eʼtiborsiz qoldirganidan keyin uning motor qismiga Hellfire raketasini uchirdi”, deyiladi xabarda.

CENTCOM bergan bayonotga ko‘ra, 13-aprelda blokada kuchga kirganidan buyon oltita tijorat kemasi ishdan chiqarilgan va yana 122 tasi boshqa yo‘nalishga burib yuborilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp shu haftada o‘z tanqidchilariga murojaat qilib, Eron “haqiqatan ham kelishuvga erishishni xohlayotganini va bu AQSH uchun foydali bo‘lishini” taʼkidladi.

Mazkur bayonot Tramp ehtimoliy tinchlik shartnomasi bandlariga o‘zgartirishlar kiritishni so‘ragani haqidagi xabarlar ortidan yangradi. Taklif etilayotgan o‘zgartirishlar Hormuz bo‘g‘ozi tartibi va Erondan yuqori darajada boyitilgan uranni olib chiqib ketish masalalariga daxldor. 1-iyun kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSHni keskin tanqid qilib, u “o‘z qarashlarini doimiy ravishda o‘zgartirib, yangi yoki bir-biriga zid talablarni ilgari surayotganini” ta’kidladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar