AQSH va Eron o‘rtasida urush boshlanganda Ummon rasmiylari Tehron bilan maxfiy aloqa kanalini yo‘lga qo‘ydi. Arab rasmiylariga ko‘ra, bu kanal tufayli Fors ko‘rfazi davlatlari aviareyslar uchun havo yo‘laklarini qayta ochishga muvaffaq bo‘ldi. Maskatning mojarodagi mutlaqo betaraf pozitsiyasi ushbu diplomatik muvaffaqiyatni ta’minladi, deya xabar berdi The Wall Street Journal nashri.
Biroq oradan uch oy o‘tib, bu neytral pozitsiya Ummonga qarshi ishlay boshladi. Vashington Maskatning Tehronga bo‘lgan munosabatini Amerikaga dushmanlik deb baholamoqda. AQSH va arab rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Ummondan bir tarafni tanlashni va Eron bilan diplomatik aloqalarni uzishni talab qilmoqda.
Yaqinda olingan yangi razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Ummon strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozida kemalardan boj undirish rejasida Eronga qo‘shilmoqchi. AQSH rasmiysining ma’lum qilishicha, bu ma’lumot ortidan Tramp administratsiyasi Ummonga sanksiyalar qo‘llash va hatto uni bombardimon qilish bilan tahdid qilgan. Ummon esa bunday rejalari borligini bir necha bor rad etdi.
Ummon Axborot vazirligi AQSHning Eron bilan aloqalarni uzish bo‘yicha bosimi haqida izoh berishdan bosh tortdi. Vazirlik rahbari Abdulla al-Harrasiy mamlakat barqarorlikni ta’minlash va umumiy strategik manfaatlarni himoya qilish uchun AQSH va barcha hamkorlar bilan ishlashga tayyorligini bildirdi.
Urush davomida Ummon o‘zining uzoq yillik ittifoqchisi bo‘lgan AQSH va bo‘g‘oz ortidagi qudratli qo‘shnisi Eron o‘rtasida muvozanat saqlashga harakat qildi. Bu strategiya mintaqada uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun ishlab chiqilgan edi.
“Ammo hozirda Ummon har ikki tomon ishonadigan davlat sifatidagi mavqeyini yo‘qotmoqda. Agar u AQSH tomoniga o‘tsa, mojaro paytida Eronning hujumlariga duchor bo‘lishi xavfi bor”, deyiladi xabarda.
Chatham House tahlil markazi direktori Sanam Vakilning aytishicha, Ummonning munosabati uning betaraf tashqi siyosatiga nisbatan tanqidlarni ko‘paytirdi. Tramp administratsiyasining tahdidlari AQSHdagi ba’zi doiralarda Ummonni Eronga xayrixoh deb hisoblashlariga sabab bo‘ldi.
Ummon ilgari Vashington va Tehron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralarda vositachi bo‘lgan. Shunga qaramay, u mintaqadagi raketa va dron hujumlaridan keyin Eron nomini tilga olib, uni qoralamadi. Manbalarga ko‘ra, bu Ummon diplomatiyasining an’analariga mos keladi.
Urush boshlanganda Ummon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaidiy ushbu mojaro mintaqani zaiflashtirayotganini aytdi. U Fors ko‘rfazi davlatlariga AQSH bilan xavfsizlik aloqalarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Eron esa urush paytida Ummonga boshqa qo‘shnilariga qaraganda ancha kamroq zarba berdi.
Urush boshida Ummon hududidan AQSH harbiylariga logistik ta’minot yetkazish uchun foydalanilgan. Ammo amerikalik rasmiy bu harbiy yordam juda kichik bo‘lganini aytdi.
Oq uy Ummon bo‘yicha pozitsiyasiga izoh berar ekan, prezident Donald Trampning o‘tgan haftadagi hukumat yig‘ilishidagi so‘zlariga ishora qildi. AQSH prezidenti agar Ummon Eronning kemalardan boj undirish rejasiga qo‘shilsa, unga havo zarbalari berishni buyurishi mumkinligini aytgandi. Vaholanki, Maskat bunday niyatni doimiy ravishda rad etib keladi.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent ham ijtimoiy tarmoqlarda agar bo‘g‘ozdan o‘tuvchi kemalardan haq olinsa, sanksiyalar qo‘llanishi bilan tahdid qildi. U jurnalistlarga Ummonning Vashingtondagi elchisi Talal Alrahbiy uni bunday rejalar yo‘qligiga ishontirganini aytdi.
Arab rasmiylarining aytishicha, Ummon rasmiylari AQSHning kutilmagan dushmanligidan hayratda qolgan. Ular bunga qanday javob berish ustida bosh qotirmoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, variantlardan biri faol targ‘ibot kampaniyasini boshlashdir. Bu orqali Ummon bo‘g‘ozda dengiz qatnovi ko‘payishini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatmoqchi.
Rasmiylardan birining ta’kidlashicha, Ummon bu borada BMT bilan hamkorlik qilmoqda. Ular oziq-ovqat inqiroziga uchragan Afrika davlatlariga yordam berish uchun o‘g‘it xomashyosini tashiydigan kemalarni xavfsiz o‘tkazishga Eronni ko‘ndirmoqchi.
Urush boshlanganidan beri Ummon kemalarga, jumladan, AQSH kemalariga navigatsiya bo‘yicha yo‘l-yoriq ko‘rsatdi. Shuningdek, mamlakat kemalar ekipajlariga qidiruv-qutqaruv va tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Harrasiy Ummon bo‘g‘oz orqali erkin savdo va energiya oqimini ta’minlash tarafdori bo‘lib qolishini aytdi.
May oyida Ummon Eronning Hormuz bo‘g‘ozida boj undirish harakatini qoralovchi BMT bayonotini imzolashdan bosh tortgan yagona Fors ko‘rfazi davlat bo‘ldi. Ushbu bayonot BAA tomonidan ilgari surilgan edi.
Ummon AQSH bilan deyarli 200 yillik diplomatik aloqalarga ega. Bu Vashingtonning arab davlatlari bilan eng uzoq yillik aloqalaridan biridir. Shuningdek, sultonlik asosan shialardan iborat eronliklar bilan ham asrlarga teng aloqalarga ega. Sunniy qo‘shnilaridan farqli o‘laroq, ummonliklar islomdagi ibodiylik oqimiga e’tiqod qiladi. Bu oqim o‘zining mo‘tadilligi bilan ajralib turadi.
Ummon uzoq vaqt davomida Vashington bilan faol muloqotdagi davlat hisoblangan. U 1980-yillarda Eron va Iroq o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga mezbonlik qilgan. Keyinchalik Tehron va Obama administratsiyasi o‘rtasida yadroviy bitim imzolanishiga yordam bergan. Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida ushbu kelishuvdan chiqqan edi.
Yaqinda ham Ummon Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda ikki bor vositachilik qildi. Ammo har safar Isroil va Amerikaning Eronga bergan zarbalari sababli muzokaralar uzilib qoldi.
AQSH rasmiylarining aytishicha, Tramp administratsiyasida Maskatga nisbatan ishonchsizlik Amerikaning birinchi havo zarbalaridan bir kun oldin boshlangan. O‘shanda Ummon tashqi ishlar vaziri AQSH televideniyesida yadroviy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishishga juda yaqin turganliklarini aytgan edi. Biroq AQSH rasmiylari bunday kelishuv yaqin bo‘lmaganini va Eron jiddiy taklif bermaganini ta’kidlamoqda.
Shundan so‘ng Tramp administratsiyasi Ummonni diplomatik jarayonlardan chetlashtirishga harakat qildi. AQSH rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Trampning tahdidlariga qaramay, mamlakatga hujum qilish bo‘yicha aniq reja yo‘q.
“AQSH tanqidlari Ummonning Amerika hokimiyat doiralariga ta’siri kamligini ko‘rsatib qo‘ydi”, deyiladi xabarda.
Ummon boshqa qo‘shnilariga qaraganda kamroq neft ishlab chiqaradi va u qadar boy emas. Uning AQSHda yirik biznes yoki harbiy shartnomalari yo‘q. Pentagondan harbiy logistika markazi sifatida foydalansa-da, BAA, Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni va Kuvaytdan farqli o‘laroq, Ummonda AQSH harbiy bazasi yo‘q.
Ummonning Eron bilan aloqalari nafaqat AQSHga, balki uning mintaqadagi ittifoqchilari — BAA va Saudiya Arabistoniga ham yoqmayapti. Maskat AQSH va mintaqa davlatlarining Eronni qoralovchi qo‘shma bayonotlarini imzolashdan bosh tortib kelmoqda. Hatto Eron dronlari Ummon portlariga zarba berganda ham, Maskat voqeani tan oldi, ammo Tehronni ayblamadi.
Ummon sultoni Haysam bin Toriq as-Said Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy vafotidan keyin uning o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy yangi rahbar etib tayinlangani bilan tabriklagan yagona Ko‘rfaz yetakchisi bo‘ldi.
Ummonliklar Eronni va Hormuz blokadasini to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralamayotganini urushni butunlay tugatish istagi bilan izohlamoqda.
“Beqaror mintaqada mas’uliyat bilan rahbarlik qilish aloqa yo‘llarini ochiq saqlashni va keskinlikning urushga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikni anglatadi”, dedi Ummon axborot vaziri.








