2025-yil Qozog‘istonda 1941-yildan buyon olib borilayotgan meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘ldi. Bu haqda “Kazgidromet” tahliliga tayanib Tengrinews xabar berdi.
Tahlilda havo harorati, yog‘ingarchilik miqdori, qor qoplamining holati, agroiqlimiy sharoitlar, shuningdek, Kaspiy dengizi va Balxash ko‘lining holati haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. “Kazgidromet” mamlakat hududida barqaror isish jarayoni ketayotganini ma‘lum qildi. 1960-yillardan boshlab Qozog‘istonda har bir keyingi o‘n yillik avvalgisidan ko‘ra issiqroq bo‘lgan.
Misol uchun, 2016–2025-yillarda o‘rtacha havo harorati +7,11 darajani tashkil etgan, bu iqlimiy me’yordan 0,83 darajaga yuqoridir. 2021–2025-yillar esa +7,55 daraja ko‘rsatkich bilan tarixdagi eng issiq besh yillikka aylandi.
“Eng issiq o‘nta yilning to‘qqiztasi XXI asrga to‘g‘ri keldi, bu esa iqlim o‘zgarishlarining tobora tezlashayotganini tasdiqlaydi”, deyiladi xabarda.
2025-yilda havo harorati iqlimiy me’yordan +2,11 darajaga yuqori bo‘ldi. Bu avvalroq rekord daraja deb hisoblangan 2023-yilgi ko‘rsatkichdan (+1,73 daraja) sezilarli darajada ko‘pdir. Qozog‘istonning 176 ta meteorologik stansiyasida ekstremal darajadagi yuqori harorat ko‘rsatkichlari qayd etildi. 138 ta stansiyada esa 2025-yil 1941-yildan beri butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil sifatida muhrlandi.
Sinoptiklarning 2026-yilgi yoz mavsumi uchun bergan prognozlariga ko‘ra, Qozog‘istonda anomal issiq davrlar qisqa muddatli yomg‘ir, momaqaldiroq, do‘l va kuchli shamollar bilan kechishi kutilmoqda.








