Daryo

Qozog‘istonda 54 yillik harorat rekordi o‘rnatildi

Qo‘shni respublikaning ko‘plab hududlarida noyabr oyida anomal iliq ob-havo kuzatildi. Shahar va tumanlarda harorat rekordlari qayd etildi.

2 daqiqa o‘qish78 074 ko‘rishlar0 izoh8

Qozog‘istonning ko‘plab hududlarida noyabr oyida anomal iliq ob-havo kuzatildi. Qator shahar va tumanlarda havo haroratining yangi maksimal ko‘rsatkichlari qayd etilib, o‘n yillardan buyon saqlanib kelgan rekordlarni yangiladi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

  • Noyabr oyidagi harorat rekordlari

Eng sezilarli isish oyning ikkinchi yarmida kuzatildi. Oqto‘bedagi ob-havo stansiyasida 14-noyabr kuni harorat +13,2 darajaga yetib, 2023-yilda qayd etilgan rekorddan (+10,6 daraja) oshdi. Ertasi kuni bu hududda yana bir yuqori ko‘rsatkich — +11,4 daraja qayd etilib, 2001-yilgi natijani ortda qoldirdi.

Anomal iliqlik shimoliy hududlarda ham kuzatildi. Ko‘kshatauda 19-noyabr kuni havo +8,3 darajagacha isib, 1977-yilgi rekordni yangiladi. 23-noyabrda esa +5,2 daraja qayd etilib, 1995-yildagi ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi.

Jezqazg‘anda ketma-ket uch kun davomida harorat rekordlari yangilandi: 24–26-noyabr kunlari kunduzgi harorat mos ravishda +13,3, +10,3 va +12,3 darajani tashkil etdi. Qorag‘andida esa 26-noyabr kuni +9,4 daraja qayd etilib, 1971-yilgi rekorddan ancha yuqori natija ko‘rsatildi.

  • Ostonadagi ob-havo

Poytaxtda noyabr oyidagi o‘rtacha havo harorati +0,3 darajani tashkil etib, iqlimiy me’yordan 5,5 darajaga yuqori bo‘ldi. Oyning eng sovuq kuni (−12,3 daraja) 4-noyabrda, eng yuqori harorat (+7,8 daraja) esa 26-noyabrda qayd etildi.

  • Yog‘ingarchilik, tuman va kuchli shamol

Havo massalarining tez-tez o‘zgarib turishi fonida noyabr oyi davomida kuchli yog‘ingarchilik va noqulay ob-havo hodisalari kuzatildi. Ayrim joylarda yomg‘ir, qor yog‘di, tuman tushdi, yaxmalak bo‘ldi va shamol kuchaydi.

4-noyabr kuni Turkiston viloyatidagi Shuyldak meteorologiya stansiyasida 28 millimetr qor yog‘ib, oylik me’yorning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil etdi. Jetisu viloyatida bir necha kun davomida shamol tezligi soniyasiga 36 metrgacha yetgan bo‘ronlar kuzatildi. G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida esa 15-noyabr kuni ko‘rish masofasi 50 metr bo‘lgan quyuq tuman qayd etildi. Qo‘stanay viloyatida ham kuchli qor yog‘ib, ayrim joylarda bir sutka ichida oylik yog‘ingarchilik me’yorining deyarli yarmi yog‘di.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar