Daryo

Yevropada tug‘ilayotgan bolalarning 41 foizi nikohsiz oilalarda dunyoga kelmoqda

Yettita davlatda bolalarning yarmidan ko‘pi rasmiy nikohdan o‘tmagan ota-onalardan tug‘ilgan.

3 daqiqa o‘qish39 418 ko‘rishlar0 izoh15

Yevropa ittifoqida (YI) 2024-yilda tug‘ilgan bolalarning 41 foizi nikohsiz oilalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Hatto ittifoqning yettita davlatida bolalarning yarmidan ko‘pi rasmiy nikohdan o‘tmagan ota-onalardan dunyoga kelgan. Bu haqda Eurostat xabar berdi.

Eng yuqori ko‘rsatkichlar Bolgariya (62 foiz), Fransiya (60 foiz) va Portugaliyada (59 foiz) qayd etildi. Eng past ko‘rsatkichlar esa Gretsiya (10 foiz), Vengriya (24 foiz) va Xorvatiyada (26 foiz) kuzatildi. 2004–2024-yillar oralig‘ida nikohsiz tug‘ilishlar soni 18 ta davlatda ko‘paygan, faqat 4 ta davlatda (Litva, Estoniya, Latviya va Vengriya) kamaygan.

Ittifoq aholisining umumiy soni

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Yevropa ittifoqida 451 million kishi yashaydi. Bu 2024-yilgiga qaraganda qariyb 1 million kishiga ko‘pdir. Aholisi eng ko‘p YI davlatlari quyidagilardir:

  • Germaniya (84 million kishi, YI aholisining 19 foizi);
  • Fransiya (69 million kishi, 15 foizi);
  • Italiya (59 million kishi, 13 foizi);
  • Ispaniya (49 million kishi, 11 foizi);
  • Polsha (36 million kishi, 8 foizi).

Ushbu beshta davlat hissasiga ittifoq aholisining 66 foizi to‘g‘ri keladi. Eng kam aholi yashaydigan davlatlar esa Malta (574 ming kishi), Lyuksemburg (682 ming kishi) va Kipr (983 ming kishi) bo‘ldi.

2005-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan 20 yillik davrda YI aholisi 435 milliondan 451 millionga yetdi. O‘sish 4 foizni tashkil etdi. Bu davrda 19 ta davlatda aholi soni ko‘paydi, 8 ta davlatda esa kamaydi.

Eng yuqori nisbiy o‘sish Lyuksemburg (48 foiz), Malta (43 foiz), Kipr (34 foiz) va Irlandiyada (32 foiz) qayd etildi. Eng ko‘p nisbiy kamayish Latviya (-17 foiz), Bolgariya (-16 foiz), Litva (-14 foiz), Ruminiya (-11 foiz) va Xorvatiyada (-10 foiz) kuzatildi.

Mutlaq raqamlarda eng katta o‘sish Fransiya va Ispaniyada (har birida 6 milliondan) bo‘ldi. Eng keskin kamayish esa Ruminiya va Polsha (har birida -2 milliondan) hamda Bolgariyada (-1 million) qayd etildi.

Ayollar va erkaklar nisbati

Yevropa ittifoqida ayollar soni erkaklarnikidan 4,2 foizga ko‘p. 2025-yil 1-yanvar holatiga ittifoqda 230 million ayol va 221 million erkak yashaydi. Bu har 100 erkakka 104,2 nafar ayol to‘g‘ri keladi deganidir.

Malta, Sloveniya, Shvetsiya va Lyuksemburgdan tashqari barcha YI davlatlarida ayollar soni ko‘proq. Eng yuqori ko‘rsatkich Latviyada qayd etildi (ayollar erkaklardan 15,6 foiz ko‘p).

Taqqoslash uchun, 2005-yilda har 100 erkakka to‘g‘ri keladigan ayollar soni 6 ta davlatda ko‘paygan, 21 tasida esa kamaygan edi. Eng katta o‘sish Bolgariyada (105,4 dan 108,0 gacha) bo‘lgan. Eng keskin kamayish esa Maltada (101,8 dan 88,3 gacha) kuzatilgan.

Aholining o‘rtacha yoshi: Yevropa qarimoqdami?

YI aholisining o‘rtacha yoshi 2005-yildagi 39,6 yoshdan 2025-yilga kelib 44,9 yoshga yetdi. Ya’ni aholi 5,3 yilga qarigan.

2025-yilda eng yuqori o‘rtacha yosh Italiyada (49,1 yosh) qayd etildi. Keyingi o‘rinlarni Bolgariya va Portugaliya (47,3 yoshdan) hamda Gretsiya (47,2 yosh) egalladi. Eng past ko‘rsatkichlar Irlandiya (39,6 yosh), Lyuksemburg (39,8 yosh) va Maltada (40,0 yosh) bo‘ldi.

2005–2025-yillar oralig‘ida o‘rtacha yosh eng ko‘p Ruminiyada (8,6 yilga) o‘sdi. Eng kam o‘sish esa Shvetsiya (1,1 yil) va Lyuksemburgda (1,7 yil) kuzatildi. 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, o‘rtacha yosh erkaklar uchun 43,3 yoshni, ayollar uchun esa 46,5 yoshni tashkil etgan.

Nikoh va ajralishlar ko‘rsatkichi

2024-yilda Yevropa ittifoqida qariyb 1,7 millionta nikoh qayd etildi. Bu har 1000 kishiga 3,9 ta nikoh to‘g‘ri keladi demakdir. Eng past nikoh ko‘rsatkichlari Italiya (2,9), Sloveniya (3,0) va Bolgariyada (3,2) kuzatildi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Latviya (5,5), Ruminiya (5,3) va Avstriyada (5,0) qayd etildi. 2004–2024-yillarda nikohlar soni 18 ta davlatda kamaydi, faqat 4 tasida (Latviya, Vengriya, Avstriya va Estoniya) ko‘paydi.

Ajralishlar esa 2024-yilda YI davlatlarida taxminan 0,7 millionta ro‘yxatga olingan. Bu har 1000 kishiga 1,6 ta ajralish demakdir. Eng past ajralish ko‘rsatkichlari Malta (0,9), Sloveniya (1,0) va Ruminiyada (1,1) bo‘ldi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar esa Latviya (2,8), Litva (2,5) hamda Estoniya, Finlyandiya va Shvetsiyada (har birida 2,1 tadan) qayd etildi.

2004-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda ajralishlar soni 14 ta davlatda kamaygan, 6 ta davlatda (Latviya, Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Polsha va Xorvatiya) esa ko‘paygan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar