Ostona xalqaro moliya markazi (OXMM) sudi Ukrainaning 1,4 milliard dollarlik da’vosi bo‘yicha “Gazprom”dan mablag‘ undirishga ruxsat bergandi. Ammo Qozog‘iston hukumati buni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Bu haqda respublika adliya vaziri Yerlan Sarsembayev ma’lum qildi.
“Respublikaning huquqiy mexanizmlari uning yurisdiksiyasi bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolarni ko‘rib chiqishni nazarda tutmaydi, shu sababli OXMM sudining mazkur qarori Qozog‘iston hududida ijro etilmaydi”, dedi Sarsembayev.
Qozog‘iston adliya vaziri Konstitutsiyaviy qonun OXMM sudining yurisdiksiyasini cheklashini tushuntirdi. Unga ko‘ra, sud faqat moliya markazi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yoki tomonlar kelishuvga ko‘ra unga yo‘naltirgan nizolarnigina ko‘rib chiqishi mumkin.
Sarsembayevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi OXMM ishtirokchisi emas va ishni uning sudida ko‘rib chiqishga rozi bo‘lmagan. 20-may kuni Ukrainaning “Naftogaz” kompaniyasi Ostonada Shveysariya arbitraji qarorini tan oldirishga, Rossiya gaz monopoliyasidan qarzni majburiy undirishga ruxsat olishga erishgan edi. “Gazprom”ga qaror qabul qilingan paytdan boshlab 14 kun ichida uning ustidan shikoyat qilish huquqi berilgan.
“Naftogaz” va “Gazprom” o‘rtasidagi nizo Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti bo‘yicha 2019-yildagi shartnoma tufayli yuzaga kelgan. 2022-yilda urush boshlanganidan keyin Lugansk viloyatidagi “Soxranovka” gaz taqsimlash stansiyasi orqali tranzit to‘xtatildi, ammo yetkazib berish “Sudja” punkti orqali davom etdi. “Naftogaz”ning ta’kidlashicha, buning natijasida Rossiya monopoliyasi shartnoma bo‘yicha xizmatlarni to‘liq to‘lamay qo‘ygan.
2022-yil sentyabr oyida Ukraina kompaniyasi Shveysariyada arbitraj jarayonini boshladi. 2025-yil iyun oyida arbitraj “Gazprom”ni gaz tashish xizmatlari uchun “Naftogaz”ga 1,4 milliard dollar qarz to‘lashga, shuningdek, sud xarajatlarini qoplashga majbur qildi. Rossiya tomoni bu qarorga e’tiroz bildirishga urindi, biroq Shveysariya Federal sudi uni 2026-yil mart oyida o‘z kuchida qoldirdi.
Ukrainadagi urush boshlanganidan beri “Gazprom”ning sobiq hamkorlari tomonidan Rossiya kompaniyasiga qarshi ilgari surilgan da’volarning umumiy miqdori kamida 19,5 milliard yevroni tashkil etadi.
“Naftogaz”dan tashqari Finlyandiyaning Gasum, Fransiyaning Engie, Italiyaning Eni, Slovakiyaning ZSE Energia va Avstriyaning OMV kompaniyalari ham “Gazprom”ga qarshi shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun da’vo qo‘zg‘atgan. Shuningdek, sudga Germaniyaning RWE va Unipro, Chexiyaning Net4gas va Innogy Energie, Niderlandiyaning Gasunie Transport Services va BBL Company V.O.F, Shveysariyaning DXT Commodities va Gretsiyaning DEPA kompaniyalari murojaat qilgan.








