2023-yilda butun dunyo bo‘ylab qariyb 1,2 milliard kishi ruhiy kasalliklardan aziyat chekkan. Bu 1990-yilga nisbatan 95,5 foizga ko‘p demakdir. Bu haqda yangi tadqiqot natijalariga tayanib CNN xabar berdi.
Eng katta o‘sish xavotir (tashvishlanish) va depressiyada kuzatildi. Ikkala xastalik 2023-yilda ham eng ko‘p tarqalgan ruhiy buzilishlar bo‘ldi. Uchinchi o‘rinni boshqa ruhiy kasalliklar yoki zararli moddalar iste’moli bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiyat buzilishlari egalladi.
Tadqiqot 21-may kuni The Lancet tibbiyot jurnalida chop etilgan bo‘lib, unda 204 ta mamlakat va hududdagi 12 ta ruhiy kasallikning yosh, jins, yashash joyi va sotsiodemografik omillarga ko‘ra qanday farqlanishi o‘rganilgan.
Tadqiqotning yetakchi muallifi doktor Demian Santomauro ko‘rsatkichlarning bu qadar kattaligidan hayratda ekanini aytdi.
“Bunda ko‘plab omillar mavjud va ularning hammasini bir-biridan ajratish qiyin. Mazkur xavf omillariga qarshi kurashish global miqyosda jamoaviy yetakchilikni talab qiladi”, deya qo‘shimcha qildi Avstraliyadagi Kvinslend universiteti Jamoat salomatligi maktabi dotsenti Santomauro.
Tadqiqotda o‘rganilgan boshqa ruhiy kasalliklar sirasiga bipolyar buzilish, shizofreniya, autizm spektri buzilishi, diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi (DEGS), anoreksiya, bulimiya, distimiya, xulq-atvor buzilishi hamda noma’lum sabablarga ko‘ra kelib chiqqan aqliy rivojlanishdan ortda qolish kiradi.
Ma’lumot o‘rnida, distimiya — bu uzoq muddatli, ammo yengil shakldagi depressiya bo‘lib, u surunkali depressiv buzilish deb ham ataladi. Xulq-atvor buzilishi esa bolalar va o‘smirlarga ta’sir qiladi hamda itoatsizlik va agressiv xatti-harakatlarning doimiy shakli bilan namoyon bo‘ladi.
Kasalliklar ko‘rsatkichi va pandemiya ta’siri
Olimlar barcha 12 ta kasallik bo‘yicha o‘sishni aniqladi. Xususan, 1990-yilga qaraganda xavotir hissi 158 foizga, depressiya esa 131 foizga ko‘paygan. Eng kam tarqalgan kasalliklar anoreksiya, bulimiya va shizofreniya bo‘ldi. Shunga qaramay, ular ham kam uchraydi deb bo‘lmaydi. Chunki 2023-yilda dunyoda qariyb 4 million anoreksiya, 14 million bulimiya va 26 million shizofreniya holatlari qayd etilgan.
Ko‘pgina ruhiy kasalliklar ayollarda ko‘proq uchraydi. Ammo autizm, xulq-atvor buzilishi, DEGS, shaxsiyat buzilishi va sababi noma’lum aqliy zaiflik erkaklarda ko‘proq aniqlangan. Tadqiqot, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi ayrim ruhiy kasalliklar darajasiga qanday ta’sir qilganini ham oydinlashtiradi.
Koronavirus pandemiyasidan oldin ham xavotir, depressiya va boshqa kasalliklar darajasi o‘sib borayotgan edi. Biroq bu davrda va undan keyin depressiya yanada ko‘paydi va pandemiyadan oldingi darajaga qaytmadi. Xavotir hissi esa eng yuqori nuqtaga chiqdi va 2023-yil davomida ham yuqoriligicha qoldi.
Eng yuqori nuqta yoshlarga ko‘chdi
Ruhiy kasalliklar borgan sari nogironlikning asosiy sababiga aylanmoqda. Bundan eng ko‘p ayollar hamda 15 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan insonlar aziyat chekmoqda. Santomaroning aytishicha, ilgari ruhiy muammolar ko‘pincha o‘rta yoshli odamlarda (xususan, ayollarda) eng yuqori darajada bo‘lgan bo‘lsa, endilikda tarixda birinchi marta 15-19 yoshli o‘smirlar eng ko‘p aziyat chekayotgan guruhga aylangan.
“Biz tarixan eng yuqori ko‘rsatkichni har doim o‘rta yoshdagi odamlarda ko‘rar edik”, deb ta’kidladi u.
Virjiniya Tech Karilion tibbiyot maktabining Psixiatriya va xulq-atvor tibbiyoti kafedrasi mudiri, doktor Robert Trestmanning so‘zlariga ko‘ra, yoshlik davri miyaning, shuningdek, ijtimoiy va intellektual ko‘nikmalarning rivojlanishi uchun zaif va muhim davr hisoblanadi. Ushbu tadqiqotda qatnashmagan Trestmanning qo‘shimcha qilishicha, rivojlanishning buzilishi uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ekspertlarning fikricha, ko‘rsatkichlarning oshishiga ham ijobiy, ham salbiy omillar sabab bo‘lmoqda.
“Ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq tamg‘alash (stigma) sezilarli darajada kamaydi. Odamlar endi ich-ichidan yig‘lab, jim azob chekish o‘rniga, yordam so‘rab murojaat qilishda o‘zlarini ancha erkin his qilmoqda”, dedi Amerika Psixiatriya assotsiatsiyasining sog‘liqni saqlash tizimlari va moliyalashtirish kengashi raisi bo‘lgan Trestman.
Santomauro va boshqa ekspertlar ruhiy qiynalayotgan har bir kishiga yordam berishi mumkin bo‘lgan tavsiyalar berdi. Bunga mutaxassis bilan maslahatlashish, turli terapiyalar, dori-darmonlar va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanish kiradi.
Shuningdek, mutaxassislar imkon qadar turmush tarzini yaxshilashni maslahat berilmoqda. Jumladan, to‘g‘ri ovqatlanish, ijtimoiy aloqalar, jismoniy mashqlar, uyqu, sevimli mashg‘ulotlar (hobbi) hamda ish va shaxsiy hayot muvozanatini saqlash o‘ta muhim hisoblanadi.








