Daryo

“Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga hech qachon tahdid yaratmagan” — Rossiya TIV o‘rinbosarining bayonotiga munosabat

Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Galuzin “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida g‘arbning markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. “Daryo” bu masalada mahalliy ekspertlar fikrini o‘rgandi.

5 daqiqa o‘qish21 781 ko‘rishlar0 izoh8

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida g‘arbning markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar kuchayib borayotganidan xavotir bildirib, AQSH va Yevropa Ittifoqining mintaqa davlatlari bilan nodir metallar bo‘yicha hamkorligini Rossiyani markaziy Osiyodan siqib chiqarishga qaratilgan strategiya sifatida baholadi.

Galuzinning ushbu bayonoti ortida qanday geosiyosiy xavotirlar yotibdi? “Daryo” bu masalada mahalliy ekspertlar fikrini o‘rgandi.
“Bilim Karvoni” nodavlat notijorat ilmiy muassasasi direktori, siyosiy fanlar doktori — Farhod Tolipov “Daryo” bilan suhbatda Galuzinning bayonoti aslida yangilik emasligini, 1991-yildan beri Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo haqida shunga o‘xshash xavotirlar va shubhalar turli shakllarda aytib kelinayotgani ta’kidladi. Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston, Rossiyaga hech qachon xavotir yaratmagan.

Galuzinning bayonotlari aslida yangilik emas. 1991-yildan beri Rossiya tomonidan Markaziy Osiyo haqida shunga o‘xshash xavotirlar va shubhalar turli shakllarda aytib kelinadi. Masalan, 2001-yilda 11-sentyabr voqealaridan keyin AQSH O‘zbekiston va Qirg‘izistonda harbiy bazalar joylashtirganda ham Moskva buni “Amerika Markaziy Osiyoga kirib kelmoqda”, degan xavotir bilan qabul qilgan edi. Holbuki, bu bazalar Afg‘onistondagi operatsiyalarda ko‘mak uchun kerak bo‘lgan.Yoki 2023-yilda Rossiya TIV NATO va AQSH Markaziy Osiyo davlatlari bilan harbiy hamkorlik qilmasligi kerakligi haqida deyarli ultimatum ohangidagi bayonot bergan edi. Go‘yoki mintaqa davlatlari kim bilan hamkorlik qilishni mustaqil tanlay olmaydigandek. Shunga o‘xshash misollar juda ko‘p.Aslida, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston, Rossiyaga hech qachon xavotir uchun sabab bermagan. O‘zbekiston Rossiya bilan 2004-yilda strategik sheriklik, 2005-yilda esa ittifoqchilik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolagan. Rossiya yillar davomida O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Bunday yaqin munosabatlar fonida doimiy shubha va xavotirlarni sog‘lom tafakkur mahsuli deb bo‘lmaydi.Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari suveren davlatlardir va kim bilan hamkorlik qilishni o‘zlari hal qiladi. Shu sabab O‘zbekiston yoki boshqa mintaqa davlatlari Rossiyaga nisbatan biror tahdid yaratgani yo‘q, dedi Farhod Tolipov.
Farhod Tolipov
Foto: Skrenshot

Diplomat Alisher Shayxov O‘zbekiston ochiq investitsion siyosat yuritayotganini, davlat esa bunday vaziyatda ko‘proq foyda, texnologiya va samarali hamkorlik taklif qilgan tomon bilan ishlashni tanlashini ta’kidladi.

“Har bir davlat va har bir mintaqaning o‘z manfaatlari bor. Siyosatchilar, tabiiyki, avvalo o‘z mamlakati manfaatidan kelib chiqib gapiradi — bu normal holat. Lekin biz uchun eng muhimi o‘zimizning milliy va mintaqaviy manfaatlarimizdir. Shu sabab ko‘p vektorli siyosat Markaziy Osiyo uchun eng maqbul yo‘l bo‘lib qolmoqda. Ya’ni barcha davlatlar bilan ishlash, lekin qaysi hamkor mamlakatimiz iqtisodiyoti, biznesi va xalqiga ko‘proq foyda keltirsa, o‘sha yo‘nalishga ustuvor e’tibor qaratish kerak.

Ayniqsa strategik resurslar va metallar masalasi juda katta imkoniyat bilan birga katta mas’uliyat hamdir. Bu sohada O‘zbekiston ochiq investitsion siyosat yuritmoqda: Rossiya bo‘ladimi, AQSH, Yevropa yoki arab davlatlari bo‘ladimi — barchasi uchun imkoniyat ochiq. Bugun ilgari e’tibor bermagan yirik kompaniyalar ham O‘zbekistonga qiziqish bildiryapti. Bu esa ochiq iqtisodiy siyosat samarasidir.Davlat esa tabiiy ravishda kim ko‘proq foyda, texnologiya va samarali hamkorlik taklif qilsa, o‘sha tomon bilan ishlaydi. Muammo siyosatni iqtisodiyot bilan haddan tashqari aralashtirishda boshlanadi. Katta davlatlar ko‘pincha faqat o‘z manfaatini ko‘zlaydi, boshqa mamlakatlar manfaatini esa yetarlicha hisobga olmaydi. Aslida barqarorlik va haqiqiy hamkorlik faqat davlatlar bir-birining manfaatlarini ham hurmat qilgan taqdirdagina yuzaga keladi”, dedi Shayxov.
Alisher Shayxov
Foto: Skrenshot

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning ta’kidlashicha, Vladimir Putin 2025-yilda Ankorijdagi Donald Tramp bilan uchrashuvda Sibirdagi qimmatbaho va nodir metallarni o‘zlashtirish bo‘yicha Amerikaga taklif bildirgan. Rossiyaning bunday bayonotlari esa asosan geosiyosiy ehtiroslardan boshqa narsa emas.

Rossiya Federatsiyasi 2022-yil fevralida Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng uning postsovet hududidagi ta’siri asta-sekin susayib bormoqda. Bu jarayonni nafaqat mintaqa davlatlari, balki Moskvaning o‘zi ham sezmoqda. Rossiya bugun ma’lum ma’noda post-imperiyachilik sindromi bilan yuzlashayotgan davlatlardan biri sifatida ko‘riladi.

Biz esa mustaqil davlatlarmiz va nodir metallar bo‘yicha hali hech qanday “inqilobiy” kelishuvlar yoki yirik loyihalar yo‘q. Shunga qaramay, Rossiya ba’zan turli omillarni bahona qilib, mintaqa davlatlarining ichki siyosati va ko‘p vektorli tashqi siyosatiga ta’sir ko‘rsatishga urinadi.Masalan, bir davrda Afg‘oniston masalasida Rossiya “Tolibon” bilan aloqalarni o‘z manfaatlari doirasida ko‘rib, G‘arb ta’siriga qarshi pozitsiya tutgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo kontekstida uni tahdid sifatida talqin qilgan holatlar ham bo‘lgan.Rossiya tomonidan berilayotgan nodir metallar bo‘yicha fikrlar faqatgina geosiyosiy pozitsiya, xolos. AQSH prezindeti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putinning Ankorijdagi uchrashuvida Putinning o‘zi Sibirdagi qimmatbaho metallar, nodir metallarni o‘zlashtirish bo‘yicha Amerikaga taklif berdi. Nima uchun biz uni qila olmaymiz? Yaʼni bu yerda Rossiyaning mana bu bayonotlari, bilasizmi, faqatgina o‘sha geosiyosiy ehtirosdan boshqa narsa emas”, deydi Rabbimov.
Kamoliddin Rabbimov
Foto: Skrenshot

Qozog‘istondagi Ramazon Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi — Erkin Baydarov Markaziy Osiyo mintaqasi yirik davlatlar o‘rtasida tabiiy resurslar uchun kurash maydoniga aylanib borayotgani, shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, har bir davlat o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilish huquqiga ega ekanligini ta’kidladi.

“Bugun masala juda murakkab va global xarakterga ega. AQSH, Yevropa Ittifoqi va Xitoy kabi yirik kuchlar nodir metallar va strategik xomashyoga tobora ko‘proq qiziqish bildirmoqda. Bu resurslarga talab keskin oshib borayotgani sir emas.

Shu bois, resurslar uchun raqobat kuchayishi tabiiy jarayon. Bu jarayonda imkoniyatga ega davlatlar faol harakat qilmoqda. Masalan, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning AQSHga tashrifi davomida amerikalik tomon bilan yirik volfram koni bo‘yicha memorandum imzolangani jamiyatda turli munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar buni strategik resurslarni xorijga berish sifatida baholagan bo‘lsa, boshqalar esa bu jarayonni texnologiya va investitsiya jalb etish nuqtayi nazaridan ko‘rdi.Haqiqatan ham, hozircha ko‘plab Markaziy Osiyo davlatlari bunday murakkab resurslarni to‘liq mustaqil qazib olish va qayta ishlash uchun zarur texnologiyalarga ega emas. Shu sababli xorijiy hamkorlar ishtirokida loyihalar amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, bu holat ayrim yirik strategik hamkorlarda savollar va ehtiyotkorlikni keltirib chiqarmoqda, chunki mintaqa davlatlari tobora ko‘proq mustaqil va ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritmoqda.Shunga qaramay, har bir davlat o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilish huquqiga ega. Resurslar atrofidagi raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda ham Markaziy Osiyo davlatlari investitsiyalar uchun ochiqlikni saqlab qolmoqda. Bu esa uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, dedi mutaxassis.

Galuzinning da’vosiga ko‘ra, G‘arb mintaqa davlatlariga go‘yoki “iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish” yoki “tashqi tahdidlardan himoya qilish”ga qaratilgan loyihalarni taklif qilmoqda. U misol tariqasida AQSH va Yevropa Ittifoqining mintaqadagi asosiy transport yo‘laklari hamda tabiiy resurslarga e’tibor qaratayotganini ham keltirib o‘tgan.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar