Turkiya Superligasining 2025/2026-yilgi mavsumi o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun tarixiy voqelik bilan yakunlandi. “Bashakshehir” hujumchisi Eldor Shomurodov mavsum davomida raqiblar darvozasini 22 bor ishg‘ol qilib, chempionat to‘purariga aylandi. Biroq yakunda u ushbu unvonni “Trabzonspor” forvardi Pol Onuachu bilan bo‘lishishga majbur bo‘ldi.
Xo‘sh, nima uchun Shomurodov turnir jadvalida yakka peshqadamga aylana olmadi va Turkiya chempionati qoidalari bu vaziyatda qanday ishlaydi?
Agar Turkiya Superligasida to‘purar xalqaro turnirlardagidek qo‘shimcha ko‘rsatkichlar yoki “gol+pas” tizimi bo‘yicha aniqlanganda, Eldor Shomurodov yakka o‘zi peshqadamga aylanar edi.
Sababi o‘zbekistonlik hujumchi mavsum davomida 22 ta goldan tashqari, 5 ta golli uzatmani ham amalga oshirgan. Pol Onuachu hisobida esa 22 ta gol va 2 ta assist mavjud. Natijada “gol+pas” tizimida Shomurodov 27 ochko bilan mutlaq yetakchiga aylanadi, nigeriyalik forvard hisobida esa 24 ochko qoladi. Biroq Turkiya chempionati reglamentida assistlar soni hisobga olinmagani sababli, har ikki futbolchi ham to‘purar deb topildi.
Agar samaradorlik maydondagi daqiqalar bo‘yicha hisoblansa, nigeriyalik hujumchi peshqadamga aylanardi. Chunki Onuachu 22 ta golni 30 ta o‘yinda, Shomurodov esa 34 ta bahsda raqiblar darvozasiga kiritgan.
- Eldor Shomurodov: 22 ta golni 34 ta o‘yinda kiritdi (har bir o‘yinga o‘rtacha 0.65 gol).
- Pol Onuachu: 22 ta golni 30 ta o‘yinda urishga erishdi (har bir o‘yinga o‘rtacha 0.73 gol).
Ko‘rinib turganidek, har ikki hujumchining gollari soni teng bo‘lsa-da, samaradorlik borasida nigeriyalik futbolchining ko‘rsatkichlari biroz yuqoriroq bo‘lgan. Ammo ligadagi yakuniy qarorga bu omillar ta’sir ko‘rsatmaydi.
Superliga qoidalari nima deydi?
Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) reglamentiga ko‘ra, to‘purarlar poygasida gollar soni teng kelib qolgan vaziyatda qo‘shimcha jihatlar — assistlar soni, kamroq maydonga tushganlik yoki penaltidan urilgan gollar hisobga olinmaydi. Kim nechanchi o‘rinda, necha daqiqa o‘ynaganidan qat’i nazar, gollar soni teng bo‘lsa, futbolchilar teng huquqli “mavsumning eng yaxshi to‘purari” deb e’lon qilinadi. Shu sababli ham Eldor Shomurodov Onuachuni ortda qoldirib, yakka o‘zi g‘olib bo‘la olmadi.
Turkiya chempionati tarixida to‘purarlik sovrini bir nechta futbolchiga bo‘lib berilishi kam kuzatiladigan holat. 2025/2026-yilgi mavsum turnir tarixida bunday ko‘rsatkich qayd etilgan to‘rtinchi mavsum bo‘ldi:
- 1975/1976-yilgi mavsum: Ali Usmon Renklibay (“Ankaraguju”) va Jemil Turan (“Fenerbahche”) 17 tadan gol urib, ilk bor sovrinni bo‘lishib olishgan.
- 1979/1980-yilgi mavsum: Baxtiyor Yorulmaz (“Bursaspor”) va Mustafo Denizli (“Altay”) 12 tadan gol bilan tarixda ikkinchi bor bunday natijani qayd etgan.
- 2001/2002-yilgi mavsum: Ilhan Mansiz (“Beshtiktosh”) va Arif Erdem (“Galatasaroy”) 21 tadan gol urib, uchinchi bor turnir tarixida uchinchi bor to‘purarlik sovrinini bo‘lishgan.
O‘tgan 24 yillik tanaffusdan keyin Aynan Eldor Shomurodov va Pol Onuachu juftligi Turkiya ligasi tarixida to‘rtinchi bor to‘purarlik tojini o‘zaro bo‘lishib olgan hujumchilar tandemga aylandi.
Shu bilan birga Eldor Shomurodov “Bashakshehir” klubi tarixida to‘purarlik sovrinini qo‘lga kiritgan ilk futbolchiga aylandi. Shuningdek, u Turkiya Superligasi tarixida to‘purar unvoniga ega chiqqan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida qayd etildi.








