“Tolibon” noma’lum ayblovlar bilan kamida uch nafar jurnalistni hibsda saqlamoqda. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi missiyasiga tayanib Reuters xabar berdi.
Hibsga olinganlardan biri Kobulda joylashgan Paigard axborot agentligi rahbari, qolgan ikki nafari esa Afg‘onistonning 24 soatlik TOLOnews telekanali xodimlari hisoblanadi. BMT “Tolibon” hukumatini xalqaro inson huquqlari qonunchiligiga muvofiq o‘z majburiyatlarini bajarishga hamda jurnalistlarning qo‘rqitish, ta’qib va bosimsiz faoliyat yuritishini ta’minlashga chaqirdi.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko‘ra, 2021-yil avgustida, “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan keyin uch oy ichida Afg‘onistondagi OAVlarning 40 foizdan ortig‘i yopildi, ayollarning aksariyatiga esa jurnalistika sohasida ishlash taqiqlandi.
“Afg‘oniston jurnalistlar uchun dunyodagi eng xavfli mamlakatlar qatoriga kiradi”, deydi “Chegara bilmas muxbirlar” guruhi.
“Tolibon”ning Axborot va madaniyat vazirligi TOLOnews’ning ikki jurnalisti hibsga olinganini tasdiqlab, ularning ishi tergov qilinayotganini bildirdi. Biroq ularga qanday ayblovlar qo‘yilganini ochiqlamadi.
Ma’lum qilinishicha, gap Imron Danish va Mansur Niyoziy haqida ketmoqda. Xavfsizlik xodimlari ularga oid ishlar bo‘yicha qonuniy jarayonlar yakunlangach, qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirgan. Paigard axborot agentligi xodimi Ahmad Javed Niyoziy esa 7-may kuni kechqurun Kobuldagi ofisida “Tolibon” razvedka kuchlari tomonidan hibsga olingan.








