Daryo

Rossiyada Oʻzbekiston va Bangladeshdan kelgan ishchilar mushtlashdi

Parranda fabrikasidagi mushtlashuvda 60 kishi ishtirok etdi. Yetti kishining ahvoli ogʻir, voqea joyiga toʻrtta mashinada OMON, “Rosgvardiya” xodimlari yetib kelgan.

1 daqiqa o‘qish17 695 ko‘rishlar0 izoh17

Rossiyaning Leningrad viloyatidagi parrandachilik fabrikasida O‘zbekiston va Bangladeshdan kelgan mehnat muhojirlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv yuz berdi. Bu haqda “Fontanka” xabar berdi.

Hodisa 12-may kuni Kirov tumanida joylashgan “Sinyavinskaya” parrandachilik fabrikasida yuz bergan. Janjalga Markaziy va Janubiy Osiyodan kelgan ishchilar o‘rtasidagi ogʻzaki nizo sabab bo‘lgan. OAV ushbu mojaroda aynan O‘zbekiston va Bangladesh fuqarolari ishtirok etganini xabar qilmoqda.

Mushtlashuvda jami 60 ga yaqin kishi ishtirok etgan. To‘qnashuv oqibatida 20 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 7 nafarining ahvoli og‘ir. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari mojaroning 12 nafar ishtirokchisini qo‘lga olib, bo‘limga olib ketgan. Qo‘lga olinganlarning barchasi 21 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlaridan birining fuqarolaridir.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv Bangladesh fuqarosi markaziy osiyolik hamkasbini o‘pganidan keyin boshlangan. Buni o‘zbekistonlik erkakning otasi payqab qolgan, shundan so‘ng mojaro yanada avj olgan. Ish smenidan so‘ng qarama-qarshilik xuddi shu parrandachilik fabrikasi hududida joylashgan yotoqxonada davom etgan. Mushtlashuvda tosh, belkurak va boshqa asboblardan foydalanilgan boʻlishi mumkin”, deb yozmoqda “Fontanka”.

Ayni paytda politsiya hodisa yuzasidan tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Aybdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Janjalning aniq kelib chiqish sabablari hozircha ochiqlanmagan.

REN TV manbasi janjalda har ikki tomondan 100 dan ortiq kishi ishtirok etganini xabar qildi. Shuningdek, voqea joyiga toʻrtta mashinada OMON, Rosgvardiya xodimlari, 10 ta tez yordam mashinasi kelganini ma’lum qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar