Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi rahbariyati shu haftada boʻlib oʻtadigan ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida Maykl Kerrikni doimiy asosda bosh murabbiy lavozimiga tayinlashni tavsiya etadi. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bosh ijrochi direktor Omar Berrada va sport direktori Jeyson Uilkoks Kerrikni keyingi mavsumda “Manchester Yunayted”ni boshqarish uchun eng munosib nomzod deb hisoblamoqda va Jim Retkliffga tegishli taklifni kiritishga tayyor. Kerrik Karringtondagi mashgʻulot bazasida kelgusi rejalar boʻyicha oʻtkazilayotgan yigʻilishlarda qatnashmoqda, futbolchilar va klub xodimlari esa aynan u ushbu lavozimni egallashini kutishmoqda.
Shu bilan birga, klub boshqa variantlarni ham koʻrib chiqyapti, ular orasida “Bornmut” ustozi Andoni Iraola va “Aston Villa” murabbiyi Unai Emeri nomzodlari bor.
44 yoshli Maykl Kerrik 2026-yilning 13-yanvaridan buyon “Manchester Yunayted” bosh murabbiyi vazifasini vaqtincha bajaruvchi boʻlib ishlab kelmoqda.
Ma’lumot uchun, mankunianliklar Angliya Premyer Ligasining 35-turidan keyin 65 ochko bilan 3-pog‘onani band etgan va ikki yillik tanaffusdan so‘ng, kelasi mavsumda UEFA Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.








