“Barselona” klubi sobiq himoyachisi Jerar Pike fond bozoridagi noqonuniy operatsiyalari sababli 200 ming yevro miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Ispaniya milliy qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (CNMV) matbuot xizmatiga tayanib UA Football xabar berdi.
Pikening jazolanishiga uning 2021-yil boshida amalga oshirgan shubhali bitimi sabab bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, u insayd ma’lumotlaridan (ommaga hali e’lon qilinmagan maxfiy xabarlar) foydalangan holda aksiyalar sotib olib, qisqa muddatda mo‘may daromad ko‘rgan. O‘shanda Atrys Health kompaniyasi Aspy Global Services’ni sotib olishini rasman e’lon qilishidan ikki kun avval, Pike muzokaralar natijasi haqida maxfiy ma’lumotga ega bo‘lgan. Ma’lumotni unga Aspy Global Services kompaniyasi bosh direktori Xose Elias Navarro yetkazgan.
Vaziyatni darhol o‘z foydasiga burgan Pike donasi 2,29 yevrodan jami 104 166 dona aksiyani sotib olishga 240 ming yevro tikkan. Kutilganidek, rasmiy e’londan so‘ng aksiyalar narxi keskin ko‘tarilib, 2,80 yevroga yetgan. Natijada sobiq futbolchining sarmoyasi atigi bir necha kun ichida 50 ming yevroga ko‘paygan.
Ispaniya birjalar komissiyasi bu holatni “maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘la turib, bozorni suiiste’mol qilish” deb baholadi. Endilikda Pike ko‘rgan foydasidan to‘rt baravar ko‘p miqdorda jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi.








