Belgiya Ukrainaga o‘zidagi 53 ta F-16 qiruvchi samolyotini topshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Teo Franken ma’lum qildi, deb yozmoqda Le Vif jurnali.
Vazirning aytishicha, samolyotlarni yetkazib berish jarayoni 2029-yilgacha davom etadi. Dastlabki 7 ta F-16 samolyoti Ukrainaga 2026-yilda topshiriladi. Biroq ulardan 4 tasi faqat uchuvchilarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, jangovar parvozlarda qatnashmaydi.
Belgiya hukumati hozircha Kiyev Bryusseldan birorta ham F-16 olmaganini tan oldi. Avvalgi hukumat samolyotlarni yetkazib berishni 2024-yilda boshlashga va’da qilgan edi.
Kechikishlarga Belgiya tomonidan xarid qilingan Amerikaning F-35 Lightning II qiruvchi samolyotlari yetkazib berilishidagi muammolar sabab bo‘layotgani aytilmoqda. Aynan shu samolyotlar Belgiya armiyasidagi eskirgan F-16 samolyotlari o‘rnini bosishi kerak.
Avvalroq Ukraina Norvegiyadan 2023-yilda va’da qilgan 6 ta F-16 samolyotini ham hanuz olmagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Manbalarga ko‘ra, Kiyev ayni paytda ushbu qiruvchi samolyotlarga juda katta ehtiyoj sezmoqda.








