O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning amakivachchasi, Sovet Ittifoqi qahramoni O‘runbek Yoqubov Ikkinchi jahon urushida 20 dan ortiq vermaxt askarini yo‘q qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda arxiv hujjatlari bilan tanishib chiqqan “TASS” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘runbek Yoqubov Oder daryosidan o‘tish paytida vermaxtning 7 ta qarshi hujumini qaytarishga yordam bergan. U 31-o‘qchi diviziya 248-o‘qchi polkining minomyotchilar rotasi hisob komandiri bo‘lgan. 1944-yil fevral oyida Dneprni kechib o‘tishda dushmanning 15 ta qarshi hujumini uch kun davomida qaytargani uchun Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan. 1945-yil aprel oyida Yoqubov “Qizil Yulduz” ordeni bilan taqdirlangan.
“1945-yil 24-yanvarda Shteyne qishlog‘idan g‘arbroqda Oder daryosini kechib o‘tish chog‘ida Yoqubov o‘z minomyotidan o‘t ochish orqali o‘qchilarni qo‘llab-quvvatlab, ularning daryoni muz ustidan kesib o‘tishiga va platsdarmni egallashiga ko‘maklashdi. O‘qchilar ortidan minomyotlarini g‘arbiy sohilga olib o‘tgan Yoqubov ikki kun davomida platsdarmni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan dushmanning 7 ta shiddatli qarshi hujumini qaytarishda piyoda askarlarga yordam berdi. Bu janglar davomida o‘z minomyotlari o‘ti bilan dushmanning 2 ta o‘t ochish nuqtasini hamda yigirmadan ortiq askar va ofitserini yo‘q qildi”, deyiladi tegishli ordenning mukofot varaqasida.
Bundan tashqari, Yoqubov “Jasorat” va “Kavkaz mudofaasi uchun” medallari bilan ham taqdirlangan.








