Yaqinda ta’til. Farzandingiz maktabdan charchab qaytgach, yana dars qilishdek azobga duch keladi. Dunyoning ko‘plab davlatlarida uyga vazifadan allaqachon voz kechgan. Nima uchun uy vazifasi bolalar uchun zararli bo‘lishi mumkinligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Bolalikdan o‘smirlik davrigacha bolalar bilim to‘playdi, o‘rganadi. Bu bilimlarni mustahkamlash uchun o‘qituvchilar uy vazifasini topshiradi. Bu ularga materialni o‘zlashtirishga yordam beradi, o‘zini tuta bilish qobiliyatini rivojlantiradi, qiyinchiliklarni yengishni o‘rgatadi va qiziqishlarini uyg‘otadi. Ko‘plab bolalar maktabdan keyin uy vazifasini bajarishni yoqtirmaydi. Bu loyihalarni tayyorlash, mashqlar bajarish, mavzularni qayta aytib berish yoki darsdan tashqari mashg‘ulotlarda qatnashishni anglatadi.
Charchoqqa qarshi tashabbus
O‘quv yili davomida kamida bir marta uy vazifasini tayyorlamay, tanaffus qilish istagi butun dunyo bo‘ylab yashovchi bolalar orasida keng tarqalgan. Bu g‘ayrioddiy bayram maktabdan keyin yana bir dunyo misollarni yechish yoki she’rlarni yodlash o‘rniga sevimli mashg‘ulot bilan shug‘ullanish, do‘stlar bilan uchrashish uchun imkoniyat beradi.
Shu bois 6 may — Uyga vazifa berilmaydigan kun sifatida nishonlanadi hatto. 2000 yilda amerikalik er-xotin pedagoglar Tomas va Rut Roy o‘quvchilar vaqti-vaqti bilan maktab darslariga aloqador bo‘lmagan qiziqishlarga e’tibor qaratish va boshqa mashg‘ulotlarga vaqt ajratishi uchun bu kunni joriy etishgan.
Bundan tashqari, bayram o‘qituvchilarga daftarlar yoki qog‘ozlar uyumidan tanaffus qilib, dam olish vaqti kelganini eslatadi. Uy vazifasini bajarish ta’lim jarayonining samaradorligini oshiradi. Shuning uchun ko‘plab mamlakatlarda bu amaliyot davlat va xususiy maktablarda mavjud. Biroq, uy vazifasi bolaning barcha bo‘sh vaqtini egallamasligi kerak.
O‘zbekistonda holat qanday?
O‘zbekistonda uyga vazifa berish va tekshirish orqali nimalarga erishish nazarda tutilgan. Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday deyiladi:
Odatda o‘quvchilar maktab darslaridan keyin uyga berilgan vazifalarni bajarishni xohlamaydi. Ammo o‘qituvchi o‘quvchini uyga vazifalarni bajarishga undash orqali o‘quvchida quyidagi xususiyatlarni shakllantirishi mumkin.
- Mas’uliyat va intizomni shakllantirish. Uy vazifasi mustaqil ravishda ishlarni bajarish odatini shakllantirishga yordam beradi. Shuningdek, o‘quvchini kelajakda mustaqil va mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatish uchun yaxshi imkoniyatdir.
- Muammolarni qanday hal qilishni o‘rgatish. Uy vazifasi o‘quvchilarga amaliy yechimlarni topish va ularni hal qilish orqali muammolarni yechish imkonini beradi. Agar ular buni uddalay olmasalar, ular harakat qilishda davom etadilar va hal qilmaguncha to‘xtamaydilar
- O‘z-o‘zini o‘rganish uchun qulay muhit yaratish. Chunki bolalar o‘zlarini doimiy o‘qituvchi kuzatib turgandek his qilmaydi. Bu o‘quvchilarga mustaqil o‘qish va o‘z vaqtlarini boshqarishni o‘rganish, shuningdek o‘qishda yaxshiroq bo‘lishlari uchun ko‘rsatmalarga amal qilish imkonini beradi.
- Ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirish. Chunki bolalar vazifalarni o‘zlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelsa ota - onalaridan yordam so‘raydi. Bu orqali ota - onalar ham farzandlari nimalarni o‘rganayotganligini nazorat qiladi.
Xorijiy davlatlar tajribasi
Isroil, Yaponiya va Fransiyadagi boshlang‘ich maktab o‘quvchilariga uy vazifasi berilmaydi. Norvegiyada esa uy vazifasi har qanday yoshdagi bolalarga berilmaydi. Brukings instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, amerikalik maktab o‘quvchilarining taxminan 25 foiziga uy vazifasi umuman berilmaydi.
Yaponiya va Janubiy Koreyada aksincha. Bolalarga ko‘proq uy vazifasi berishga harakat qilishadi. Bu mamlakatlarda o‘quvchilar dam olish kunlari va hatto ta’til paytlarida ham qo‘shimcha uy vazifasi olish uchun maktabga borishlari mumkin.
Xitoyda esa o‘quvchilarga ortiqcha uy vazifasi berish yaqindan boshlab taqiqlandi. XXR Ta’lim vazirligi buni o‘quvchilarning jismoniy va ruhiy salomatligini mustahkamlashga qaratilgan yangi choralar sifatida qabul qildi. Xitoy maktablarida ortiqcha uy vazifalari berish keng tarqalgan. Bu o‘quvchilarda uyqusizlik, xavotir va depressiyaga sabab bo‘lmoqda. Yangi choralar imtihonlar sonini cheklashni va tanaffus vaqti bolaning tashqariga chiqishiga to‘sqinlik qilmaslikni ham o‘z ichiga oladi.
10 daqiqalik qoida
Dyuk universiteti psixologi va nevrologi professor Harris M.Kuper ta’lim jarayonining ushbu muhim tarkibiy qismiga «o‘n daqiqalik qoida»ni qo‘llashni taklif qildi. Ushbu qoidaga ko‘ra, uy vazifasi vaqti sinf darajasiga qarab belgilanishi kerak. Masalan, 1-sinf o‘quvchisi uyda uy vazifasiga 10 daqiqa, 4-sinf o‘quvchisi esa 40 daqiqa sarflashi kerak. Kuper va uning hamkasblarining fikriga ko‘ra, ushbu vaqt chegaralaridan tashqari bajarilgan uy vazifalari foyda bermaydi.

Dyuk universiteti olimlarining fikriga ko‘ra, uy vazifasi uchun kuniga 90 daqiqa ajratish o‘rta maktab o‘quvchilarining o‘quv natijalarini yaxshilash uchun eng maqbuldir. Umuman olganda, bu jarayon maktab o‘quvchilari uchun 1,5-2 soatdan oshmasligi kerak.
Bolalarga erkinlik bering
Tadqiqotchilar, shuningdek, uy vazifalari har bir o‘quvchining qobiliyatiga moslashtirilishi kerak, deb hisoblashadi. Psixologlar uy vazifasini jazo emas, balki bilimlarni mustahkamlash vositasi sifatida ko‘rishadi. Asosiy maqsad — bola va ota-onani qiynash emas, mustaqillikni rivojlantirish. Muvozanatni saqlash, ortiqcha toliqishning oldini olish, xotirjam ohangni saqlab qolish, vazifani bajarish mas’uliyatini esa asta-sekin o‘quvchining o‘ziga yuklab, faqat zarur bo‘lgandagina yordam berish muhimdir.
Psixologlarning asosiy tavsiyalari:
Nazorat emas, mustaqillik: Ota-ona yordam berishi kerak, lekin topshiriqlarni bolaning «o‘rniga» bajarmasligi lozim.
Rejim va vaqt: Darslarni bolaning biologik ritmlarini hisobga olgan holda, butun oqshomga cho‘zib yubormasdan tayyorlagan ma’qul.
Xotirjamlik: Baqirish va stress o‘rganish jarayonini to‘xtatib qo‘yadi. Eng muhimi — ideal baholar emas, balki konstruktiv muloqot va qo‘llab-quvvatlash.
Shaxsiy xatolar: Bola sabab-oqibat bog‘liqligini tushunishi uchun o‘z xatolaridan xulosa chiqarishni o‘rganishi kerak.
Dam olish muhimroq: Uy vazifalari haddan tashqari ko‘p bo‘lishi ham zararli. Yozgi ta’til yaqinlashmoqda, bolani hordiqdan mahrum qilmaslik uchun yozgi vazifalar majburiy emas, balki tavsiyaviy xarakterda bo‘lishi kerak.
Uy vazifasi bilan bog‘liq muammolarning sabablari:
Motivatsiyaning yo‘qligi: Bola bu nima uchun kerakligini tushunmaydi.
Charchoq: Jismoniy yoki hissiy zo‘riqish.
Omadsizlikdan qo‘rqish: Xato qilib qo‘yishdan cho‘chish.
Taym-menejment ko‘nikmasining yo‘qligi: Vaqtni to‘g‘ri rejalashtira olmaslik.

Agar uy vazifasini bajarish jarayoni muntazam ko‘z yoshlar va xarxashalarga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, mutaxassislar bolani har qanday qiymat evaziga ishlashga majbur qilmaslikni tavsiya etadi. Buning o‘rniga yondashuvni qayta ko‘rib chiqish, fan o‘qituvchisi bilan gaplashish zarur.
Uyga vazifasiz kun esa #NoHomeworkDay heshtegi bilan internetda post joylashtirish bilan nishonlanadi odatda.
Har yili shu kuni internetda uy vazifasi berilishi kerakmi, berilsa qancha hajmda bo‘lishi kerak, maktab ta’tillarida bola to‘liq dam olishi kerakmi yoki uy vazifalarini ham bajarishi kerakmi, degan qizg‘in munozaralar avj oladi.
Kattalar odatda bu va boshqa savollarga javob izlashadi. Boshqa tomondan, bolalar bayramni nishonlash uchun shunchaki maktab ishlaridan tanaffus qilishadi.








