Daryo

AQSH blokadasi Eronga qanchaga tushdi?

Blokada tufayli 53 mln barrel Eron nefti ortilgan tankerlar Fors ko‘rfazida qolib ketdi. Tehron omborlar to‘layotgani sababli eski tankerlardan suzuvchi ombor sifatida foydalanmoqda.

1 daqiqa o‘qish11 952 ko‘rishlar0 izoh6

AQSHning dengiz blokadasi tufayli Eron qariyb 5 milliard dollarlik neft daromadidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda Pentagon hisob-kitoblariga tayanib Axios xabar berdi.

Blokada prezident Donald Tramp uchun Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda eng muhim vosita hisoblanadi. Pentagon rasmiylariga ko‘ra, 13-apreldan beri AQSH harbiylari neft va boshqa “kontrabanda yuklari” bilan blokadani buzib o‘tishga uringan 40 dan ortiq kemaning yo‘nalishini o‘zgartirgan.

Jami 53 million barrel Eron nefti ortilgan 31 ta tanker Fors ko‘rfazida qolib ketgan, ularning qiymati kamida 4,8 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, ikkita kema AQSH tomonidan qo‘lga olingan.

Eron mamlakatdagi omborlar to‘layotgani sababli eski tankerlardan suzuvchi ombor sifatida foydalanmoqda va ularga neftni yuklamoqda. Ba’zi tankerlar “AQSHning dengizdagi blokadasidan qo‘rqib, Xitoyga neft yetkazib berish uchun qimmatroq va uzoqroq yo‘lni tanlamoqda”. Mutaxassislar blokada qilingan tankerlarning kelgusida keng ko‘lamli yorib o‘tishga urinishlarini istisno qilmayapti.

Eronga qarshi urush boshlangach, har ikki tomon ham iqtisodiy zararni undirish uchun blokadalardan foydalandi. Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib, kemalar harakatlanishini chekladi.

AQSH esa bunga javoban Ummon ko‘rfazining g‘arbga kirish yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Pentagon matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi Joel Valdezning aytishicha, blokada “to‘liq kuch bilan ishlamoqda”.

“Biz Eronning terrorizmni moliyalashtirish va mintaqaviy beqarorlikni keltirib chiqarish imkoniyatlariga qaqshatqich zarba bermoqdamiz. Mintaqadagi qurolli kuchlarimiz bosimni davom ettiradi”, dedi u.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar