Daryo

Fransiya 2024-yilda Isroilga eng ko‘p qurol eksport qilgan davlat bo‘ldi

Parij va Tel Aviv o‘rtasidagi “sovuqchilik” qurol savdosiga ta’sir qilmadi. Fransiya Isroilga 360 mln yevro qiymatidagi harbiy litsenziyalar berdi.

2 daqiqa o‘qish7 862 ko‘rishlar0 izoh4

Fransiya 2024-yilda Isroilga qurol yetkazib berish bo‘yicha yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Isroil ushbu mamlakatdan qurol sotib olishni to‘xtatishini e’lon qilgan bo‘lsa-da, amalda Fransiya asosiy eksportchi bo‘lib qolgani aniqlandi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga tayanib Middle East Eye xabar berdi.

Yevropa Ittifoqi 29-aprel kuni e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Fransiya 2024-yilda Isroilga 362 million yevrolik (424 million dollar) qurol eksporti uchun litsenziya bergan. Ikkinchi o‘rinda Germaniya (198 million dollar) qayd etilgan. Uchinchi o‘rindan Gretsiya (133 million dollar) joy olgan.

EUobserver nashrining yozishicha, Fransiyaning 2024-yildagi litsenziyalari, asosan, butlovchi qismlar va harbiy dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan. Biroq ular orasida 122 million yevrolik (143 million dollar) o‘q-dorilar, 18 million yevrolik (21 million dollar) bomba, torpeda, raketa va boshqa portlovchi qurilmalar bor.

Isroil va Fransiya o‘rtasidagi sovuqlik

Fransiyaning harbiy ko‘magiga qaramay, Tel Aviv 2026-yil mart oyida Fransiyadan xavfsizlik vositalarini sotib olishni to‘xtatishini e’lon qildi. Isroil tomoni Parijni o‘ziga nisbatan “dushmanona” munosabatda bo‘lishda aybladi.

Isroil OAVlarining yozishicha, bunga Parijning BMTdagi Isroilga qurol embargosi qo‘yish haqidagi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagani haqidagi xabarlar (aslida Fransiya bu ovoz berishda betaraf qolgan edi) sabab bo‘lgan, Bundan tashqari, Fransiya mudofaa ko‘rgazmalarida Isroil ishtirokiga cheklovlar qo‘ygan.

The Jerusalem Post nashrining xabar berishicha, shunga qaramay, amaldagi shartnomalar va xususiy kompaniyalarga kelishuvlar tuzishga ruxsat beriladi.

Harbiy ko‘rgazma

2025-yil iyun oyida hujum qurollari ishlab chiqaruvchi beshta Isroil kompaniyasi Paris Air Show aviatsiya ko‘rgazmasiga qo‘yilmadi. Bu holat Isroil rasmiylari tomonidan antisemitizm ayblovlariga sabab bo‘ldi.

Keyinchalik to‘rtta Isroil stendiga ko‘rgazmada ishtirok etish uchun ruxsat berildi. Noyabr oyiga kelib esa, barcha Isroil qurol ishlab chiqaruvchilariga Milipol savdo ko‘rgazmasida qatnashishga ruxsat berilgan.

BMT 2026-yil aprel oyi o‘rtalarida a’zo davlatlardan Isroilga qurol yubormaslikni talab qildi. Bunga Tel Avivining Livanga qaratilgan hujumlari sabab bo‘ldi. Isroil “Hizbulloh”ga qarshi kurashishni da’vo qilib, deyarli har kuni Livanga aviazarbalar berib kelmoqda. Xususan, 30-aprel kuni mamlakatda kamida 14 kishi zarbalar qurboni bo‘lgani xabar qilindi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar