Daryo

Netanyaxuda prostata bezi saratoni erta bosqichi aniqlangan

U kasallik haqidagi e’lonni ikki oyga kechiktirishni so‘ragan. Buni Eron bilan harbiy qarama-qarshilik avjida vaqti oshkor bo‘lmasligi uchun qilganini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish11 778 ko‘rishlar0 izoh13

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi uning salomatligi holati to‘g‘risidagi yillik hisobotni e’lon qildi. Unda aytilishicha, tekshiruvlardan birida uning prostata bezida kichik xavfli o‘sma aniqlangan va u ilk bosqichdayoq bartaraf etilgan.

Netanyaxu ushbu hisobotga izoh berar ekan, Eron bilan harbiy qarama-qarshilik avj pallasiga chiqqan paytda oshkor bo‘lmasligi uchun uning e’lon qilinishini ikki oyga kechiktirishni so‘raganini ta’kidlagan. U 2024-yil oxirida prostata bezining xavfsiz kattalashuvini davolash uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazganini va shundan so‘ng doimiy shifokorlar nazoratida bo‘lganini bildirgan.

“So‘nggi tekshiruv vaqtida prostata bezida hajmi bir santimetrdan kichikroq bo‘lgan mayda dog‘ topildi. Tekshiruv buning hech qanday tarqalish yoki metastazlarsiz, xavfli o‘smaning juda erta bosqichi ekanini ko‘rsatdi”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar bu uning yoshi uchun normal holat ekanini va uning oldida ikkita yo‘l borligini aytgan: kuzatuvda qolish yoki darhol davolanib, muammoni bartaraf etish.

“Meni yaxshi bilasiz. Ehtimoliy xavf haqida menga o‘z vaqtida xabar berishsa, men uni zudlik bilan bartaraf etishni istayman. Bu ham milliy, ham shaxsiy darajada shunday. Men aynan shunday yo‘l tutdim. Men muammoni izsiz yo‘q qilgan maqsadli davolanish kursini oldim. Bir nechta qisqa muolajalarga qatnab, kitob o‘qidim va ishimni davom ettirdim. Dog‘ butunlay yo‘qoldi”, dedi Isroil bosh vaziri.

2024-yil oxirida Associated Press agentligi Netanyaxuning prostata bezi bo‘yicha operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazgani haqida xabar bergan edi. O‘shanda agentlik Isroil bosh vaziri sog‘lig‘ida hech qanday muammosi yo‘q inson obrazini yaratib kelgani, biroq so‘nggi yillarda mamlakatdagi inqirozli vaziyatlarni inobatga olganda, o‘zini yaxshi jismoniy holatda saqlash unga tobora qiyinlashib borayotganini yozgan edi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar