Daryo

Rolex, Richard Mille, Ulysse Nardin va qimmatga tushgan xatolar: siyosatda soat millari qanday aylanadi?

Amaldorlarning qimmatbaho soatlari ko‘pincha ularning rasmiy daromadlari va hayot tarzi o‘rtasidagi nomutanosiblikni ko‘rsatuvchi asosiy ramzga aylanib qolgan. Dunyo tajribasida bu kabi holatlar ko‘p marta siyosiy janjallar va iste’folarga sabab bo‘lgan.

5 daqiqa o‘qish7 698 ko‘rishlar0 izoh6

Amaldorlarning qimmatbaho soatlari ko‘pincha ularning rasmiy daromadlari va hayot tarzi o‘rtasidagi nomutanosiblikni ko‘rsatuvchi asosiy ramzga aylanib qolgan. Dunyo tajribasida bu kabi holatlar ko‘p marta siyosiy janjallar va iste’folarga sabab bo‘lgan.

Yaqinda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev prezident selektorida taqqan soati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar bu soat Breguet Marine Chronographe 5527 modeli bo‘lib, narxi taxminan 50 ming dollarni tashkil qilishini aytib o‘tishdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Shundan so‘ng Sherzod Kudbiyevning o‘zi chiqish qilib, tanqidlar o‘rinli ekanini, davlat xizmatchisi, avvalambor, kamtar bo‘lishi kerakligini aytib o‘tdi. Shuningdek, muhokamalar unga katta saboq bo‘lganini qayd etdi.

Amaldorlarning qimmatbaho soatlari bilan bog‘liq shov-shuvli keyslar boshqa davlatlarda ham ro‘y bergan.

Dmitriy Peskov va Richard Mille RM 52-01

2015-yilda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning to‘yida olingan surat katta janjalga sabab bo‘ldi. Suratda uning qo‘lida narxi taxminan 600 000 dollar bo‘lgan Richard Mille RM 52-01 soati ko‘ringan edi.

Jurnalistlar Peskovning yillik deklaratsiya qilingan daromadi bu soat narxidan bir necha barobar kamligini ta’kidlagan. Peskovning o‘zi esa buni rafiqasining to‘y sovg‘asi ekani bilan izohlagan.

Foto: Pcnews.ru

“Bu Tanya (Tatyana Navka)dan sovg‘a. Soat chindan ham juda qimmat turadi. Ammo uning asl narxi odamlar aytayotganidan ancha arzon”, deb ta‘kidlagan Peskov.

Ramzan Qodirov va Greubel Forsey 

2015-yil avgust oyida Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qimmatbaho soati bilan bog‘liq janjal ommaviy axborot vositalarining e’tibor markazida bo‘ldi.

Uning qo‘lida Shveysariyaning Greubel Forsey brendiga tegishli qiymati taxminan 280 000 dollar bo‘lgan soat ko‘zga tashlandi.

Qodirovning o‘zi qimmatbaho soatlari borligini va ularni yenglari ostiga yashirmasligini aytdi. 

“Yoshligimdan beri men buyuk insonlarga tegishli soatlar, sovuq qurollar va boshqa buyumlarni kolleksiya qilaman”, dedi Checheniston rahbari.

Foto: Pcnews.ru

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, u soatlarni dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi yaqin do‘stlaridan sovg‘a sifatida oladi va ular “kambag‘al odamlar emas”.

Shuningdek, Ramzan Qodirov fotosuratdagi model uning kolleksiyasidagi “eng qimmat” soat emasligini ta’kidlagan.

2025-yilning avgust oyida Ramzan Qodirovning o‘g‘li — Adam Qodirov ham qimmatbaho soat bilan bog‘liq muhokamalar markazida bo‘ldi.

Foto: Maximonline.ru

U o‘zining to‘yi kunida 300 dan ortiq olmos bilan bezatilgan, dunyoda yagona nusxada bo‘lgan Jacob & Co brendiga tegishli soatni taqib olgani aks etgan suratlar paydo bo‘ldi. Bu soatning narxi 7 million dollarni (!) tashkil qilishi ma’lum. 

Dina Boluarte va Rolex

Peru prezidenti Dina Boluarte 2024-yil bahorida Rolex soatlari kolleksiyasi sababli mojaro markazida qoldi. Jurnalistlar turli tadbirlarda prezidentning qo‘lida deklaratsiya qilinmagan Rolex soatining bir necha modellari bo‘lganini aniqladi. Bu modellarning ba’zilari 14 ming AQSH dollari turishi ma’lum qilingan.

Foto: English.elpais.com

Shundan so‘ng Dina Boluartening uyida va rezidensiyasida tintuv o‘tkazilgan. Prezident mazkur soatlarni ko‘p yillik mehnati natijasida yig‘gan puliga xarid qilganini aytgan, ammo keyinchalik ular do‘sti tomonidan sovg‘a qilinganini bildirgan.

Bu voqea mamlakatda hukumatga nisbatan ishonchni pasaytirdi va bir necha vazirlarning iste’fosiga sabab bo‘ldi.

Slavomir Novak va Ulysse Nardin

2013-yilda Polsha transport vaziri Slavomir Novak o‘z deklaratsiyasida narxi 5500 dollar bo‘lgan Ulysse Nardin soatini ko‘rsatmagani uchun iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi.

Polsha qonunlariga ko‘ra amaldorlar 10 000 zlotiydan (taxminan 3500 dollar) ortiq qiymatga ega har qanday mol-mulkni deklaratsiya qilishlari shart. Novak kamida 17 000 zlotiy (taxminan 5500 dollar) qiymatga ega bo‘lgan Ulysse Nardin brendiga tegishli Maxi Marine Chronometer soatini deklaratsiya qilmagan.

Foto: Cfts.org.ua

Bosh vazir Donald Tusk Novakning iste’fosini “oliyjanob harakat” deya baholadi. Shuningdek, agar Novak o‘z nomini oqlashga muvaffaq bo‘lsa, uni qayta ishga olishga tayyorligini ham bildirdi.

Fransua Fiyon va qimmatbaho sovg‘alar

Fransiya sobiq bosh vaziri Fransua Fiyon 2017-yil prezidentlikka nomzod bo‘lgan paytda unga boy do‘stlari tomonidan sovg‘a qilingan qimmatbaho buyumlar, shu jumladan, qo‘l soatlari (umumiy qiymati 50 000 yevrodan ortiq) bo‘yicha tergov qilingan.

Fiyonning o‘zi nomi oshkor qilinmagan yaqin do‘stidan qimmatbaho sovg‘alar olganini tan oldi. Bu manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli tufayli tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Foto: Ichef.bbci.co.uk

Jamoatchilik va matbuot bosimi ostida Fiyon barcha sovg‘alarni qaytarib berganini e’lon qildi va ularni qabul qilinishini “xato” deb atadi. Bu voqea uning saylov kampaniyasiga jiddiy zarba berdi.

Qimmatbaho sovg‘alar bilan bog‘liq janjal uning turmush o‘rtog‘i uchun soxta ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha jiddiyroq ayblovlar fonida sodir bo‘ldi, bu esa saylovlarda mag‘lubiyatga olib keldi.

Yang Datsay va Rolex, Omega, Rado, Vacheron Constantin

Xitoyning Shansi provinsiyasi Mehnat xavfsizligi nazorati byurosi rahbari Yang Datsay 2012-yilda qimmatbaho soat tufayli jurnalistlar tanqidining nishoniga aylandi.

O‘sha yili Yang Datsay yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyga chiqib, vaziyatni o‘rganayotgani aks etgan fotosuratlar tarqalganidan so‘ng jurnalistlar mazkur suratlarda unung qo‘lida qimmatbaho soatni payqashdi.

Foto: Businessinsider.com

O‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida Yang Datsay Rolex, Omega, Rado, Vacheron Constantin kabi modellardan iborat qimmatbaho qo‘l soatlari kolleksiyasi egasi ekani aniqlandi. Oyiga 1500 dollar maosh oladigan amaldor bunday qimmat soatlarni qanday qilib xarid qilganini izohlab bera olmadi.

Shundan so‘ng tergov boshlandi va Yang Datsay lavozimidan chetlashtirildi. 2013-yilda u poraxo‘rlik va katta miqdordagi mulkka egalik qilgani uchun 14 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Foto: News.sky.com

Vladimir Gundyayev (Patriarx Kirill) va “Yo‘qolgan” soat

2012-yilda Rossiyada Patriarx Kirillning (Vladimir Gundyayev) qo‘l soati bilan bog‘liq janjal sodir bo‘ldi. Garchi u davlat amaldori bo‘lmasa-da, Rossiyadagi nufuzli shaxslar ro‘yxatiga tez-tez kiritiladi.

Gap shundaki, rus pravoslav cherkovi veb saytida e’lon qilingan suratda patriarxning bilagidagi soat fotoshop orqali o‘chirilgan, biroq soatning stoldagi aksi qolib ketgan.

Foto: Gazeta.ua

Mazkur soat Breguet modeli bo‘lib, taxminan 30 000 dollar turishi ma’lum qilingan.

Foto: Biographe.ru

Patriarxat bu holatni sayt adminining xatosi sifatida qayd etib, barchadan uzr so‘radi. Keyinchalik patriarx hech qachon bunday soat taqmaganini da’vo qildi.

Nima uchun soat doim diqqat markazida?

Ekspertlarning fikricha, soat “ideal” kompromat vositasi hisoblanadi. Chunki soat brendi va modelini uzoqdan olingan fotosurat orqali ham aniqlash oson. Avtomobil yoki uyning ichki jihozlaridan farqli olaroq, soatning katalogdagi narxi deyarli hamma uchun ochiq.

Shu sababli ba’zi davlatlarda amaldorlar bu kabi janjallardan qochish uchun ataylab Timex yoki Casio kabi arzon va ommabop brendlardan foydalanishadi.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar