Ukraina Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA bilan dronlar ishlab chiqarishni hamda ularga qarshi tizimlar yaratishni boshlaydi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaqin Sharq davlatlari bilan tegishli shartnomalar tuzilganini ma’lum qildi.
“Ushbu kelishuvlar Ukrainaning ham xususiy, ham davlat sektori bilan tuziladigan bir qator turli kontraktlar orqali amalga oshiriladi”, dedi Zelenskiy.
U Ukraina o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga va turli harbiy texnikalarni yagona tizimga birlashtirish uchun dasturiy ta’minot taqdim etishga tayyorligini aytdi. Bundan tashqari, gap Yaqin Sharq mamlakatlari bilan birgalikda dronlar ishlab chiqarish haqida ham bormoqda.
“Boshqa davlatlar, jumladan, AQSH bilan ham shunday shartnomalar imzolanishi mumkin. Men bularning barchasini AQSH bilan ham baham ko‘rishimiz kerak deb hisoblayman. Agar buni uddalasak, bundan faxrlanaman, chunki AQSH bizni qo‘llab-quvvatlagani uchun juda minnatdormiz”, dedi u.
Mart oyi oxirida Vladimir Zelenskiy Yaqin Sharqning bir qator mamlakatlariga tashrif buyurdi. Ukraina delegatsiyasi hamkorlikni mustahkamlash, xususan, havo hujumidan mudofaa sohasida bir qator kelishuvlarga erishdi. Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar bilan 10 yilga amal qiladigan shartnomalar imzolandi.
AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshladi. Shundan so‘ng Ukraina ekspertlari Eronning dron hujumlarini qaytarishga yordam berish uchun Yaqin Sharqqa yuborildi. Mart oyi o‘rtalarida Zelenskiy Yaqin Sharq mamlakatlarida 201 nafar ukrainalik harbiy ekspert borligini, yana 34 nafari esa “joylashtirishga tayyor” ekanini aytgandi.
“Bizning jamoalarimiz allaqachon BAA, Qatar va Saudiya Arabistoniga yetib borgan, shuningdek, Kuvaytga ham yo‘l olmoqda. Biz boshqa davlatlar bilan ham ishlayapmiz, kelishuvlar imzolangan. Biz Eron terrorining o‘z qo‘shnilariga qarshi davom etishini istamaymiz”, degan edi o‘shanda Ukraina prezidenti.
Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli hujumlarda Eronning Shahed dronlaridan foydalanib kelmoqda. Yaqin Sharqqa yuborilgan ukrainalik ekspertlar ularga qarshi kurashishda tajribaga ega.








