Yevropa bozorini yo‘qotgan “Gazprom” xorijdagi yirik mijozi hisoblangan Xitoy uchun gazga chegirmalar berishda davom etmoqda. Bu haqda hukumat hujjatlariga tayanib Bloomberg xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoy 2026-yilda “Sibir kuchi” quvuri orqali xarid qiladigan gaz Yevropa va Turkiyaga yetkazib beriladigan gazdan 39 foizga arzon bo‘ladi. Pekin rus gazining ming kub metri uchun 258 dollar to‘laydi. Taqqoslash uchun Vengriya va Turkiya mijozlari bilan tuzilgan kontraktlarda bu narx 420 dollarni tashkil etadi. 2027-yilda esa Xitoy uchun narx ming kub metr uchun 223,9 dollargacha pasayadi, chegirma esa 113 dollarni yoki taxminan 33 foizni tashkil etadi.
Hukumat hujjatlariga ko‘ra, 2028-yilda Xitoy gazni ming kub metr uchun 229,7 dollardan sotib oladi, bu “Gazprom”ning xorijdagi boshqa mijozlariga (327,4 dollar) nisbatan 30 foizga arzonroq. 2029-yilda esa gaz 235,6 dollardan, ya’ni Yevropa va Turkiya narxlaridan 27 foizga arzonroqqa beriladi.
2025-yil Xitoy “Gazprom”dan 38 milliard kub metr gaz sotib oldi
Bu kompaniya eksportining deyarli yarmiga teng. Umumiy eksport esa 1980-yillar oxiridan beri eng past darajaga yaqinlashib, taxminan 78 milliard kub metrni tashkil etgan. Yevropa bozoriga eksport 18 milliard kub metrga tushib ketdi va bu SSSRning Avstriya va Italiya bilan birinchi gaz shartnomalari ishga tushirilgan 1973-yildan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
2029-yilga borib Rossiya Xitoy bozoriga gaz yetkazib berishni 52,5 milliard kub metrgacha, ya’ni hozirgi darajadan uchdan bir qismga oshirishi kutilmoqda, dedi Bloomberg manbalari.
2025-yilning sentyabr oyida Rossiya hukumati “Sibir kuchi-2” quvuri o‘n yillikning oxirigacha ishga tushmasligini prognoz qildi. Quvurning quvvati 50 milliard kub metrni tashkil etishi kerak. Bu esa Xitoyga gaz yetkazib berishni ikki baravardan ko‘proqqa oshirish imkonini beradi.
Putin sentyabr oyida Xitoyga tashrifida “Sibir kuchi”ning ikkinchi tarmog‘i bo‘yicha Pekin bilan kelishuvlarga erishilganini ma’lum qilgandi.
Nihoyat, muzokara olib borayotgan tomonlar konsensusga erishdi, degan u va kelajakda Xitoy bozoriga gaz eksporti 100 milliard kub metrga yetishini qo‘shimcha qilgan.
“Gazprom” va Rossiya prezidentining bayonotlarini na Si Szinpin, na Xitoy ommaviy axborot vositalari, va na CNPC kompaniyasi tasdiqlagan.
Ma’lumot o‘rnida, Yevroittifoq Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importini 2027-yil 1-yanvargacha, quvur orqali yetkaziladigan gaz importini esa 2027-yil 30-sentyabrgacha to‘xtatadi. Reja barcha Yevropa ittifoqi davlatlarining bir ovozdan roziligini talab qilmaydigan tarzda ishlab chiqilgan.








