“Chelsi” rahbariyati iste’foga chiqarilgan Liam Rosenyor o‘rniga munosib mutaxassis izlash ishlarini boshlab yubordi. TalkSPORT nashrining xabar berishicha, hozirda “Bornmut”ni boshqarayotgan Andoni Iraola “aristokratlar” uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi.
Klubning kengaytirilgan ro‘yxatidan Iraoladan tashqari yana bir qator taniqli murabbiylar joy olgan. Xususan, “Nyukasl” ustozi Eddi Xau, “Portu” bosh murabbiyi Franchesko Farioli, shuningdek, Filipe Luis va Edin Terzich variantlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq aynan ispan mutaxassisi Londo klubi bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Sababi Iraola mavsum yakunida “Bornmut”ni tark etishini rasman e’lon qilgan. Avvalroq u “Kristal Pelas”dan tushgan taklifni rad etgan edi. Biroq Andoni “Chelsi”dan tushadigan taklif qabul qilish ehtimoli yuqori ekanligi ta’kidlanmoqda.
Ma’lumot uchun, mavsum yakuniga qadar “ko‘klar”ni Kalum Makfarlayn vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida boshqarib turadi. U Rosenyor ketganidan so‘ng darhol ushbu vazifaga tayinlangan. Klub rahbariyati yozgi tayyorgarlik jarayoni boshlangunga qadar yangi murabbiy masalasini uzil-kesil hal qilishni va jamoani yangi ustozga topshirishni maqsad qilgan.








