“Manchester Siti”ga qarshi o‘yindan so‘ng Mikel Arteta shunday dedi:
“Bugundan hammasi noldan boshlanmoqda. Bizda uch ochko bor, “Manchester Siti”da bitta zaxira o‘yin, imkoniyatlar teng – o‘yin boshlandi”.
Bir qarashda, to‘g‘ri fikr, e’tiroz bildirish qiyin, agar Gvardiola shogirdlari “Kristal Pelas”ga qarshi qoldirilgan o‘yinni ham yutadi deb hisoblasak, shunda ham ochkolar teng bo‘ladi. To‘plar nisbatiga ko‘ra raqobat boshlanganda, “Arsenal”da ham ko‘proq gol urish imkoniyati bor, hatto bir qarashda, raqiblar ham “Manchester Siti”nikiga nisbatan osonroqdek tuyulmoqda. Buning ustiga “Arsenal” qolgan besh o‘yinni ham Londondan chiqmasdan o‘tkazadi. Umuman nega endi APLda raqibi bilan teng imkoniyat hosil qilgan va Chempionlar Ligasi finali ostonasida turgan jamoaga nisbatan tanqidlar yog‘ilmoqda-yu, “Manchester Siti” qahramonga aylanib qoldi? Xavotir uchun qanchalik asos bor?
Taqvim
Keling avval taqvimga yuzlanamiz.
Yuqoridagi jadvalga qarab, ko‘p jihatlarga e’tibor qaratish mumkin. Aytilganidek, “Arsenal”ning raqiblari osonroq ko‘rinadi. Yagona to‘siq – “Vest Hem” stadioniga safar bo‘lishi mumkin. “Vest Hem” ligada qolish uchun so‘nggi turlargacha kurashish ehtimoli katta, tabiiyki, “Arsenal” uchun eng qiyin raqib ham shu bo‘ladi. Shuningdek, qatorasiga to‘rt o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchrab kelayotgan “Nyukasl” kelayotgan shanbada yetarlicha muammo tug‘dirishi mumkin.
“Manchester Siti”da qat’iy maqsad uchun kurashayotgan raqiblar yo‘q. “Aston Villa” yuqori o‘rinlar uchun harakat qilayotgan bo‘lsa-da, ayni damda Emeri jamoasi “Chelsi”dan 10 ochko ilgarilab ketgan, katta ehtimol bilan so‘nggi turga kelib, yo‘llanma masalasini hal qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Yana bir faktor – 20-may kuni Yevropa Ligasi finali bo‘ladi va “Aston Villa” bu finalda o‘ynash imkoniyatiga ega. Mabodo Emeri odatdagidek yana Yevropa Ligasini yutsa, bayram kayfiyatidagi “Villa” u qadar muammo tug‘dirmasligi mumkin.
“Manchester Siti” – “Kristal Pelas” o‘yini hozirda APL saytida 22-mayga qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu shartli muddat bo‘lib, hali o‘zgarishi aniq, zero jamoalar 48 soatda ikki o‘yinda maydonga tushishi taqiqlangan. Katta ehtimol, “Manchester Siti”ning Angliya Kubogi, “Kristal Pelas”ning esa Konferensiyalar Ligasidagi yarim finallari natijasiga qarab qo‘shimcha ochiq kunlar paydo bo‘lishi va ushbu o‘yin vaqti surilishi mumkin.
Qo‘shimcha turnirlar
Har ikki jamoada ham APL o‘yinlaridan tashqari bittadan turnir bor. Albatta, “Arsenal”ning bu borada vazifasi og‘irroq. Hafta o‘rtasida ikki marta “Atletiko”ga qarshi muhim va o‘ta ko‘p kuch oladigan o‘yinlarda maydonga tushishga to‘g‘ri keladi.
“Manchester Siti” yevrokuboklarsiz go‘yoki haftada bir o‘yin rejimida o‘ynashi mumkindek ko‘rinsa-da, Angliya Kubogi tufayli bu jamoada ham tig‘iz kalendar bor. Birinchidan, shundoq ham yuqorida aytilgan “Kristal Pelas”ga qarshi uchrashuv hafta o‘rtasiga tushmoqda. Ikkinchidan, kelayotgan shanbada “Sautgempton”ga qarshi yarim final borligi tufayli, bu hafta ham “Byornli”ga safar qiladi. Shuningdek, mabodo “Manchester Siti” kubok finaliga chiqadigan bo‘lsa, o‘sha kunlari o‘tishi kerak bo‘lgan “Bornmut”ga qarshi o‘yin ham haftaning o‘rtasiga ko‘chirilishi mumkin.
Demak, Chempionlar Ligasi finali APL tugaganidan so‘ng bo‘lib o‘tishini e’tiborga olsak, so‘nggi bir oyda “Arsenal” 7 o‘yinda maydonga tushsa, “Manchester Siti” 8 o‘yinda maydonga tushadi, ya’ni tig‘izroq taqvimga ega. Albatta, “Sautgempton” yoki “Kristal Pelas”ga qarshi o‘yinlarni “Atletiko” bilan o‘yinlarga qiyoslab bo‘lmaydi.
Sport formasi
“Manchester Siti”ni favoritga aylantirayotgan yana bir jihat jamoalarning ayni paytdagi sport formasidir. “Manchester Siti” so‘nggi 4 o‘yinni “Arsenal”, “Liverpul”, “Chelsi” va yana “Arsenal”ga qarshi o‘tkazdi va to‘rt g‘alabaga erishdi. To‘plar nisbati 11-1 va o‘sha o‘tkazib yuborilgan bir gol ham Donnarummaning qo‘pol xatosidan keyin tasodifan yuzaga keldi.
Mana shu natijalar fonida “Arsenal”ning holati juda yomon ko‘rinadi. Jamoa so‘nggi 6 o‘yinda faqat bir marta “Sporting”ni yengdi, bir durang va 4 mag‘lubiyat. Angliya ichkarisidagi turnirlarning o‘zinigina olsak, “Arsenal” qatorasiga 4 o‘yinni boy berdi. Mana shu to‘rt o‘yinda jamoa ham ikki kubokni, ham Premyer Ligadagi ustunlikni boy berib qo‘ygani jamoaga ruhan qattiq ta’sir qilgani tabiiy.
Faqatgina so‘nggi o‘yindagi ba’zi jihatlar jamoa u qadar ilojsiz emasligini ko‘rsatdi va keyingi o‘yinlarga ishonch uyg‘otdi. “Etihad”da biz “Bornmut”ga qarshi o‘yindagi kabi “Arsenal”ni ko‘rmadik, aksincha, jamoa ancha dadil harakat qildi, yaratilgan vaziyatlar, pressing harakatlar bo‘yicha mezbonlardan ustunlik qildi ham.
Yuqoridagi rasmga e’tibor bering, hali hisob 1:1 ekanida Ezening zarbasi ustunga tekkan vaziyat. Standart vaziyatdagi holat bo‘lmasa-da, londonliklarning biryo‘la 9 futbolchisi raqib jarima maydoniga yaqin joylashgan. Ya’ni bu safar Arteta ancha tashabbuskor va dadil taktika tanlaganini va bu shartlarda ham jamoa yomon ko‘rinmaganini guvohi bo‘ldik. Aytish mumkinki, “Arsenal”da o‘yin borasida inqiroz yo‘q, muhimi, “Etihad”dagi mag‘lubiyatning ta’siri keyingi o‘yinlarga ko‘chmasligini ta’minlash.
Chempionlik xarakteri
Ammo so‘nggi turlarda eng ahamiyatli darajaga chiqadigan faktor aynan “Manchester Siti”da bor. Jamoaning bugungi tarkibi yosh va yangi kelgan futbolchilardan iborat bo‘lsa-da, masalan, Rodri va Bernardu Silva kabi yetakchilarning bunday pallalarda o‘zini qanday tutishi, ulardagi xotirjamlik jamoaga qanchalik ta’sir qilishini guvohi bo‘ldik. “Arsenal” so‘nggi to‘rt yilda chempionlik uchun kurashib kelgan bo‘lsa-da, shunday poygalarni yutish tajribasi aynan “Manchester Siti”da bor.
Endi faktlarga murojaat qilamiz va nega hamma “Manchester Siti”ning poygaga qo‘shilishidan bunchalik xavfsirashiga amin bo‘lamiz. Gap bu yerda faqat “Arsenal”da emas, “Liverpul” ham ko‘p marta Gvardiolaning mana shu xususiyatidan aziyat chekkan.
Yuqorida “Manchester Siti” Pep Gvardiola qo‘l ostida har mavsumda so‘nggi 6 turni qanday o‘tkazgani aks etgan – 54 o‘yin, 44 g‘alaba, 6 durang, 4 mag‘lubiyat. Statistik tomondan qaraganda, har 5 o‘yindan 1 tasida jamoa ochko yo‘qotgan, “Arsenal” uchun ayni muddaodek, lekin vaziyatga chuqurroq qarasak-chi?
Jamoa chempionlik poygasida qatnashgan va g‘alaba zarur bo‘lgan o‘yinlarda (masalan, 2018/19, 2021/22, 2023/24 kabi mavsumlar) natijalar deyarli xatosiz. Masalan, 2016/17, 2019/20, 2024/25 mavsumlarda “Manchester Siti” muddatidan oldin poygadan chiqib ketib bo‘lgan va so‘nggi turlar hech narsani hal qilmasdi. 2017/18 mavsumda ham 33-turdagi g‘alaba “Manchester Siti”ni chempion qilgan va keyingi turlarning ahamiyati bo‘lmagan.
Endi qarang, aynan chempionlik uchun ochko zarur bo‘lgan 25 (!) o‘yindan “Manchester Siti” 24 tasini o‘z foydasiga hal qila olgan. Bitta durang bor, lekin aslida o‘shanda “Siti”ga oxirgi 2 turda 4 ochko kerak edi – jamoa safarda “Vest Hem” bilan durang o‘ynab, keyin o‘z maydonida “Aston Villa”ni mag‘lubiyatga uchratgan. Ya’ni Pep Gvardiola “Manchester Siti”ni boshqarib kelayotganidan beri hech qachon jamoa chempionlik poygasida ochko yo‘qotmagan. Doim kerakli hisobni qo‘lga kirita olgan.
Buni faqat Pep Gvardiola bilan bog‘lamaslik ham mumkin. “Manchester Siti” chempion bo‘lgan avvalgi mavsumlarni eslaylik. So‘nggi soniyada Agueroning goli hal qilib ketgan 2011/12-yilgi mavsumda “Manchester Siti” oxirgi 6 o‘yinni, Stiven Jerrard sirpanib tushgan 2013/14 mavsumda esa oxirgi 5 o‘yinni g‘alaba bilan yakunlagan.
Albatta statistik faktlar kelajakdan bashorat qila olmaydi, shunchaki imkoniyatlarni chamalash uchun kerak xolos. Umid qilamizki, bu ikki jamoa so‘nggi turlargacha yuqori darajani ushlay olishadi va biz balki APL tarixidagi eng qiziqarli poyganing guvohi bo‘lamiz.








