Daryo

Frenk Lempard 25 yillik tanaffusdan so‘ng “Koventri Siti”ni APLga qaytardi

“Koventri” 43 o‘yinda 86 ochko to‘plab, Chempionship turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Frenk Lempard esa ushbu muvaffaqiyati evaziga liganing “mavsumdagi eng yaxshi murabbiyi” deb topildi.

1 daqiqa o‘qish2 832 ko‘rishlar0 izoh2

Angliya futbolida tarixiy voqea yuz berdi. Frenk Lempard boshqaruvidagi “Koventri Siti” muddatidan oldin Premyer Liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. “Blekbern Rovers” bilan qayd etilgan durang (1:1) jamoaga chempionat yakunlanishiga 3 tur qolganda kamida 2-o‘rinni kafolatladi.

“Koventri” 43 o‘yinda 86 ochko to‘plab, Chempionship turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Frenk Lempard esa ushbu muvaffaqiyati evaziga liganing “mavsumdagi eng yaxshi murabbiyi” deb topildi. Lempard 2024-yil noyabridan buyon jamoani boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida klub 79 ta o‘yin o‘tkazib, 43 ta g‘alaba va 16 ta durangga erishdi.

Frenk Lempard ushbu g‘alabani faoliyatidagi eng muhim yutuqlardan biri deb atadi:

“Men nafaqat futbolchilarim, balki o‘zim va xodimlarimiz bilan faxrlanaman. Bundan 15 oy oldin bu yerga oddiy minivenda, kelajagi noaniq holatda kelgan edik. Bu muvaffaqiyat men uchun YeCHL g‘olibligidan ham muhimroq bo‘lishi mumkin. O‘shanda menga Drogba yoki Terri kabi yulduzlar yordam bergan bo‘lsa, bu yerda biz hamma narsani mehnat va ishtiyoq bilan noldan qurdik”, dedi 47 yoshli mutaxassis.

“Koventri”dan keyingi 2-o‘rinda “Ipsvich Taun” (75 ochko) bormoqda. Shuningdek, “Milluoll” (73), “Sautgempton” (72), “Midlsbro” (72) va “Hall Siti” (68) kabi jamoalar APL yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda.

Ma’lumot uchun, “Koventri Siti” oxirgi marta 2000/01-yilgi mavsumda Premyer Ligada ishtirok etgan edi. Oradan o‘tgan chorak asr (25 yil) davomida klub hatto uchinchi divizionga ham tushib ketishga ulgurdi. 

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar