Daryo

Qanday qilib O‘zbekiston shaxmat mamlakatiga aylandi?

“Ular shaxmatni milliy loyihaning bir qismiga aylantirdi. Rasmiyatchilik uchun emas, chinakamiga. Ular doska va figuralarga emas, murabbiylarga — odamlarga sarmoya kiritdi”, deyiladi moldovalik shaxmat ishqibozi Facebook’da qoldirgan postida.

4 daqiqa o‘qish14 603 ko‘rishlar1 izoh43

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Marsel Paskal akkaunti egasi O‘zbekistonning shaxmat sportida erishayotgan yutuqlari zamirida qanday omillar yotgani haqida post qoldirdi. U buni o‘z mamlakati Moldovadagi holat bilan solishtirdi.

— Oxirgi haftalarda qiziq bir mashg‘ulotga berildim: uzoq vaqt tanaffusdan so‘ng YouTube’da shaxmat o‘yinlarini berilib tomosha qila boshladim. 2026-yilgi Da’vogarlar turniri meni bunga majbur qildi. Turnirning natijasi hayratlanarli bo‘ldi.

Dunyo shunchaki iste’dod tantanasini emas, balki eski iyerarxiyaning butunlay parchalanganini ko‘rdi. 20 yoshli Javohir Sindorov biror marta mag‘lubiyatga uchramay, toj uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritishi kuchlar geografiyasi butunlay qayta chizilganini anglatadi. Endi bu — yosh va g‘alabaga tashna avlod dunyosi, bu yerda Toshkent va Dehli — Nyu-York va Londonni o‘z izmiga yurgizmoqda.

Yaqin yaqingacha “O‘zbekiston shaxmat maktabi” degan ibora xushmuomalalik bilan aytilgan hazildek tuyulardi. Xafa qiladigan emas, lekin jiddiy ham emas. Zero, shaxmat — bu Sovet Ittifoqi haqida edi. Moskva va Leningrad, Anatoliy Karpov va Garri Kasparov, sovuq mantiq va cheksiz partiyalar haqida edi.

Keyin esa odatda yorqin lahzalar bilan yashaydiganlar payqamay qoladigan “sokin hodisa” yuz berdi. To‘satdan kuch markazi o‘zgardi.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Nodirbek Abdusattorov paydo bo‘ldi — rapid bo‘yicha jahon chempioni.

Javohir Sindorov elitani “chilparchin” qildi — tajovuzkor, aniq yurish qiladigan Da’vogarlar turniri g‘olibi.

O‘zbekiston terma jamoasi Shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Va shu lahzada ayon bo‘ldiki, bu tasodif emas. Bu — maktab. Quruq darsliklarda yozilgan maktab emas, balki kimdir uzoq vaqt va sabot bilan bir ishni to‘g‘ri bajarganda yuzaga keladigan maktab.

“Bizda ham bor edi” 

Shu yerda xotiralar uyg‘onadi. Iliq, yorqin xotiralar. 80-yillarning oxiri. Boshlang‘ich maktab. Shaxmat alohida fan sifatida o‘tilardi. Kimdir katta figuralar tushirilgan doskani, kimdir eski stollardagi lak hidini eslaydi. Kimdir hatto Kishinyovga Anatoliy Karpov kelganini va u maktab ochgani, ishni boshlagani va boshqalarni ilhomlantirganini eslaydi.

Va shunday fikr tug‘iladi: “Axir bizda ham o‘xshashi mumkin edi-ku”.
O‘xshashi mumkin edi. Lekin o‘xshamadi.

Bu yerda arzon nostalgiya (qo‘msash)ga berilmaslik muhim, chunki haqiqat yoqimsizroq va shafqatsizroq. Bizda bor bo‘lgan narsa — “bizning Moldova maktabimiz” emasdi. Bu shaxmat hobbi emas, balki vosita bo‘lgan ulkan sovet tizimining bir parchasi edi.

Intizom vositasi.

Tafakkur vositasi.

Mafkura vositasi.

Tizim yo‘qolishi bilan vosita ham yo‘qoldi. U yomon bo‘lgani uchun emas, balki uni tutib turadigan hech nima qolmagani uchun.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Maktab — bu dars emas. Bu ekotizim

Eng xavfli xato — maktab o‘quv fanidan boshlanadi deb o‘ylashdir. Unday emas. Maktab muhitdan boshlanadi.

Shaxmatni dars jadvaliga ertagayoq kiritish mumkin. Hatto to‘garak o‘tadigan biror fidoyini ham topish mumkindir. Ammo qolgan unsurlarsiz bu shunchaki dekorativ harakat bo‘lib qolaveradi. Haqiqiy maktab — bu quyidagilar mavjud bo‘lgandadir:

Bola haftada bir marta emas, har kuni o‘ynaydi.

Uning o‘sishini kuzatib boradigan murabbiyi bo‘ladi.

U mag‘lub bo‘ladigan va o‘rganadigan turnirlar bo‘ladi.

U o‘rnak oladigan kattalar bo‘ladi.

Bu shunchaki bir epizod emas, balki hayot yo‘li.

O‘zbekiston buni tushundi. Va u dars emas, tizim yaratdi.

Nima uchun ularda o‘xshadi?

Javob hayratlanarli darajada oddiy: chunki ular uzoq muddatga mo‘ljallab ishladi. Agar bu tezisni tahlil qilsak, yanada qiziqarliroq bo‘ladi:

Ular shaxmatni milliy loyihaning bir qismiga aylantirdi. Rasmiyatchilik uchun emas, chinakamiga.

Ular doska va figuralarga emas, murabbiylarga — odamlarga sarmoya kiritdi.

Ular o‘sish zinapoyasini yaratdi. Boladan tortib to professionalgacha.

Va asosiysi — ular hamma-hammani qamrab olishga urinmadi. Bu muhim jihat. Ommaviylik elitani yaratmaydi. Elita eng kuchlilar bilan alohida ishlash natijasida tug‘iladi.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Nima uchun bizda o‘xshamadi?

Chunki biz hammasini teskari qildik. Biz shakl haqidagi xotirani — “maktabdagi shaxmat”ni saqlab qoldik, lekin mazmunni — rivojlanish tizimini yo‘qotdik.

Biz g‘oyalarni yaxshi ko‘ramiz, lekin jarayonlarga bardoshimiz yetmaydi. Biz eng osondan boshlaymiz, lekin kamdan-kam holatlarda oxiriga yetkazamiz. Shuning uchun bizda ko‘plab yaxshi tashabbuslar bir xil yakun topadi: birinchi yil — ishtiyoq, ikkinchi yil — rasmiyatchilik, uchinchi yil — sukunat.

Ommabop bo‘lmagan xulosa

Muammo “shaxmatni unutganimizda” emas. Muammo — biz uzoq muddatli loyihalarni qurishni bilmasligimizda. Shaxmat — bu shunchaki lakmus qog‘ozi. Xuddi shunday musiqa, fan, sport yoki ta’limni olish mumkin — hamma joyda bir xil.

Xo‘sh, imkoniyat bormi?

Bor. Lekin u vazirlikdan yoki islohotdan boshlanmaydi. U kichik bir qarordan — hamma narsani birdaniga qutqarishga urinmaslikdan boshlanadi.

Bitta yo‘nalishni tanlash va uni chinakamiga kuchli qilish. Ikki-uchta markaz. Bir nechta kuchli murabbiylar. O‘nlab motivatsiyaga ega bolalar. Balandparvoz so‘zlar va shiorlarsiz. Shunchaki mehnat. Natijaga erishguncha.

Bugungi O‘zbekiston — bu nafaqat shaxmat saltanati. Bu noyob fazilatga — boshlagan ishini kuchga aylanadigan darajagacha yetkazish qobiliyatiga ega davlat.

Biz esa hozircha boshqa mantiq ostidamiz. Biz qanday bo‘lishi mumkinligini eslaymiz. Ular esa  boridan unumli foydalanmoqda. Mana shu ikki holat orasidagi farq “maktab” deb ataladi, dedi Marsel Paskal.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar