Daryo

Yugurdaklikdan milliarderlikkacha: Dunyoning eng boy ko‘chmas mulk qiroli

Temiryo‘lchining o‘g‘li bo‘lgan tadbirkor Kaliforniyadan Janubiy Koreyagacha cho‘zilgan ko‘chmas mulk imperiyasini boshqarmoqda. U 2025-yilda Kanada tarixidagi eng yirik ofis xaridini amalga oshirib, ko‘chmas mulkka tobora ko‘p pul sarflamoqda.

2 daqiqa o‘qish24 886 ko‘rishlar0 izoh22

Zara asoschisi Amansio Ortega sayyoradagi eng yirik ko‘chmas mulk imperiyasini boshqarmoqda. Uning mulklari ofis minoralaridan tortib shamol elektr stansiyalarigacha, Kaliforniyadan to Janubiy Koreyagacha bo‘lgan hududlarni qamrab oladi. Ortega shunga qaramay sezilarli soliq imtiyozlariga ham ega. Bu haqda Forbes xabar berdi.

2025-yilning noyabr oyida ispaniyalik kiyim-kechak milliarderi Amansio Ortega Vankuverdagi tarixiy “Canada Post” binosi uchun qariyb 850 million dollar naqd pul to‘ladi. Butun bir mavzeni egallagan ushbu texnologik markaz 90 ming kvadrat metrdan ortiq ofis maydoniga ega bo‘lib, u to‘liqligicha Amazon kompaniyasiga ijaraga berilgan. Bu savdo Kanada tarixidagi ofis binosi uchun to‘langan eng yirik summa sifatida rekord o‘rnatdi.

Shuningdek, bu Zara asoschisining 2025-yildagi o‘n uchinchi ko‘chmas mulk xaridi bo‘ldi. Boyligi 141 milliard dollarga baholanadigan ispan tadbirkori bir yil ichida 8 ta mamlakatning 10 ta shahrida 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarfladi. U yettita ofis binosi, ikkita mehmonxona, ikkita sanoat obyekti, bitta hashamatli savdo majmuasi va bitta turar-joy binosini, shuningdek, Britaniyadagi yirik port operatorining 49 foiz ulushini sotib oldi.

Milliarderlarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan qiziqishi

Dunyoning eng boy odamlari ko‘chmas mulkka tobora ko‘proq mablag‘ tikmoqda. Oracle korporatsiyasining hammuassisi Larri Ellison Gavayidagi Lanai oroli, Kaliforniya va Floridadagi mehmonxonalar hamda Palm-Bichdagi mulkla egalik qiladi. U qiymati qariyb 3 milliard dollarlik aktivlarga egalik qiladi. Xedj-fond magnati Ken Griffin esa so‘nggi yillarda Florida, Fransiya, London va Nyu-Yorkdagi dabdabali uylar uchun deyarli 2 milliard dollar sarfladi.

Jeff Bezosdan o‘zib ketgan sarmoyador

Dunyoda hech kim o‘zining “ortiqcha” pullarini ko‘chmas mulkka Amansio Ortega kabi ko‘p sarflamagan. 2001-yilda Zara’ning bosh kompaniyasi — dunyodagi eng yirik Inditex kiyim-kechak tarmog‘i Madrid fond birjasiga chiqarildi. Shundan keyin Ortega ko‘chmas mulkka faol sarmoya kirita boshladi. Hozirgacha 90 yoshli tadbirkor qariyb 24 milliard dollarni 100 ga yaqin bozorda joylashgan 216 ta ko‘chmas mulkka sarflagan. Taqqoslash uchun, bu Amazon asoschisi Jeff Bezos o‘zining Blue Origin raketa kompaniyasiga tikkan 20 milliard dollardan ham ko‘proqdir.

Forbes to‘qqizta davlatdagi korporativ hujjatlar va yer reyestrlarini o‘rganib chiqib, Orteganing imperiyasini xaritaga tushirdi. Umumiy qiymat taxminan 25 milliard dollarga baholanadi va 13 ta davlatdagi 200 dan ortiq obyektni o‘z ichiga oladi. U dunyodagi eng muvaffaqiyatli ko‘chmas mulk deveoperlari — avstraliyalik Garri Triguboff (23,2 mlrd dollar) va amerikalik Donald Brenni (19,2 mlrd dollar) ortda qoldirib, dunyodagi birinchi raqamli mulk qiroliga aylandi.

Temiryo‘lchining o‘g‘li bo‘lgan Ortega o‘z faoliyatini 14 yoshida ko‘ylak do‘konida yugurdaklikdan boshlagan. 1960-yillarda u rafiqasi Rosaliya Mera bilan o‘z uyida liboslar va ichki kiyimlar tikishni boshlaydi. Ular 1975-yilda Zara’ga, o‘n yildan so‘ng esa Inditex’ga asos soladi. Juftlik 1986-yilda ajrashgan bo‘lsa-da, Rosaliya 2004-yilgacha direktorlar kengashi a’zosi va 2013-yilda vafot etguniga qadar aksiyador bo‘lib qoldi.

Foto: Amansio Ortega va qizlari

Ortega ko‘chmas mulkka sarmoyalarni Pontegadea xoldingi orqali kiritadi. Mutaxassislarning qayd etishicha, u obyektlarni qarz mablag‘larisiz sotib olishni afzal ko‘radi hamda ularni qayta sotishga emas, balki ijaraga yo‘naltiradi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar