Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatdagi rus tilli qishloqlar nomining bari qirg‘izchaga o‘zgarishini aytdi. U bu haqda O‘sh viloyati Oloy tumani aholisi bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Japarovning aytishicha, milliy o‘zlik va madaniy merosni mustahkamlashga qaratilgan bu sa’y-harakatlar 2027-yilda yakunlanadi.
“Hozir biz butun respublika bo‘yicha qishloqlarning ruscha nomlarini o‘zgartirishni rejalashtirmoqdamiz. Kelgusi yilda butun respublika bo‘yicha bu jarayonni yakunlamoqchimiz”, dedi Qirg‘iziston rahbari.
Shuningdek, u aholi punktlariga shaxslar nomini berishni taqiqladi.
“Qishloqlar va mahalliy hokimiyatlarga shaxslar nomini bermaymiz. Bu ko‘pincha bo‘linishlarga olib keladi, odamlar ikki yoki uch guruhga bo‘linib, kimning nomidan foydalanish kerakligi haqida bahslashadi.
Ba’zilar: “Nega bu nom, mening otam ham buyuk inson bo‘lgan” deydi. Bunday holatni ko‘p marta ko‘rganmiz. Shu sababli xafa bo‘lmanglar, Olimbek dodxoning nomi allaqachon tarixga muhrlangan va u o‘chib ketmaydi. Qishloq uning nomi bilan atalgani bilan tezroq rivojlanib qolmaydi”, dedi prezident.
Mazkur xabar ortidan Rossiyaning “TASS” va “RIA Novosti” agentliklari Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati bilan bog‘langan. Prezident vakili Asqat Alagozov gap ruscha qishloqlar nomi emas, shaxslar nomini berishni taqiqlash haqida ketganini aytgan. Qirg‘iziston prezidenti saytida rus tilli qishloqlar nomini o‘zgartirish haqida ma’lumot mavjud emas. Ammo yig‘ilishdan olingan videoda Sadir Japarov bu haqda gapirgani aks etgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilning yanvar oyida Japarov Jalolobod, Norin, Talas, Chuy va Issiqko‘l viloyatlaridagi bir qator aholi punktlarining nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. O‘shanda Qo‘chqor tumanidagi Bolshevik qishlog‘i Bayali Isakeyev, Manas tumanidagi Novodonetsk qishlog‘i Aytmatov, Oq-Suv tumanidagi Teploklyuchenka qishlog‘i Oq-Suv deb atalgan.








