Miniseriallar — so‘nggi yillarda ushbu formatda yuz bergan eng yaxshi yangilik. Syujet sakkiz faslgacha cho‘zilmaydi — faqat qiziqarli voqealar rivoji, kuchli qahramonlar va hafsalani pir qilmaydigan yakun bor.
“Yosh Sherlok”
1870-yillar, Oksford. Sherlok Xolms 19 yoshda: ilk ish, Moriarti bilan tanishuv, Sherlokni qamoqdan olib chiqayotgan akasi Maykroft va ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi onasi. Endi Leyn romanlari turkumining Gay Richi rejissyorligida suratga olingan, dinamik, hazilga boy va zerikishga yo‘l qo‘ymaydigan ekranlashtirilgan talqini hech kimni befarq qoldirmaydi.
Yuksak moda olami haqidagi detektiv triller. Bu olamda tashqi ko‘rinish allaqachon haqiqatdan muhimroq bo‘lib qolgan. Sara Kim — Seuldagi uslub timsoli, biroq uni hech kim ko‘rmagan. Kanalizatsiyadan jasad topilgach, detektiv Pak Mu Gyon ishni tergov qila boshlaydi va bir jumboqqa duch keladi: kvartiralar bo‘m-bo‘sh, do‘stlari yo‘q, shaxsi esa soxta. Olti qismdan iborat serial bu yolg‘onlar chigalini sekin-asta ochib beradi.
XX asrning eng go‘zal va fojiali muhabbat qissalaridan biriga bag‘ishlangan biografik serial. Kichik Jon Kennedi va Kerolin Bessett: 1996-yildagi maxfiy nikoh, paparatssilarning tinimsiz ta’qibi va 1999-yildagi aviahalokatda fojiali o‘lim. Serial bu qissani qahramonlar bilan birga boshdan kechirish imkonini beradi.
Psixologik triller sokin ingliz shaharchasidagi qotillik bilan boshlanadi-yu, tez orada bundan-da yirikroq voqeaga aylanib ketadi. Jurnalist qiz surishtiruv uchun o‘z ona shahriga qaytadi va jabrlanuvchi uning shaxsiy o‘tmishining bir qismi bo‘lganini anglab yetadi. Serial xotiraning aldamchiligi, uyat hissi va jamiyat o‘z sevimlilarini naqadar osonlik bilan quvg‘undiga chiqarishi mavzusini mohirona ochib beradi. Olti qism bir nafasda ko‘rib chiqiladi.
Supermarketdagi tasodifiy tanishuv... Oradan 56 kun o‘tgach, politsiya Oliverning xonadonidan tanib bo‘lmas jasadni topadi. Detektivlar qurbon kim-u, jinoyatchi kimligini aniqlashga urinayotgan bir paytda, ikkala bosh qahramon nafaqat o‘z sirlarini, balki shaxsini ham yashiradi. Voqealar rivoji ikki davr oralig‘ida kechadi va bu tomoshabinni so‘nggi daqiqagacha hayajonda ushlab turadi.
Samolyot halokatidan so‘ng bolakaylar tropik orolda kattalarsiz qolib ketadi. Ralf va Cho‘chqavoy tartib o‘rnatishga urinsa, Jek va uning tarafdorlari har qanday yo‘l bilan hokimiyatga intiladi.
Saymon Uilyams — Gollivud bilan g‘ayrioddiy qobiliyatlarini birga olib borishga urinayotgan aktyor va superqahramon. Kastinglar, raqobat, hamkasblarning ishonchsizligi va shaxsiy ikkilanishlar har qanday yovuz qahramondan ham qo‘rqinchliroq bo‘lib chiqadi. Serial janrning barcha qoliplari ustidan kulsa-da, ayni paytda qahramonning ichki ziddiyatlari: shuhratparastlik, yetarlicha yaxshi bo‘la olmaslik qo‘rquvi va o‘z o‘rnini topish kabi muammolarni samimiy tahlil qiladi.








