Daryo

Putin va Pezeshkiyon Islomoboddagi AQSH–Eron muzokaralarini muhokama qildi

Kremlga ko‘ra, Vladimir Putin Yaqin Sharqdagi mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyorligini bildirgan.

1 daqiqa o‘qish7 262 ko‘rishlar0 izoh4

Rossiya va Eron prezidentlari Vladimir Putin hamda Mas’ud Pezeshkiyon telefon orqali muloqot qilib, Yaqin Sharqdagi vaziyatning so‘nggi rivojini muhokama qildi, deb xabar bermoqda Kreml matbuot xizmati.

“Eron Prezidenti 11-aprel kuni Islomobodda bo‘lib o‘tgan Eron-Amerika muzokaralariga baho berdi hamda vaziyatni yumshatish(deeskalatsiya)ga qaratilgan, jumladan, xalqaro maydonlardagi Rossiyaning prinsipial pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildirdi. Mas’ud Pezeshkiyon, shuningdek, Rossiya tomonidan Eron xalqiga ko‘rsatilgan gumanitar yordam uchun ham tashakkur aytdi”, deyiladi xabarda.

Kremlning qayd etishicha, Vladimir Putin mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishda ko‘maklashishga, Yaqin Sharqda adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish yo‘lida vositachilik sa’y-harakatlarini davom ettirishga tayyorligini ta’kidlagan.

“Ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinayotganda, Rossiya va Eron o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada har tomonlama mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro intilish tasdiqlandi”, deb ta’kidlanadi rasmiy xabarda.

Kreml matbuot xizmati, shuningdek, Pezeshkiyon Vladimir Putinni va barcha Rossiya pravoslav xristianlarini Pasxa bayrami bilan tabriklaganini qo‘shimcha qildi.

11-aprel kuni Pokiston poytaxti Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan Eron va AQSH o‘rtasida 21 soat davom etgan muzokara natijasiz yakunlandi. AQSH vitse-prezident Jey Di Vens Eron Amerikaning shartlarini, jumladan, yadro qurolini ishlab chiqarmaslik talabini qabul qilmaganini aytdi. 

O‘z navbatida Eronning Tasnim axborot agentligi AQSHning “haddan ortiq” talablari kelishuvga erishishga to‘sqinlik qilganini va muzokaralar tugaganini ma’lum qildi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar