Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da yana oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Uchinchi marta. Albatta, bunda bizning ham qoʻlimiz bor, lekin soʻrovnomada qatnashish uchun ham eng yaxshi uch futbolchi orasiga kirib olish ham kerak. Bu esa tamoman Abduqodirning mehnati.
Uni oʻz paytida “Bunyodkor” rad etgani haqida koʻp yozishadi va baʼzida bu futbolimizga salbiy bahodek yangraydi – “ana, shunday zoʻr futbolchini oʻzimiznikilar payqay olishmagan ekan”. Aslida esa menimcha, bu aksincha, ijobiy jihat. Aytaylik, Messiga oʻxshagan talant dunyoning istalgan burchagida tugʻilib qolishi va uni “Barselona” oʻn yoshida payqab olib kelib, dunyoning eng yaxshi futbolchisiga aylantirishi mumkin. Noyob isteʼdod. Hamma gap ham shunda, Abduqodir Husanov noyob isteʼdod ham boʻlmaganki, oʻn olti yoshida uni oddiy klub rad etishi ham mumkin edi. Bu degani, birinchidan, har kim ham harakat qilsa shunday ertak qahramoni boʻlib qolish ehtimoli borligi, ikkinchidan, Husanov osmondan tushgan unikum emas, tizimdan tarbiyalanib chiqqaniga ishonish osonroq boʻladi. Bu yerda tizim deganda aynan akademiyalardagi ajoyib sharoitlar haqida emas, umuman bizda yetuk futbolchi chiqishi uchun baʼzi shartlarning hosil boʻlganida. Tabiiy yoʻl bilan. Batafsilroq tushuntiraman.

Yaqinda Italiya terma jamoasi muvaffaqiyatsizligi haqida maʼlumotlarni oʻrganayotganda tilga olingan bir jihat eʼtiborimni tortdi – Italiya futbolining Fransiya, Germaniya bilan solishtirilganda mamlakatda “getto futbol” yoʻqligi, boshqa davlatlar kabi sobiq mustamlakalardan tashrif buyurgan immigrantlarning nisbatan kamroq ekani ham rol oʻynagani aytilgan. Nima boʻpti deyishingiz mumkin. Ammo qachonki, futbol faqat qiziqish orqali shugʻullanadigan mashgʻulot emas, yashab qolish, hayot pogʻonalaridan koʻtarilish vositasi ham boʻlsa, munosabat ham, turli qiyinchilik va toʻsiqlarga sabr ham boshqacha boʻladi. Oddiy solishtirish, Argentinada bir necha mingga yaqin turli professional va havaskor futbol klublar, ularning maktablari bor ekan. Angliyada bu raqam 40 mingdan oshadi. Deyarli oʻn barobar farq. Shuningdek Angliya Yevropada ekan, professional futbolga yaqinroq boʻlib, davom ettirish ancha oson va tizimlashgan ekanini ham eʼtiborga oling. Lekin qarang, hozir Angliyadagi talantli futbolchilar Argentinadan koʻp deya aniq ayta olmaymiz, toʻgʻrimi?
Sababi, Angliyada deyarli hamma futbol akademiyasiga boraveradi, maʼlum vaqt oʻtgach, tashlab, boshqa sohalarga kirib ketishi mumkin. Tanlovlar juda koʻp, hech kim, hayot ham ularga “futbol yoki hech narsa” deb bosim qilmaydi. Shuning uchun ham Argentinada kamroq bola professional futbol maktablarida shugʻullansa-da, foiz eʼtibori bilan ularning bu olamda yashab ketish ehtimoli ham, ularning istagi ham juda katta boʻladi.
Yaqinda rossiyalik hujumchi Roman Pavlyuchenkoning podkastlardan birida aytgan gapiga koʻzim tushdi:
- Meni aslida “ Tottenhem” juda koʻp chaqirgan, uch toʻrt marta Moskvaga kelishgan ham, — eslaydi u, — ammo toʻgʻrisi, borishga qoʻrqqandim. “Spartak”da oʻynayapman, muxlislar meni yaxshi koʻrishadi, maoshim yaxshi, gollar urib turibman, buni oʻzgartirish menga nega kerak? Notanish jamoa, notanish shahar, tilni ham bilmayman.
Keyinchalik Roman baribir “Tottenhem”ning taklifini qabul qilib, u yerda ancha yaxshi yillar oʻtkazgan boʻlsa-da, oʻsha davrda juda koʻp rossiyalik futbolchilar qarshisida mana shu dilemma turgan. Yevropada kuchliroq raqobat, kattaroq maqsadlar uchun ter toʻkish yoki “Zenit”, “Spartak”lardagi komfort zonada qolish. Muhimi, hatto Rossiyada koʻproq pul toʻlashardi ham. Xuddi shunday holat bizda ham, “Bunyodkor” davrida ham kuzatilganini eslasangiz kerak. Bu yerdagi sharoitlar boshqa ligalarga oʻtib legioner boʻlishdan koʻra yaxshiroq edi, tabiiyki, aksariyat futbolchilar Toshkentni tanlashgan. Ularni bu tanlov uchun ayblash ham qiyin, umuman mentalitet, futbolga boʻlgan munosabat yoshlarda, eski avlodda sal boshqacha boʻlgan, nazarimda.

Avval futbol bilan shugʻullangan, ayniqsa, toʻqsoninchi yillardagi avlod bilan hozirgilarda mohiyatan, bu oʻyinga boʻlgan munosabat nuqtayi nazaridan katta farq bor. U paytda oʻzim ham bolalikda futbol maktablariga qatnaganman, turli yoshdagi musobaqalarda oʻynaganman. Bilasizmi, u paytlarda farzandini futbol bilan muntazam shugʻullanishga qoʻyib beradigan oilalar boshqacha, biroz erkinroq boʻlib, aksincha, aksariyat oʻzbek oilalarda bu masalaga unchalik jiddiy qaralmasdi. Kimdir Mirjalol Qosimov kabi rad qilib boʻlmas isteʼdod bilan otilib chiqsa, xoʻp, lekin kelajak, kasb sifatida futbolchilikni tanlashni tasavvur qilish qiyin, yaʼni futbol bilan sevimli mashgʻulot boʻlib, mabodo hammasi oʻxshab, bundan yaxshi pul topishni boshlasa, ayni muddao, tamom. Oʻrtacha oʻzbek bolasidan asosan mehnat va boqadigan kasbga ega boʻlish, oʻqish yoki biror hunar egasi boʻlish talab qilinardi.
Oʻz navbatida bu qarashning salbiy jihatlari ham bor. Futbol shunchaki, koʻngilochar mashgʻulot, ham oʻynab, ham biroz pul topib yurish yetarli, deb qaralganda, yuqorida Italiya misolida tilga olingandek, maqsadlar katta qoʻyilmaydi. Birdaniga yaxshi klubga oʻtib, avvalgidan koʻproq pul topa boshlagach, turli yomon odatlarga berilib ketganlarni ham, bitta mashinani sovgʻa qilib olgach, umuman yoʻqolib ketganlarni ham koʻrdik.Bugungi yetishib chiqayotgan yoshlar biroz boshqacha. Husanov bilan ishlagan qozogʻistonlik agentning gaplarini eslang:
“Husanov bu haqiqiy topilma. Yomon odatlari yoʻq, aytilgan ishni qiladi, qachon aytilsa oʻsha paytda dam oladi, shugʻullanadi. Chizib bergan chizigʻingda intizom bilan harakat qiladi. Uni kechasi turli klublarda izlab yurib, tepasida turib tarbiyalashingga hojat yoʻq”.

Xuddi shunga yaqin fikrni Pep Gvardiola ham aytgandi. Manchesterdagi dastlabki oylari aynan Husanovning intizomi, futboldan boshqa narsalarni oʻylamasligi koʻproq gapirilgan. Tabiiyki, ikki yilda Belarus chempionatidan Angliyaga sakragan har qanday, hatto yevropalik futbolchilarning ham boshi aylanib qolishi turgan gap, manchesterliklar avvalo, shu faktordan qoʻrqqan. Buning butunlay aksi boʻlishi esa hatto Pep Gvardiolani ham hayratiga sabab boʻlgan. Ishonavering, bu faqat Husanovga xos emas, yangi avlod futbolchilarimizning aksariyatida aynan shunday munosabatni koʻrish mumkin. Futbol rostan ham turmushda yuqori darajaga chiqishning real vositasiga aylangan va buni oilalar ham tushunib turibdi. Farzandini futbolchi qilish uchun bor imkoniyatini ishga solayotgan juda koʻp otalarni taniyman.
Bilasizmi, bu holat faqat futbolda emas, parallel tarzda boshqa sohalarda ham kuzatilayotgani jarayonning qonuniyatga ega ekanini tasdiqlaydi. Masalan, oliy maʼlumotli boʻlish, institutda oʻqishni olaylik. Avvallari, oʻqimishli oila va mehnatkash oilasi degan tabaqalanish boʻlardi. Oʻqigan odamning farzandi koʻpincha oʻqir, oliy maʼlumot maʼlum toifaga kerak boʻladigan jihatdek koʻrinardi. Futbolda ham shu, qarasangiz, futbolchilarning farzandi futbolchi, bu bilan jamiyatning kichik boʻlagi professional shugʻullanardi xolos.
Keyin “oʻqishda oʻqish” urfga aylandi. Katta ishlarda ishlash, yaxshi kiyimlar kiyib kabinetlarda oʻtirish odamlarga yoqa boshladi. Puli bor insonlar qancha berib boʻlsa ham farzandini oʻqishga kiritishga urindi. Futbolda ham shunday, futbolchi boʻlish qandaydir moda boʻlgach, eslasangiz, turli futbol akademiyalarga pul koʻtarib boradigan otalar, “falon dollar bermasang futbol maktabiga olishmaydi” maʼnosidagi gap-soʻzlarni ham koʻp eshitardik.
Hozir keyingi bosqichdamiz va yuqoridagi ikki holatni uchratmaysiz. Oliygohlarda oʻqish uchun katta pullar emas bilim kerakligini, aks holda shunchaki diplom hech narsani hal qilmasligini koʻpchilik tushundi. Har qanday oila, hatto eng boylarni qarasangiz ham yoshligidan farzandini yaxshiroq maktabga berish, bilimliroq qilishga harakat qilayotgandek. Xuddi shu tarz futbolda ham, endi ota-onalar bolasini pul bilan jamoalarga, maktablarga tiqishga urinmayapti, aksincha, vaziyatni real baholashga urinmoqda. Endi futbolchi boʻlish shunchaki urf emas, sevimli mashgʻulot emas, rostan ham ijtimoiy, iqtisodiy koʻtarilish uchun bir pillapoya sifatida koʻrilayotgani, mabodo bolada rostan ham isteʼdod boʻlsa, bu albatta yuzaga chiqishiga ishonch borligi quvonarli. Tabiiyki, bunda Husanovning ham katta taʼsiri bor.
“Futbol bu koptok orqasidan yuguradigan tentaklarning ishi”dan “Futbolchi boʻlish uchun soqqang boʻlishi kerak”ga oʻtib, endi esa “Agar isteʼdoding boʻlsa, mehnat va sabr qilsang, albatta bu yuzaga chiqadi”ga ham yetib keldik.
Eng muhimi biz bunga tabiiy yoʻllar bilan keldik. Bizni tabriklayman.








