Daryo

Janubiy Koreyada aholiga bazaviy bepul internet taqdim etiladi

Foydalanuvchilar oylik limit tugaganidan keyin ham xabar yuborish, navigatsiya va boshqa muhim raqamli xizmatlardan foydalana oladi.

2 daqiqa o‘qish7 110 ko‘rishlar0 izoh9

Janubiy Koreya hukumati mamlakatdagi barcha LTE va 5G mobil tarif rejalari uchun yangi talabni joriy etmoqda. Unga ko‘ra, foydalanuvchining oylik trafik limiti tugaganidan keyin ham bazaviy ma’lumotlar uzatish xizmati to‘xtatib qo‘yilmaydi. Bu haqda mamlakat Fan va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligining 9-aprel kungi ma’lumotiga tayanib Korea Bizwire xabar berdi.

Yangi siyosatga muvofiq, Janubiy Koreyaning uchta yirik mobil aloqa operatori barcha tariflarga narxlarni oshirmagan holda “ma’lumotlar xavfsizligi opsiyasi”ni qo‘shadi. Limit tugagach, foydalanuvchilar 400 Kbit/s tezlikda internetdan foydalanishda davom etishi mumkin bo‘ladi. Bu tezlik xabarlar yuborish (messenjerlar), navigatsiya va boshqa muhim raqamli xizmatlar uchun yetarli hisoblanadi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, ushbu islohot sun’iy intellekt davrida mobil internetga kirish huquqi insonning asosiy ehtiyoji ekanini ifodalaydi. Hukumat 2025-yildan beri aloqa xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha operatorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Sohadagi prognozlarga ko‘ra, ushbu chora, taxminan, 7,2 million foydalanuvchiga foyda keltirib, aholining aloqa xarajatlarini yiliga 322 milliard von (taxminan, 240 million dollar)ga qisqartiradi.

Keksalar (65 yosh va undan yuqori) uchun alohida imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, 1,4 millionga yaqin keksalar cheksiz ovozli qo‘ng‘iroqlar va SMS xizmatidan foydalanadi. Bu esa ushbu qatlamning yiliga jami 59 milliard von mablag‘ini tejashiga yordam beradi.

Islohot doirasida murakkab narxlash tizimi ham soddalashtiriladi. LTE va 5G uchun alohida tariflar birlashtiriladi, yoshlar va qariyalar uchun imtiyozlar alohida obuna talab qilmasdan, avtomatik tarzda qo‘llanadi. Natijada amaldagi 250 taga yaqin tarif rejalari soni yarmidan ko‘proqqa qisqarishi kutilmoqda.

Shuningdek, 5G tarmog‘i uchun 20 ming von (taxminan, 15 dollar) atrofidagi yangi arzon boshlang‘ich tarif joriy etiladi.

Hukumat ushbu o‘zgarishlarni oktyabr oyida ishga tushadigan “Eng yaxshi tarif haqida bildirishnoma” tizimi bilan bog‘lamoqda. Tizim har bir foydalanuvchining sarf-xarajat modelidan kelib chiqib, u uchun eng mos va tejamkor tarifni tavsiya qiladi.

Rasmiy Seul ushbu o‘zgarishlarni mobil aloqani muhim ijtimoiy xizmat sifatida tan olish va fuqarolarning aloqaga bo‘lgan asosiy huquqini kafolatlash yo‘lidagi qadam deb baholamoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar