Daryo

Davlat korxonalarini isloh qilish muhim — OTB Oʻzbekiston iqtisodiyoti boʻyicha hisobot berdi

Mamlakat uchun JSTga aʼzo boʻlish orqali iqtisodiyotning tarkibiy oʻzgarishini tezlashtirish zarurligiga urgʻu berilgan. Joriy yilda respublika YIM 6,7 foiga oshishi prognoz qilingan.

2 daqiqa o‘qish4 089 ko‘rishlar0 izoh3

Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining asosiy muammosi — davlat korxonalarini isloh qilish va Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish orqali iqtisodiyotning tarkibiy oʻzgarishini tezlashtirish boʻlib qolmoqda. Bu haqda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) mamlakat iqtisodiyoti boʻyicha tahliliy hisobotida maʼlum qildi. 

Xalqaro moliya instituti “Daryo”ga taqdim etgan mazkur hisobotda JSTga aʼzolik iqtisodiyot rivojiga kuchli turtki berishi mumkinligi qayd etilgan.

“JSTga aʼzo boʻlish islohotlarni mustahkamlash, raqobatbardoshlikni oshirish, eksportni diversifikatsiya qilishni kengaytirish va yuqori sifatli investitsiyalarni jalb qilishga yordam berishi kutilmoqda. Davlat korxonalari islohotlarini chuqurlashtirish, qoidalarni modernizatsiya qilish va bozor raqobatini rivojlantirish oʻrta muddatli istiqbolda unumdorlikka asoslangan oʻsishni saqlab qolish uchun juda muhimdir,” deyiladi tahlilda.

OTB Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 6,7 foizga, 2027-yilda esa 6,8 foizga oʻsishini prognoz qilmoqda. Mazkur kutilmalar dunyodagi yuqori noaniqlik sharoitida va Yaqin Sharqdagi mojaroni erta barqarorlashtirish ssenariysini nazarda tutuvchi taxminlarga asoslangani bildirilgan. Hisobotda 2025-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti yuqori darajada, yaʼni 7,7 foizga oʻsgani olqishlangan. 

“Oʻzbekiston keyingi ikki yilda kuchli ichki talab, yuqori darajadagi investitsiyalar va davom etayotgan tarkibiy islohotlar bilan qoʻllab-quvvatlanadigan kuchli iqtisodiy mavqega ega boʻldi. Islohotlar va fiskal intizom tashqi noaniqlik sharoitida iqtisodiyotning barqarorligini oshirdi. Kelgusidagi vazifa esa xususiy sektor yetakchiligidagi yanada unumdor oʻsishga oʻtishdan iborat”, deya fikr bildirgan OTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya.

Tahlilda oʻtgan yili respublikada uy xoʻjaliklari real daromadlari 9,2 foizga oshgani, umumiy investitsiyalar esa 10,5 foizga oʻsgani keltirilgan. Inflyatsiya kutilganidan tezroq pasayib, 2024-yildagi 9,8 foizdan 2025-yilda 7,3 foizgacha tushgani qayd etilgan.

“Bu esa qattiq pul-kredit siyosati, valyuta kursining oʻsishi va xarajatlar bosimining yumshatilishini aks ettiradi. Inflyatsiya pasayishda davom etib, 2026-yilda 6,5 foizga yetishi va 2027-yilga kelib markaziy bankning oʻrta muddatli 5 foiz maqsadiga yaqinlashishi kutilmoqda”, deyiladi hisobotda.

OTB tartibga solinadigan energiya tariflari va oziq-ovqat taʼminoti xavflariga tuzatishlar kiritilishi inflyatsiyani vaqtincha pasaytirishi mumkinligini qayd etgan.

Yevrosiyo taraqqiyot banki ham 2026-yilda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,7 foizga oshishini prognoz qilgandi. Hozirda mamlakat jahon iqtisodiy erkinlik reytingida 86-oʻrinni egallab turibdi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar