The Heritage foundation 2026-yilgi jahon iqtisodiy erkinlik indeksini eʼlon qildi. Oʻzbekiston mazkur reytingda 60,3 ball toʻplab, dunyo boʻyicha 86-oʻrinni egalladi.
Mamlakatning mazkur koʻrsatkichi 2025-yildagiga nisbatan 2,3 punktga yaxshilangan. Natijada respublika ilk bor “oʻrtacha darajada erkin” toifasiga kiritilgan. Umumiy olganda, 2026-yilgi iqtisodiy erkinlik indeksida oʻrtacha daraja 59,9 ballni tashkil etgan.
Reytingda Oʻzbekistonga savdo erkinligi boʻyicha 80,6 ball, investitsiya erkinligi yoʻnalishida 70 ball berilgan. Har ikkala koʻrsatkich ham mos ravishda jahon oʻrtacha darajalari — 70,2 va 53,4 balldan yuqori shakllangan.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tahliliga qaraganda, O‘zbekistonning xalqaro indekslardagi ijobiy bahosi asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi bilan ham tasdiqlanadi. Masalan, mamlakat tashqi savdo aylanmasi 2023-yildagi 63,5 milliard dollardan 2025-yilda 81,2 milliard dollarga oshgan (+27,8 foix). Xususan, eksport hajmi 24,9 milliard dollardan 33,8 milliard dollarga koʻpaygan (+36 foiz).
Asosiy kapitalga kiritilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 2023-yildagi 201,7 trillion soʻmdan (taxminan 15,9 milliard dollar) 2025-yilda 422,1 trillion soʻmga (taxminan 33,2 milliard dollar) yetgan (+109,3 foiz).
Joriy yilning yanvar–fevral oylarida ham tashqi iqtisodiy faollik yuqori surʼatlarda kechmoqda. Yaʼni respublika tashqi savdo aylanmasi ikki oyda 11,6 mlrd dollarga yetgan. Bu koʻrsatkich 2025-yil mos davriga nisbatan 7,1 foizga yuqori. Biroq oʻsish import hisobiga yuz bergan. Xorijga oltin sotilmagani hisobiga eksport ulushi 23,4 foizga kamaydi.








