Daryo

Eronda qolib ketgan AQSHning qiruvchi samolyoti uchuvchisi qanday qutqarildi?

Eron AQSH harbiy-havo kuchlarining F-15 qiruvchi samolyotini urib tushirdi va ekipaj a’zolaridan biri Eron hududida deyarli ikki kun faqat to‘pponcha bilan qurollangan holda qolib ketdi. U qanday qutqarildi? Murakkab operatsiyaning barcha tafsilotlari.

4 daqiqa o‘qish41 872 ko‘rishlar0 izoh17

AQSH Harbiy-havo kuchlari ofitseri qanday qilib Eronda qolib ketdi?

3-aprel, juma kuni Eronni bombardimon qilish operatsiyasida qatnashayotgan F-15E Strike Eagle qiruvchi samolyoti Eron kuchlari tomonidan o‘qqa tutildi. Ikkala ekipaj a’zosi — uchuvchi va qurol tizimlari operatori samolyot qulashidan oldin katapulta qilishga ulgurdi.

The New York Times gazetasining yozishicha, uchuvchilar Eronning janubi-g‘arbiy qismidagi Eronning amaldagi hukumatiga qarshi kuchli qarshilik mavjud bo‘lgan chekka tog‘li hududga parashyut bilan sakrashga muvaffaq bo‘lishdi. Qo‘ngandan so‘ng ikki ofitser bir-biri bilan xavfsiz aloqa tizimi orqali bog‘lanishdi va geolokatsiyalarini uzatish uchun favqulodda mayoqlarini ishga tushirishdi.

Bu voqea AQSH Harbiy-havo kuchlarining obro‘siga og‘riqli zarba bo‘ldi: fevral oyi oxirida Birinchi jahon urushi boshlanganidan beri birinchi marta va butun dunyo bo‘ylab 20 yildan ortiq davom etgan jangovar operatsiyalarda birinchi marta — Amerika F-15 samolyoti dushman tomonidan urib tushirildi (1-mart kuni Kuvayt Eron raketalarini urib tushirish jarayonida adashib uchta AQSH samolyotiga o‘q uzgandi). Ammo harbiy uchuvchilarning Eron tomonidan qo‘lga olinishi Vashingtonga yanada katta zarar yetkazgan bo‘lar edi.

Shu sababli, Amerika siyosiy va harbiy rahbariyati keng ko‘lamli qutqaruv operatsiyasini boshladi. Uchuvchi tezda topildi va bir necha soat ichida muvaffaqiyatli evakuatsiya qilindi. Axios o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Eron ushbu operatsiya davomida Amerikaning Blackhawk vertolyotiga hujum qildi. Ekipaj a‘zolari jarohat oldi. Shunga qaramay vertolyot parvozni davom ettira oldi va Eron harbiylari nazorat qilmaydigan xavfsiz hududga yetib bordi.

Foto: The War zone

Biroq AQSH havo kuchlarining ikkinchi ofitserini qidirish va evakuatsiya qilish bir kundan ortiq davom etdi.

Eronda qolib ketgan ofitser qanday qutqarildi?

Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH havo kuchlari polkovnigi bo‘lgan ofitser katapulta paytida jarohat olgan va yordam kelguncha tog‘ bag‘rida yashiringan. Shu yerdan turib o‘zining joylashuvini AQSH bazasiga uzatgan. Ofitserning yonida qurollardan faqatgina bitta to‘pponcha bo‘lgan, xolos.

Ko‘plab Amerika va xorijiy OAVdagi manbalarga ko‘ra, qutqaruv o‘zining ko‘lami va tezligi jihatidan noyob deb atalishi mumkin. AQSH maxsus operatsiya kuchlari ofitserni Erondan qutqarish bo‘yicha sa‘y-harakatlarni muvofiqlashtirdi. Maxsus kuchlar Eron hududining ichkarisiga kirib borishi kerak edi.

Operatsiyada yuzlab askarlar, o‘nlab jangovar samolyotlar va vertolyotlar, shuningdek, kiberxavfsizlik, kosmik va boshqa razvedka vositalari ishtirok etdi. Donald Tramp hatto F-15 uchuvchisini qidirish uchun Erondagi boshqa harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatdi.

Qidiruv operatsiyasida ishtirok etgan A-10 Warthog hujum samolyoti ham 3-aprel, juma kuni Eron tomonidan urib tushirildi. Biroq yana bir askarning qo‘lga olinishi xavfi bartaraf etildi: Warthog uchuvchisi Fors ko‘rfazi ustida katapulta qildi va muvaffaqiyatli qutqarildi, deb xabar berdi CBS News.

Eron harbiylari amerikaliklardan oldinroq uchuvchini qo‘lga olishga uringanlarida, AQSH havo kuchlarining hujum samolyotlari qidiruv hududiga bir nechta bomba tashlashga va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kuchlariga qarata o‘t ochishga majbur bo‘ldi. Operatsiya bilan tanish bo‘lgan ikki sobiq yuqori martabali harbiy amaldorning so‘zlariga ko‘ra, AQSH kuchlari urib tushirilgan ofitserga yaqinlashganda, ular va eronliklar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri kichik qurolli janglar bo‘lib o‘tgan.

Foto: X ijtimoiy tarmog‘i

Oxir-oqibat, AQSH maxsus kuchlari guruhi birinchi bo‘lib o‘z ofitseri yoniga yetib borishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo qutqaruvning so‘nggi bosqichlarida kutilmagan muammolar yuzaga keldi: qutqaruvchilar va uchuvchini xavfsiz joyga olib borishi kerak bo‘lgan ikkita transport samolyoti Erondagi chekka bazada shikastlandi. Shundan so‘ng operatsiya qo‘mondonligi tezda yana uchta yangi samolyotni jo‘natishga qaror qildi. Ikki shikastlangan samolyot Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘liga tushib qolishining oldini olish uchun portlatib yuborildi.

CBS News manbalariga ko‘ra, uchta qutqaruv samolyoti oxir-oqibat Erondan Kuvaytga xavfsiz yetib olgan. Missiya 4-aprel kuni yarim tunga yaqin yakunlandi va barcha Amerika kuchlari Eron havo hududini tark etdi. Qutqarilgan ofitser hozirda tibbiy yordam olmoqda.

Operatsiyada yana kim yordam bergan?

Uchuvchini qutqarishda Markaziy razvedka boshqarmasi ham bevosita ishtirok etgan. Agentlik dezinformatsiya kampaniyasini boshlab, Eron ichida Amerika kuchlari ofitserni allaqachon topib, uni evakuatsiya qilayotgani haqida mish-mishlar tarqatdi.

Aslida, Markaziy razvedka boshqarmasi askarni tog‘ bag‘ridagi joylashuvini aniqlab, uni Pentagon va Oq uyga yetkazgandi.

Foto: Google Images

Iran International maʼlumotlariga ko‘ra, Isroil ham operatsiyada Amerika harbiylariga yordam bergan. Yordamga ikkita maxsus kuchlar bo‘linmasi — Shaldag (Isroil havo kuchlari maxsus kuchlari) va Sayeret Matkal (Isroil armiyasi Bosh shtabi maxsus kuchlari) jalb qilingan.

Donald Trampning o‘zi va uning yuqori lavozimli amaldorlari qutqaruv operatsiyasini Vashingtondagi vaziyat markazidan kuzatib borishgan. Prezident ofitserning qutqarilganini o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmoq akkauntida tasdiqladi va uni “AQSH tarixidagi eng yaxshi qidiruv-qutqaruv operatsiyalaridan biri” deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH havo kuchlari polkovnigi “yaralangan, ammo u tez orada tuzalib ketadi”:

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar