Xitoyning Sichuan provinsiyasida 2022-yilda uch nafar qishloq aholisi yerlarining tortib olinishi va uylaridan majburan ko‘chirilishi sababini so‘rab mahalliy hokimiyatga murojaat qilgan. Ularga qisqacha bu “davlat siri” ekani aytilgan. CNN surishtiruvi bu “sir” Xitoyning yadro dasturini kengaytirish bo‘yicha maxfiy rejalariga aloqador ekanini aniqladi.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, aholi ko‘chirilganidan uch yildan ortiq vaqt o‘tgach, qishloq butunlay tekislangan. Uning o‘rnida Xitoyning muhim yadroviy qurol ishlab chiqarish obyektlariga xizmat qiluvchi yangi inshootlar qurilgan.
Sichuandagi obyektlarning kengayishi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va Xitoy hukumatiga oid hujjatlar tahlili bilan tasdiqlangan. Bu Pekin so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik yadro modernizatsiyasi dasturini amalga oshirayotganidan dalolat beradi.
AQSH prezidenti Donald Tramp may oyida Pekinga tashrif buyurishi kutilmoqda. Safar davomida Xitoy rahbari Si Szinpin bilan yadroviy qurollanishni cheklash masalasi muhokama qilinishi mumkin. 2026-yil boshida AQSH va Rossiya o‘rtasidagi qurollarni qisqartirish bo‘yicha kelishuv muddati tugagan, Tramp esa Xitoyni ham qamrab oladigan yangi bitim tuzishga intilmoqda.
Biroq Sichuandagi obyektlarda kuzatilayotgan o‘zgarishlar Xitoy armiyasining yadro dasturi jadallashib borayotganini ko‘rsatadi. Hududdagi eng yirik yangi inshootlardan biri Tongjiang daryosi bo‘yida qurilgan “906” nomli obyektidir. Xitoy hukumati hujjatlarida “XTJ0001” loyihasi deb qayd etilgan, taxminan 36 ming kvadrat fut (13 ta tennis korti hajmida) maydonni egallagan bu inshoot beton va po‘lat konstruksiyalar bilan mustahkamlangan. U radiatsiyani nazorat qilish tizimlari va portlashga chidamli eshiklar bilan jihozlangan.

Mutaxassislar fikricha, obyekt yuqori darajada radioaktiv materiallar — uran va plutoniy bilan ishlashga mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin. U yadro bazasi hududida joylashgan bo‘lib, uch darajali xavfsizlik devori bilan o‘ralgan. Yaqinida esa tog‘ ichiga kirib ketuvchi tunnel mavjud.
Mazkur obyekt 1971-yilda AQSH razvedkasi tomonidan aniqlangan va o‘shandan beri yadro qurollari ishlab chiqarishga aloqador hisoblanagan. CNN tahliliga ko‘ra, hozir bu hududda yangi binolar va yer osti inshootlari paydo bo‘lgan.
Yana bir ishlab chiqarish obyekti “931” boʻlib, uning kengayishi sababli Baytu va Dashan qishloqlari butunlay buzib tashlangan. Tahlillarga ko‘ra, Zitong tumani atrofidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar 2021-yilda boshlangan. Bu Xitoy yetakchisi Si Szinpinning harbiy rahbariyatga “yuqori darajadagi strategik tiyib turish salohiyatini tezlashtirish” bo‘yicha topshiriq berganidan bir necha oy o‘tib yuz bergan.
Modernizatsiya jarayonining yana bir dalili sifatida Zitong obyektlaridan taxminan 64 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan ilmiy-tadqiqot institutlarining keng ko‘lamli qayta qurilishi ko‘rsatilmoqda. “Ilmiy shahar” deb ataluvchi ushbu hudud Xitoy yadro dasturining “miyasi” hisoblanadi. 2022-yilda yangi kampuslarni qurish uchun u yerdagi 600 dan ortiq bino buzib tashlangan.








