Daryo

Hindiston yetti yildan beri ilk bor Erondan neft xarid qildi

Tomonlar AQSH bosimi bilan 2019-yili energetika sohasida hamkorlikni to‘xtatgan edi. Biroq Hormuz bo‘g‘ozi yopilgach, Oq uy narxlarni barqarorlashtirish uchun Eron neftiga nisbatan cheklovlarni vaqtincha yumshatdi.

1 daqiqa o‘qish10 471 ko‘rishlar0 izoh7

Yaqin Sharqdagi mojaro energetika bozorida beqarorlikni kuchaytirayotgan bir vaqtda dunyoning uchinchi eng yirik neft importchisi hamda iste’molchisi hisoblangan Hindiston Erondan qora oltin xarid qildi. Bu haqda mamlakat neft vazirligiga tayanib Al Jazeera telekanali ma’lum qildi. 

Ma’lum bo‘lishicha, hindlar so‘nggi yetti yildan beri ilk bor Eron neftini xarid qilmoqda. Mamlakat 2019-yili AQSH bosimi sabab Tehron bilan energetika borasida hamkorlikni to‘xtatgan edi. Ammo Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi vaziyatni o‘zgartirdi.

“Yaqin Sharqdan ta’minot uzilishi bilan bog‘liq sharoitda Hindiston neftni qayta ishlash korxonalari o‘z ehtiyojlari uchun xomashyoni Erondan ham, boshqa davlatlardan ham sotib olishi mumkin. To‘lov bilan bog‘liq hech qanday to‘siq yo‘q”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Avvalroq Qo‘shma Shtatlar energetika bozorida narxlarni barqarorlashtirish uchun tankerlarga ortilgan Eron neftiga qo‘yilgan barcha sanksiyalarni vaqtincha bekor qilgandi. Hind rasmiylariga ko‘ra, mamlakat yaqin oylar uchun zarur bo‘lgan xom neft zaxirasini to‘liq shakllantirib bo‘lgan.

Hindiston yonilg‘i quyish shoxobchalarida yuzaga kelgan navbatlar
Foto: Upstox

“Hindiston 40 dan ortiq davlatdan neft import qiladi, kompaniyalar esa tijoriy manfaatlardan kelib chiqib turli manbalar va hududlardan neft sotib olishda to‘liq erkinlikka ega”, deb qo‘shimcha qilinadi bayonotda.

Hind korxonalari, bundan tashqari, Erondan 44 ming tonna suyultirilgan gaz ham xarid qilgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ular mart oyi boshida mamlakatning g‘arbiy qismidagi Mangalor portiga yetib kelgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar